O‘zbekiston–Rossiya: ko‘p qirrali hamkorlik yangi bosqichda

08.06.2026 14:15
1723

Davlatimiz rahbarining shu yil 4–5-iyun kunlari Sankt-Peterburg shahriga amaliy tashrifi nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, balki yangi iqtisodiy imkoniyatlarni ochish nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega.

Prezidentimiz Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining yalpi yig‘ilishida ishtirok etib, o‘z nutqida muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, raqamli savdo va shahar servislarini tartibga solish qoidalarini yaqinlashtirish, O‘zbekiston va Rossiya brendlarini hamkorlikdagi platformalarda ilgari surish, sun’iy intellekt asosida mahsulotlarni rivojlantirishni o‘zida qamrab olgan qo‘shma Raqamli ekotizimni shakllantirishga kirishish taklifi eng ahamiyatli tashabbuslardan biri bo‘ldi.

Ushbu tashabbus ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yangi texnologik bosqichga olib chiqish, savdo va xizmatlar sohasida zamonaviy, qulay hamda samarali raqamli muhitni shakllantirishga xizmat qiladi. Qo‘shma Raqamli ekotizim nafaqat elektron savdo va shahar servislarini uyg‘unlashtirish, balki milliy brendlarni xalqaro maydonda keng targ‘ib etish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda raqobatbardosh mahsulotlar yaratishga mustahkam zamin yaratadi.

Bugun O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar yuqori darajadagi o‘zaro ishonch va manfaatli hamkorlik asosida rivojlanib bormoqda. Mamlakatlarimiz 2005-yilda Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani, 2022-yilda esa Keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolagan. Bu hujjatlar ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning mustahkam huquqiy poydevorini yaratib, siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi.

Keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib bormoqda. So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar sezilarli darajada rivojlandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil yakunlarida ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 13 milliard AQSH dollariga yetgan bo‘lib, bu avvalgi yilga nisbatan sezilarli o‘sishni anglatadi.

Tomonlar 2030-yilga qadar ushbu ko‘rsatkichni 30 milliard dollarga yetkazish maqsadini belgilagan. Sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va yuqori texnologiyalar sohalarida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar iqtisodiy hamkorlikning yangi nuqtalarini yaratmoqda. Bu esa ikki mamlakat iqtisodiyotining o‘zaro manfaatli rivojlanishiga xizmat qilmoqda.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri qo‘shni va hamkor davlatlar bilan ochiq, pragmatik va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishdan iborat. Shu ma’noda Rossiya bilan hamkorlik nafaqat iqtisodiy, balki mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va transport-kommunikatsiya sohalarida ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Ikki mamlakat BMT, MDH, SHHT kabi xalqaro tashkilotlar doirasida ham samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan uchrashuv va muzokaralar davomida yangi investitsiya loyihalari, sanoat kooperatsiyasi dasturlari va iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Bu esa mamlakatimizga zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.

Energetika sohasidagi istiqbolli loyihalar, jumladan atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha rejalar ham mamlakatimiz energetika xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

Bugun Yangi O‘zbekiston xalqaro maydonda o‘zining ochiqligi, islohotlarga sodiqligi va investitsiyaviy jozibadorligi bilan e’tirof etilmoqda. Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan tashqi siyosat mamlakatimiz nufuzini mustahkamlash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Ushbu tashrif ham ana shu ezgu maqsadlarga qaratilgan muhim siyosiy va iqtisodiy qadam sifatida tarixda o‘z o‘rnini egallaydi.

Aytish mumkinki, mazkur tashrif natijalari O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlab, mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti, investitsiya muhitini yaxshilash va xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qiladi. Yangi kelishuvlar va istiqbolli loyihalar esa yurtimiz taraqqiyotining yangi bosqichini boshlab berishga zamin yaratadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish