Xabaringiz bor, BMTning Aholi punktlari bo‘yicha dasturi shafeligida Boku shahrida Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda davlatimiz rahbari nutq so‘zladi. E’tiborga molik jihati, mazkur nutqda shaharsozlik, aholini uy-joy bilan ta’minlash, ekologik barqarorlik, raqamli boshqaruv va inson manfaatlariga xizmat qiluvchi urbanizatsiya siyosatiga oid muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Bugungi kunda shaharlashish dunyo miqyosidagi eng yirik ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlardan biriga aylandi. Nega? Sababi oddiy. Inson zoti borki, bir marta bo‘lsa ham shaharda yashashni istaydi va bunga intiladi. Ma’lumotlarga qaraganda, XXI asr o‘rtalariga borib, yer yuzi aholisining qariyb 70 foizi shaharlarda yashashi kutilmoqda. Tabiiyki, bu jarayonda infratuzilma, transport, ekologik muvozanat, uy-joy ta’minoti va ijtimoiy xizmatlarga bo‘lgan talab keskin oshadi. Prezidentimiz nutqida aynan shu masalalar chuqur tahlil qilinib, urbanizatsiya masalasiga faqat iqtisodiy taraqqiyot nuqtayi nazaridan emas, balki ijtimoiy adolat va inson manfaatlari asosida yondashish zarurligi ta’kidlandi.
Chunki shaharlar tartibsiz va rejasiz kengaysa, aholi soni keskin ortib, infratuzilma bu bosimga tayyor bo‘lmasa, turli ijtimoiy va ekologik muammolar kelib chiqishi muqarrar. Bu esa nafaqat alohida davlatlar, balki butun dunyo barqarorligiga ta’sir qiladi. Shundan kelib chiqqan holda yangi binolar qurish emas, balki shaharlarni uzoq muddatli va puxta reja asosida rivojlantirish zarur ekanligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari tomonidan bu masala Yangi O‘zbekiston uchun ham strategik ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Xususan, kelgusi 15 yilda mamlakat aholisi 50 million nafarga yetishi, urbanizatsiya darajasi esa 65 foizga ko‘tarilishi kutilmoqda. Aholi sonining bunday tez o‘sishi, tabiiyki, mamlakatimiz oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Shu bois O‘zbekistonda urbanizatsiya jarayonlariga faqat muammo sifatida emas, balki iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirish, hududlarni barqaror rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratish uchun muhim imkoniyat sifatida qaralmoqda.
Mavzuni davom ettirib shuni aytish mumkinki, so‘nggi o‘n yilda mamlakatimizda uy-joy qurilishi hajmining 10 barobar oshirilgani bu sohadagi islohotlarning amaliy natijasidir. 2025-yilda 238 mingta xonadon qurilishi rejalashtirilgani, 2030-yilgacha bu ko‘rsatkichni yana 1,5 barobar oshirish ko‘zda tutilgani aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar izchil davom etayotganidan dalolatdir.
Ayniqsa, arzon uy-joy dasturlariga har yili 2 milliard dollarga yaqin mablag‘ ajratilayotgani davlatning ijtimoiy himoyaga ustuvor ahamiyat qaratayotganini ko‘rsatadi. Bu orqali yosh oilalar, ehtiyojmand qatlam va kam ta’minlangan aholining uy-joy sharoitini yaxshilash maqsad qilingan.
Nutqda alohida urg‘u berilgan muhim masalalardan biri norasmiy uy-joylar muammosidir. 2024-yilda qabul qilingan qonun asosida 100 mingga yaqin uy-joyga huquqiy hujjat rasmiylashtirib berilgani aholining mulkiy huquqlarini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Bu kabi chora-tadbirlar nafaqat huquqiy muammolarni bartaraf etadi, balki aholining ertangi kunga bo‘lgan ishonchini ham mustahkamlaydi. Inson o‘z uyi va mulki qonuniy himoyada ekanini his qilsa, jamiyatda barqarorlik, ijtimoiy xotirjamlik va davlatga bo‘lgan ishonch yanada kuchayadi.
Shu bilan birga, eskirgan uy-joylarni renovatsiya qilish orqali yangilash siyosati ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Prezident renovatsiya hisobiga quriladigan xonadonlar ulushini 15 foizdan 60 foizga yetkazish rejalashtirilayotganini ta’kidladi. Bu shaharlarning me’moriy qiyofasini yaxshilash, infratuzilmani yangilash va aholi uchun qulay muhit yaratishga xizmat qiladi.
Nutqda “Yangi Toshkent” megaloyihasi haqida so‘z yuritildi. Ikki million aholi uchun mo‘ljallangan ushbu shahar nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo uchun zamonaviy urbanizatsiya namunasi bo‘lishi mumkinligi qayd etildi.
Haqiqatan ham shunday. Zotan, loyihada “yashil”, “aqlli”, “xavfsiz” va “15 daqiqali shahar” tamoyillarining qo‘llanilishi dunyodagi ilg‘or shaharsozlik tendensiyalariga mos keladi. Masalan, “15 daqiqali shahar” konsepsiyasi insonning kundalik ehtiyojlari – maktab, shifoxona, ish, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari yashash hududidan uzoq bo‘lmasligini nazarda tutadi. Bu transport yuklamasini kamaytirib, tirbandliklarning oldini oladi, ekologik barqarorlikni ta’minlaydi va inson hayoti sifatini oshiradi.
Eng muhimi, bu kabi loyihalar faqat poytaxtda emas, balki butun mamlakat bo‘ylab “Yangi O‘zbekiston” massivlari orqali amalga oshirilmoqda. Hozirgacha 61 ta shunday massiv barpo etilgani va 2030-yilgacha ularning soni 100 taga yetkazilishi rejalashtirilgani hududlar o‘rtasidagi infratuzilmaviy tafovutlarni kamaytirishga xizmat qilmoqda.
Zamonaviy urbanizatsiya jarayonini ekologiyadan ayro tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu ma’noda nutqda “Yashil makon” va “Toza havo” kabi dasturlar orqali shaharlarda yashil hududlar ulushini 30 foizga yetkazish vazifasi qo‘yilgani bejiz emas. Binobarin, bu tashabbuslar shahar muhitini sog‘lomlashtirish, havo sifatini yaxshilash va aholi uchun qulay hamda barqaror hayot sharoitini yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Shundan kelib chiqqan holda BMT-Habitat doirasida “Yashil shahar” xalqaro mukofotini ta’sis etish tashabbusi ilgari surildi. Mazkur tashabbusning ahamiyati shundaki, u shaharlarni ekologik jihatdan toza, energiya tejamkor va barqaror rivojlantirishga undaydi.
Nutqda urbanizatsiya jarayonlarida mahalla institutiga alohida e’tibor qaratilgani yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Chunki mahalla kabi o‘ziga xos ijtimoiy boshqaruv tizimi dunyo tajribasida kam uchraydi.
Xo‘sh, shaharlashish jarayonida mahallaning qanday o‘rni bor? Aytish kerakki, urbanizatsiya kuchaygan sari insonlar o‘rtasidagi ijtimoiy aloqalar ham susayib boradi. Mahalla esa mehr-oqibat, hamjihatlik, birdamlik va o‘zaro hurmat kabi qadriyatlarni saqlab qolishga xizmat qiladigan noyob tuzilmadir.
Shu nuqtayi nazardan, Butunjahon urbanizatsiya forumining 15-sessiyasini Yangi Toshkentda o‘tkazish va uni “Shaharlarning barqaror rivojlanishida mahalla institutining o‘rni” mavzusiga bag‘ishlash taklifi O‘zbekistonning milliy tajribasini xalqaro maydonga olib chiqishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.
Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar nafaqat O‘zbekiston, balki xalqaro hamjamiyat uchun ham muhim ahamiyatga ega. Chunki unda hamma narsa inson va uning manfaatlariga xizmat qilishi kerak degan ezgu g‘oya mujassam.