Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva BMT Bosh kotibining maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston hamda BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalari, shu jumladan Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Mintaqada yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish, tinchlik va barqarorlikni taʼminlash borasidagi ishlarni davom ettirish yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekistonning BMT bilan, jumladan uning Mintaqaviy markazi orqali hamkorlikni chuqurlashtirish, ayniqsa, suv resurslarini boshqarish, yoshlar va xotin-qizlarning salohiyatini tinchlikni mustahkamlash va mojarolarning oldini olish jarayonlariga jalb qilish masalalarida kelishuvga erishildi.