Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi ishchi guruhning Qoraqalpog'iston Respublikasiga tashrifi davomida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish, mavjud muammolarni hal etish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi.
Tashrif Beruniy tumanidagi mahallalardan boshlandi. Bu yerda Senat Raisi aholining turmush sharoitlari bilan yaqindan tanishib, ularning ijtimoiy muammolarini tingladi. Bandlik masalalari, ayollar va yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish, infratuzilmani yaxshilash kabi dolzarb yo'nalishlar bo'yicha zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Hududlarda tomorqalardan samarali foydalanish holati ham o'rganildi. Beruniy tumanida yashovchi issiqxona xo'jaligi bilan shug'ullanuvchi fuqarolar faoliyati ijobiy baholandi. Jumladan, 10 sotix maydonda 8 ta issiqxona tashkil etilib, pomidor, bodring, qovun-tarvuz yetishtirilmoqda. Bu orqali mahalliy aholi ish bilan ta'minlangan.
"Rayhon Apparel" trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonasiga tashrif buyurildi. 16 million AQSH dollari miqdoridagi xorijiy investitsiyalar asosida tashkil etilgan korxona 300 nafar ish o'rni yaratgan va yillik eksport hajmi 4 million dollardan ortiq bo‘lib, mahsulotlar asosan Rossiya bozoriga yo‘naltirilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashida tashkil etilgan maxsus shtab faoliyati bilan tanishuv davomida aholi murojaatlarini o‘rganish, davlat organlari bilan aholining ochiq muloqotini ta'minlash mexanizmlari ko‘rib chiqildi. Shtab orqali ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatlar, Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan muammolar tezkor ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, "Ochiq mikrofon" onlayn muloqoti Qoraqalpog‘iston televideniyesida soha rahbarlari ishtirokida tashkil etildi.
Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilib, Prezidentning tegishli qarori ijrosi muhokama qilindi. Ayollarning mehnat bozoridagi ishtirokini kengaytirish, ularning tadbirkorlik loyihalariga ko‘maklashish va yangi ish o‘rinlari yaratish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tashrif doirasida mahallalardagi yettilik tizimi faoliyati, infratuzilma holati, investitsiya loyihalari va yoshlar sportini rivojlantirishga oid loyihalar ham ko‘zdan kechirildi.
Nukus shahridagi 1-sonli bolalar sport maktabida yosh velosipedchilar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Velosport mamlakatimizda 6 ta ustuvor sport turi sifatida belgilangani qayd etilib, maktabga "Damas" avtomobili va velosipedlar topshirildi.
"Bo‘z ovul" mahallasida faollar bilan uchrashuvda ayollarning bandligini ta'minlash uchun imtiyozli kreditlar va subsidiya ajratish rejalari bildirildi. Mahalladagi maktabgacha ta'lim muassasasining yo‘qligi asosiy muammo sifatida ko‘tarilib, bu borada chora-tadbirlar belgilandi. Nogironligi bo‘lgan fuqarolarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish va bandlikni oshirish bo‘yicha ham aniq rejalar ishlab chiqildi.
Hududlarda elektr energiyasi ta'minoti va yo‘llar holatini yaxshilash bo‘yicha muhim loyihalar bilan tanishildi. "Bo‘z ovul" va "Beruniy" mahallalarida eskirgan elektr tarmoqlari va transformatorlarni yangilash zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, Senat Raisi Toshkent shahri Olmazor tumanining "Oltinsoy" mahallasida ham bo‘lib, "mahalla yettiligi" tizimi va joylardagi deputatlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olinib, sumalak sayli o‘tkazildi.
Tashrif yakunida aholining turmush darajasini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, bandlikni ta'minlash, yoshlarni sportga jalb etish bo‘yicha qator muhim qarorlar qabul qilindi. Mahallalarda faoliyatni kuchaytirish, joylardagi muammolarni tezkor hal qilish va samarali muloqot yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhim ahamiyat kasb etdi.