Transport va tranzit sohasida integratsiyaning yangi bosqichi

15.05.2026 21:34
1455

Mamlakatlar o‘rtasidagi savdo aloqalari rivoji ko‘p jihatdan transport logistikasiga bog‘liq. Ilgari bu vazifani savdo karvonlari bajargan bo‘lsa, bugunga kelib zamonaviy transport tizimi va ular uchun yaratilayotgan infratuzilma davlatlarni o‘zaro bog‘lamoqda. Ayniqsa, jahonda yuz berayotgan globallashuv jarayonlarida bu sohaning ahamiyati tobora ortib boryapti.

Logistika tizimiga mamlakat iqtisodiyotining qon tomiri, deya ta’rif berilishi bejiz emas. Boisi, samarador logistika tizimi ichki bozorda tayyor mahsulot va xomashyo harakatini optimallashtirish orqali xaridorlarga tovar va xizmatlar qulay sharoit va arzon narxlarda yetkazib berilishini ta’minlaydi, bozordagi raqobatni rag‘batlantiradi. Tashqi bozorda esa mamlakatning iqtisodiy raqobatbardoshligini oshiradi va jahon iqtisodiyotiga integratsiya jarayonini tezlashtiradi.

Shu nuqtai nazardan, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida transport va tranzit sohasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonning Turkiston shahrida o‘tayotgan “Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish” mavzusidagi TDT norasmiy sammitida ishtirok etishi ham aynan ushbu jarayonlarning mantiqiy davomi sifatida e’tirof etilmoqda. Negaki, bugun raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt va transport infratuzilmasi o‘zaro chambarchas bog‘liq sohalarga aylanib ulgurgan.

Turkiy davlatlar tashkiloti nafaqat madaniy va tarixiy yaqinlikka asoslangan birlashma, balki ulkan geoiqtisodiy imkoniyatlarga ega strategik makondir. Tashkilot tarkibidagi davlatlar Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi muhim geografik hududda joylashgani ularga xalqaro logistika tizimida katta ustunlik beradi. Shu sababli ham TDT doirasida transport sohasi asta-sekin integratsiyaning asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

So‘nggi yillarda jahondagi geosiyosiy o‘zgarishlar, ayrim an’anaviy savdo yo‘llarida yuzaga kelgan murakkabliklar va global ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar davlatlarni muqobil transport yo‘laklarini izlashga undamoqda. Ana shunday sharoitda Markaziy Osiyo va Kaspiy dengizi orqali o‘tuvchi transport koridorlarining ahamiyati yanada ortdi. Ayniqsa, “O‘rta koridor” deb nomlanayotgan Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi Yevroosiyo makonidagi eng istiqbolli loyihalardan biri sifatida qaralmoqda.

Mazkur yo‘nalish Xitoydan Markaziy Osiyo orqali Kaspiy dengizi, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya orqali Yevropa bozorlariga chiqish imkonini beradi. Bu esa nafaqat yuk tashish muddatini qisqartiradi, balki savdo xarajatlarini ham kamaytiradi. Eng muhimi, ushbu koridor turkiy davlatlarning iqtisodiy o‘zaro bog‘liqligini kuchaytiradi va ularni yagona iqtisodiy makonga aylantirishga xizmat qiladi.

Ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonning TDTga 2019-yilda a’zo bo‘lishi mamlakat tashqi iqtisodiy siyosatida yangi sahifa ochdi. Shu vaqtdan boshlab transport va logistika sohasidagi hamkorlik davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Mamlakatning dengizga chiqish imkoniyati yo‘qligi tashqi savdo uchun tranzit davlatlar bilan yaqin hamkorlikni hayotiy zaruratga aylantiradi. Shu bois Toshkent mintaqada yagona transport va tranzit makonini shakllantirish g‘oyasini izchil ilgari surmoqda.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, 2021-yilda Turkiyada bo‘lib o‘tgan sammitda transport va tranzit sohasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi. Bu bejiz emas. Chunki integratsiya faqat siyosiy bayonotlar bilan emas, balki amaliy iqtisodiy mexanizmlar bilan mustahkamlanadi. Transport esa ana shunday mexanizmlarning eng muhimidir.

2022-yil Samarqand sammitida multimodal transport yo‘nalishlarini rivojlantirish, elektron logistika tizimlarini joriy etish masalalari kun tartibiga chiqarildi. Ayniqsa, e-TIR, e-Permit va e-CMR kabi raqamli platformalarni joriy etish tashabbusi katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Boisi, zamonaviy logistikada vaqt va shaffoflik hal qiluvchi omilga aylanmoqda.

Qolaversa, elektron transport tizimlari orqali chegaralardagi qog‘ozbozlik kamayadi, yuklarni rasmiylashtirish tezlashadi va korrupsiyaviy omillar qisqaradi. Bu esa nafaqat transport xarajatlarini kamaytiradi, balki mintaqa davlatlarining xalqaro reytinglardagi o‘rnini ham yaxshilaydi. Eng muhimi, raqamli logistika tizimi TDT davlatlari o‘rtasidagi ishonch va institutsional hamkorlikni kuchaytiradi.

2023-yil Ostona sammitida transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, jumladan “O‘rta koridor”ni rivojlantirish masalasi yanada faol ilgari surildi. Buning ortida katta geoiqtisodiy mantiq yotadi. Bugun dunyoda tovar ayirboshlash hajmi ortib borayotgan bir vaqtda xavfsiz, tezkor va barqaror transport yo‘laklariga ehtiyoj oshib bormoqda. Turkiy davlatlar esa aynan ana shunday ehtiyojga javob bera oladigan strategik hudud hisoblanadi.

2025-yil Vengriyada o‘tkazilgan norasmiy sammitda “yagona darcha” va “yashil koridor” tizimlarini joriy etishni qo‘llab-quvvatlash masalasi ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu tashabbuslar chegara va bojxona jarayonlarini soddalashtirishga xizmat qiladi. Natijada transport oqimlari tezlashadi, tadbirkorlar uchun qulay muhit yaratiladi va mintaqa mamlakatlarining eksport salohiyati ortadi.

TDT doirasidagi transport integratsiyasi faqat iqtisodiy emas, balki siyosiy va strategik ahamiyatga ham ega. Chunki o‘zaro bog‘liq infratuzilmalar davlatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlaydi, umumiy manfaatlar maydonini kengaytiradi va mintaqaviy barqarorlikni ta’minlaydi. Transport yo‘llari orqali nafaqat tovarlar, balki investitsiyalar, texnologiyalar va innovatsiyalar ham harakat qiladi.

Bugungi kunda TDT doirasida sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish mavzusining kun tartibiga chiqishi ham bejiz emas. Zotan, zamonaviy transport tizimi raqamli texnologiyalarsiz samarali ishlay olmaydi. Intellektual logistika platformalari, elektron monitoring tizimlari, raqamli bojxona xizmatlari va avtomatlashtirilgan boshqaruv mexanizmlari kelajak transport tizimining asosini tashkil etadi.

Shu ma’noda, Turkiston shahridagi norasmiy sammit TDTning kelgusi rivojlanish strategiyasini belgilab beruvchi muhim siyosiy maydon sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu sammit nafaqat transport va raqamli sohadagi hamkorlikni chuqurlashtiradi, balki turkiy davlatlarning global iqtisodiy jarayonlardagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi.

O‘zbekiston uchun esa mazkur jarayonlar alohida ahamiyatga ega. Chunki mamlakat Markaziy Osiyoning transport xabi sifatida shakllanishni maqsad qilgan. Buning uchun temir yo‘llar, avtomobil magistrallari, logistika markazlari va raqamli infratuzilmalar izchil rivojlantirilmoqda. TDT doirasidagi hamkorlik esa ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi.

Xulosa qilib aytganda, navbatdagi sammit turkiy davlatlarni o‘zaro ishonch va umumiy manfaatlar asosida yanada yaqinlashtirmoqda. Transport va logistika sohasidagi o‘zaro bog‘liqlik esa kelajakda yanada kuchli iqtisodiy integratsiya uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish