Tibbiyot sohasidagi amaliy islohotlar

Jonajon Vatanimizning mustaqil davlat sifatida jahonga yuz tutganiga 35 yil bo‘ldi. Bosib o‘tilgan tarix uchun qisqa ammo zalvorli ishlar qilingan yo‘lga nazar tashlar ekanmiz, barcha sohalar qatori, tibbiyot sohasidagi o‘zgarishlar ham alohida e’tiborga loyiq. Ayniqsa, so‘nggi o‘n yillik mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi uchun tub burilish davri bo‘ldi, deb ishonch bilan ayta olamiz. Ochig‘i bu davrda tibbiyot tizimiga munosabat tubdan o‘zgardi.

Bu o‘zgarish va islohotlar nimalarda aks etadi? Ilgari qishloqda yashayotgan bemor murakkab tekshiruv uchun viloyat markaziga, ba’zan esa poytaxtga borishga majbur bo‘lgan, bugun esa yuqori texnologiyali diagnostika va davolash usullarining katta qismi hududlarning o‘zida bajarilmoqda.


So‘nggi yillarda tibbiyot sohasiga 230 trillion so‘m yo‘naltirilib, hududlarda 187 ta yangi poliklinika va shifoxona ishga tushirildi. 1 244 ta muassasa rekonstruktsiya qilinib, jihozlandi. Birlamchi tibbiyot muassasalari quvvati 60 foizga oshdi. Oldin asosan poytaxtda bajarilgan 400 dan ortiq yuqori texnologiyali diagnostika va davolash usullari hududlarga tushirilgan. Birinchi marta 45 ta tumanda buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Tibbiyotdagi bu o‘zgarishlarni millionlab odamlarimiz o‘z hayotida his etmoqda.

 

Aytish kerakki, ushbu raqamlar ortida yuz minglab bemorlarning yo‘l azobidan, ortiqcha xarajatdan, vaqt yo‘qotishdan xalos bo‘lgani, eng muhimi, o‘z vaqtida tibbiy yordam olish imkoniyati paydo bo‘lgani mujassam.

 

Sog‘liqni saqlash tizimidagi eng muhim o‘zgarishlardan biri shubhasiz, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini yangi bosqichga olib chiqilgani bo‘ldi deyish mumkin. Bu esa kasallikni barvaqt aniqlash va unga samarali davo choralarini ko‘rish imkonini berdi. So‘nggi besh yilda tibbiyotni aholiga yaqinlashtirish maqsadida tashkil etilgan oilaviy shifokorlik punktlari, oilaviy poliklinikalar va mahalla tibbiy punktlari soni 4 600 dan oshdi.

 

Ochig‘ini aytish kerak ilgari tibbiyotning eng muhim bo‘g‘inlaridan biri bo‘lgan tez tibbiy yordam bilan bog‘liq muammolar talaygina edi. So‘nggi yillarda bu tizimda ham katta o‘zgarishlar amalga oshirildi. 2017 yilda mamlakatda 818 ta tez tibbiy yordam shoxobchasi faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib ularning soni 1 766 taga yetdi. Tez tibbiy yordam brigadalari 1 648 tadan 2 838 taga, reanimobillar esa 24 tadan 510 taga ko‘paydi. Tizimdagi avtotransport vositalarining 80 foizi yangilandi. Xizmat ko‘rsatish radiusi shaharlarda 25-30 kilometrdan 9-12 kilometrga qisqardi. Barcha hududlarda tez tibbiy yordamni elektron avtomatlashtirilgan boshqarish tizimi joriy etildi.

 

Ona va bola salomatligi doim ustuvor masala bo‘lgan. Na shu hayotiy tamoyildan kelib chiqib, homilador ayollarni muntazam nazorat qilish, prenatal va neonatal skrining, tug‘ma kasalliklarni erta aniqlash, chaqaloqlar salomatligini nazorat qilish bo‘yicha tizimli yondashuv kuchaytirildi.

 

Shu bilan birga, birlamchi bo‘g‘inda ayollarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va ularni sog‘lomlashtirish ishlari ham kengaydi. 8 500 nafar doyaning tibbiy brigadalar tarkibiga kiritilishi onalar va chaqaloqlarga patronaj xizmatini kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, bola tug‘ilganidan keyin davolashdan ko‘ra, uning sog‘lom tug‘ilishini ta’minlash, tug‘ma kasalliklarni erta aniqlash asoratlarning oldini olishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

 

So‘nggi o‘n yillikda hayotimizning deyarli barcha sohalariga raqamli texnologiyalar kirib keldi. Tibbiyot ham bundan mustasno emas. Elektron tibbiy hujjatlar, elektron retsept, elektron yo‘llanma, tibbiy ma’lumotlarni integratsiyalash, tez tibbiy yordamni avtomatlashtirish bularning barchasi bitta maqsadga xizmat qiladi, shifokorning qog‘ozbozligini kamaytirish va uni bemor bilan ko‘proq ishlashga yaqinlashtirish.

 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham O‘zbekistondagi islohotlarning muhim yo‘nalishlari sifatida birlamchi tibbiy yordamni transformatsiya qilish, tibbiyotni moliyalashtirish tizimini isloh etish va raqamli sog‘liqni saqlashni rivojlantirishni qayd etgan. Bu jarayon 2018 yildagi qonunchilik asoslaridan boshlanib, 2021 yilda Sirdaryo viloyatida pilot loyiha sifatida amaliyotga kiritildi. Demak, raqamlashtirish shunchaki “zamonaviy ko‘rinish” emas. U tibbiyotda qaror qabul qilishni ma’lumotga, nazoratni aniq mezonlarga, xizmatni esa bemor ehtiyojiga yaqinlashtirish vositasidir.

 

Muxtasar aytganda, tibbiyot sohasida yaratilayotgan yangi imkoniyatlar, zamonaviy texnologiyalar, raqamli xizmatlar va hududlarda kengayib borayotgan yuqori malakali tibbiy yordam, avvalo, inson qadrini yanada yuksaltirish, salomatligini asrab-avaylashga xizmat qilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish