Har yili avgust oyining ikkinchi yakshanbasida mamlakatimiz qurilish sohasi xodimlari kasb bayramini nishonlaydi. Bu gal ham ushbu sanani mamlakatimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirib, hayotimizning yanada obod va farovon, fayzli bo‘lishiga xizmat qiluvchi ezgu ishlar bilan kutib oldik. Prezidentimizning bayram munosabati bilan yo‘llagan tabrigida e’tirof etilganidek, obod shaharlar, qishloq va mahallalar, yangi uy-joylar, yirik strategik ob’yektlar, zamonaviy korxonalar, ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmalarni qurilish sohasi ishtirokisiz tasavvur etolmaymiz.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bugungi kunda uy-joylar, turli bino va inshootlar bilan birga hududlarimizda ijtimoiy infratuzilma ob’yektlari, ko‘cha va maydonlar, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ta’lim, tibbiyot muassasalari, bog‘ va xiyobonlar, favvoralar, bolalar maydonchalari, dam olish maskanlari qurilayotgani odamlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratmoqda.
Tabrikda alohida qayd etilganidek, so‘nggi 9 yilda yurtimizda 210 million kvadrat metrdan ziyod bino va inshootlar barpo etildi. Shu davrda 647 mingta kvartiraga ega bo‘lgan uy-joylar bunyod etildi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida 135 mingta kvartira foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, joriy yilda yana 140 mingta yangi kvartira qad rostlashi belgilangan. 2040-yilgacha yiliga 280 mingta uy-joy qurish, “Yangi O‘zbekiston” massivlari sonini 61 tadan 120 taga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bularning barchasi, keyingi yillarda yaratilayotgan sharoitlar, berilayotgan imkoniyatlar tufayli sohada sog‘lom raqobat muhiti shakllanganining mevasidir.
Quvonarli jihati, ob’yektlarni loyihalashtirish va qurishda innovatsion yechimlar, zamonaviy loyihalar hamda yangi ilmiy-texnikaviy ishlanmalardan foydalanilyapti. Bular bunyodkorlik ishlarining sifat darajasini oshirish bilan bir qatorda binolar va inshootlarning dizaynini yaxshilab, zamon talablariga mosligini oshirayotir.
Qurilish tarmog‘idagi ulkan ishlar avvalo inson qadrini ulug‘lash, uning hayotiy manfaatlarini ta’minlashga qaratilmoqda. Ya’ni ushbu zamonaviy inshootlar tufayli qanchadan qancha maktablar, bolalar bog‘chalari, ravon yo‘llar, poliklinikalar va boshqa shu kabi infratuzilmalar odamlarimizga qulaylik yaratish maqsadida barpo etilayotganini alohida e’tirofga loyiq.
Bugun qurilish, qurilish materiallari sanoati va ularga yondosh tarmoqlarda 3,5 milliondan ziyod kishi mehnat qilayotgani sohaning iqtisodiyot va aholi bandligidagi o‘rni qanchalik katta ekanini ko‘rsatadi. Ayni paytda qurilishning o‘zi ham yangi kasbiy ko‘nikmalarni talab qilmoqda. Raqamli loyihalash, zamonaviy qurilish materiallari, energiya tejamkor yechimlar, avtomatlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarining kirib kelishi mutaxassislardan doimiy ravishda bilim va mahoratini oshirib borishni talab etmoqda.
Prezidentimizning bayram tabrigida ham soha xodimlarining bilim va tajribasini oshirish, kasb mahoratini yuksaltirish, ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgani bejiz emas. Zero, qurilishning ertangi natijasi bugungi mutaxassisning bilimi, tajribasi va mas’uliyatiga bevosita bog‘liq.
Qurilishning yana bir muhim jihati shundaki, uning natijasi asrlar davomida o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Mamlakatimizda barpo etilayotgan Islom tsivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Burhoniddin Marg‘inoniy turizm markazi kabi inshootlar buning yaqqol misolidir. Ularda zamonaviy me’morlik va muhandislik yechimlari bilan birga, xalqimizning boy tarixi va ma’naviy merosiga bo‘lgan ehtirom ham mujassam.
Shu ma’noda davlatimiz rahbarining Qurilish sohasi xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida quruvchi, me’mor, muhandis, loyihachi, mashinist va mexaniklar, soha faxriylarining mehnatiga alohida ehtirom bildirilgani mamlakatimiz taraqqiyotiga o‘zining mashaqqatli, ammo sharafli mehnati bilan hissa qo‘shayotgan bunyodkor insonlarga bildirilgan yuksak hurmat ifodasidir.
Quruvchilik kasbining qadri shundaki, uning samarasi odamlar hayotida namoyon bo‘ladi. Qad rostlagan uyda oila, maktabda bolalar, korxonada ishchilar o‘z faoliyatini davom ettiradi. Shu ma’noda quruvchining mehnati bir kunlik emas, balki uning natijasi yillar davomida xalqimizga xizmat qiladi.
Shu bois, bu kasb egalarini qancha alqasak, ehtirom ko‘rsatsak, shuncha kam. Yangi O‘zbekiston obodligi va farovonligiga o‘z bilimi, mahorati va halol mehnati bilan hissa qo‘shayotgan barcha bunyodkorlarga mustahkam sog‘liq, kuch-g‘ayrat va xonadonlariga fayz-u baraka tilaymiz.