Yangi O‘zbekistonning so‘nggi o‘n yillikdagi xalqaro tashabbuslarining strategik ahamiyati

12.04.2026 13:28
1189

Tan olish joiz, so‘nggi 9-10 yil ichida Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatida tub burilish davri bo‘ldi va boshlangan shiddatli islohotlar izchillik bilan davom etmoqda. Mamlakatimiz yopiq va ehtiyotkor pozitsiyadan ochiq, pragmatik va tashabbuskor davlat sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbaridan ilgari surilgan qator muhim tashabbuslar O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash va global muammolar yechimiga amaliy hissa qo‘shishga qaratilgani bilan xalqaro hamjamiyat tomonidan haqli ravishda eʼtirof etilmoqda. Ushbu tashabbuslar mazmun-mohiyatiga ko‘ra siyosiy, ijtimoiy-gumanitar va ekologik yo‘nalishlarni o‘zida mujassam etgan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-, 75-, 76-, 78-sessiyalarida, shuningdek, 2021-yil BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida nutq so‘zladi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasida qator rezolyutsiya va deklaratsiyalar qabul qilindi. Jumladan, 2018-yil “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash”, “Maʼrifat va diniy bag‘rikenglik”, 2019-yil “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish”, 2021-yil “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish”, 2022-yil “Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash to‘g‘risida”, “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”, 2024-yil “Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot kuni”, “O‘rmonlarni barqaror boshqarish asosida o‘rmonlarni ko‘paytirish va qayta tiklash bo‘yicha harakatlar dekadasi” rezolyutsiyasi hamda 29-aprelni “Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni” deb eʼlon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyalar shular jumlasidandir.

O‘zbekiston tarixda ilk marotaba 2021-yili BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining to‘la huquqli aʼzosi bo‘ldi. 2022-yilda BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining Rivojlanish maqsadlarida fan va texnologiyalar masalalari bo‘yicha komissiyasi, 2024-yilda 2025–2027-yillar uchun BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (EKOSOS), 2024-yilda 2024–2027-yillar uchun Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) Maʼmuriy kengashiga aʼzo etib saylandi.

2018-yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Markaziy Osiyo - tinchlik, barqarorlik va barqaror taraqqiyot mintaqasi” to‘g‘risidagi rezolyutsiyaning qabul qilinishi nafaqat diplomatik yutuq, balki mintaqaviy siyosatning yangi falsafasi shakllanganining xalqaro eʼtirofi bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. Mazkur hujjat Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro raqobat emas, balki ishonch, ochiqlik va konstruktiv muloqot tamoyillari asosida hamkorlik qilishga tayyor ekanini baralla namoyon etdi.

Aytish kerakki, ushbu rezolyutsiyaning mohiyati, avvalo, mintaqani global geosiyosiy raqobat obyekti emas, balki mustaqil va masʼuliyatli subyekt sifatida shakllantirish g‘oyasiga tayanadi. Ilgari Markaziy Osiyo ko‘proq tashqi kuchlar manfaatlari kesishgan hudud sifatida baholangan bo‘lsa, mazkur hujjat uni ichki imkoniyatlari, umumiy manfaatlari va hamjihatlik salohiyatiga ega makon sifatida qaytadan kashf etdi.

Yana muhim jihati rezolyutsiya bir necha strategik vazifani ham bajardi. Birinchidan, u mintaqa davlatlari o‘rtasidagi siyosiy ishonchni mustahkamlashga xizmat qildi. Chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish, transport-kommunikatsiya aloqalarini tiklash, savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish kabi jarayonlar aynan ishonch muhitining shakllanishi natijasida faollashdi.

Ikkinchidan, hujjat mintaqaviy xavfsizlik masalalarini — terrorizm, ekstremizm, narkotrafik va transchegaraviy tahdidlarni birgalikda hal etish zarur ekanligini jahon hamjamiyatiga yana bir bor ko‘rsatdi. Bu esa xavfsizlikni har bir davlatning alohida muammosi emas, balki barcha davlatlar birgalikda javobgar bo‘lgan umumiy vazifa sifatida anglash tamoyilini mustahkamladi.

Uchinchidan, rezolyutsiya barqaror taraqqiyot konsepsiyasini mintaqaviy darajaga olib chiqdi. Suv resurslaridan oqilona foydalanish, ekologik muammolarni hal etish, transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish kabi masalalar umumiy manfaat nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqila boshlandi. Bu esa iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish orqali siyosiy barqarorlikni taʼminlash modeliga asos soldi.

Mazkur hujjatning yana bir muhim jihati shundaki, uning konsensus asosida qabul qilinganidir. Bu Markaziy Osiyo davlatlarining tashabbusini xalqaro hamjamiyat to‘liq qo‘llab-quvvatlaganini bildiradi. Shu orqali mintaqaga nisbatan ijobiy xalqaro imij shakllandi va uning investitsiyaviy hamda iqtisodiy jozibadorligi oshdi.

Qisqacha aytganda, mazkur rezolyutsiya Markaziy Osiyoda yangi mintaqaviylik modeli — o‘zaro ishonch, tenglik va umumiy manfaatlar asosidagi hamkorlik paradigmasini mustahkamladi. U nafaqat siyosiy hujjat, balki mintaqaning uzoq muddatli barqaror rivojlanish strategiyasining xalqaro huquqiy asosiga aylandi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Yoshlar taraqqiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchidir

2018-yilda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Yoshlar huquqlari to‘g‘risida”gi rezolyutsiya qabul qilindi. Taʼkidlash joizki, mazkur tashabbus Yangi O‘zbekistonning ijtimoiy-gumanitar diplomatiyasidagi eng muhim tashabbuslardan biri sifatida tarixga kirdi. Mazkur hujjatning o‘ziga xosligi shundaki, u ilk bor yoshlar huquqlarini alohida va mustaqil xalqaro huquqiy kategoriya sifatida eʼtirof etish g‘oyasini ilgari surdi. Bu esa yoshlar masalasini faqat ijtimoiy siyosat doirasida emas, balki global taraqqiyot va xavfsizlik kun tartibining ajralmas qismi sifatida ko‘rishga asos soldi.

Bugungi qizg‘in demografik voqelikka nazar tashlasak, dunyo aholisining salmoqli qismi 30 yoshgacha bo‘lgan insonlardan iborat. Ayrim mintaqalarda yoshlar aholining yarmidan ko‘prog‘ini tashkil etadi. Bu holat insoniyat tarixidagi eng katta “yoshlar to‘lqini” sifatida baholanmoqda. Demak, yosh avlodning taʼlim olishi, munosib mehnat sharoitiga ega bo‘lishi, ijtimoiy himoyasi va siyosiy jarayonlarda ishtirok etishi masalasi nafaqat milliy, balki global barqarorlikning hal qiluvchi omilidir.

Mazkur rezolyutsiya aynan shu nuqtayi nazardan muhim ahamiyat kasb etdi. U yoshlarni ijtimoiy muammo yoki xavf manbai sifatida emas, balki taraqqiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida talqin etadi. Agar yoshlarga sifatli taʼlim, ish o‘rinlari va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkoniyati yaratilsa, ular innovatsiya, iqtisodiy o‘sish va jamiyat yangilanishining asosiy drayveriga aylanadi. Aks holda, ishsizlik, tengsizlik va imkoniyatlar cheklangani radikallashuv va ijtimoiy beqarorlik xavfini kuchaytiradi.

O‘zbekiston tashabbusining yana bir muhim jihati, yoshlar siyosatini xavfsizlik konsepsiyasi bilan uyg‘unlashtirganidir. Bu nima degani? Yaʼni ekstremizm va radikal g‘oyalarga qarshi kurash faqat maʼmuriy yoki kuch ishlatish choralari bilan emas, balki taʼlim, maʼnaviy tarbiya va ijtimoiy adolat orqali amalga oshirilishi lozim. Shu maʼnoda, rezolyutsiya profilaktik xarakterga ega bo‘lib, muammoning ildizini bartaraf etishga qaratilgan strategik yondashuv namoyon etishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

Bundan tashqari, mazkur hujjat yoshlarning siyosiy qaror qabul qilish jarayonlarida ishtirokini kengaytirish g‘oyasini ilgari suradi. Yaʼni zamonaviy jamiyatda yoshlar faqat ijro etuvchi kuch emas, balki tashabbus va g‘oyalar manbai bo‘lishi kerak. Zotan, shu orqali jamiyatda avlodlar o‘rtasidagi uzviylik va barqarorlik taʼminlanadi.

Masalaning eng muhim jihati, ushbu rezolyutsiyani qabul qilinishi Yangi O‘zbekistonda yoshlar siyosati borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning xalqaro eʼtirofi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, davlatimiz rahbari boshchiligida taʼlim tizimini modernizatsiya qilish, yangi universitetlar va ixtisoslashgan maktablarni ochish, yoshlar bandligini taʼminlash dasturlari, startap va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash kabi qator chora-tadbirlar izchillik bilan hayotga tatbiq etilayotganini barchamiz ko‘rib, bilib turibmiz.

Umuman olganda, mazkur rezolyutsiya global miqyosda yoshlar masalasiga yangi qarashni shakllantirishga xizmat qildi va uni barqaror taraqqiyot strategiyasining markaziy elementiga aylantirdi.

Maʼrifat va diniy bag‘rikenglik: global xavfsizlikka yangicha yondashuv

Prezidentimizning muhim taklifi asosida 2018-yil 12-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Maʼrifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiya Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasidagi 50 dan ortiq mamlakatlar tomonidan yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlandi. Bu bejiz emas. Zero, ushbu tashabbus ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda faqat kuch va huquqni muhofaza qilish vositalariga tayanish emas, balki maʼrifiy va tarbiyaviy yondashuvni kuchaytirish zarurligini ochiq ilgari surdi. Bu esa xavfsizlik tushunchasini kengaytirib, uni insoniyatning maʼnaviy va intellektual salohiyati bilan uzviy bog‘lashga xizmat qiladi.

O‘zbekiston tarixan turli din va madaniyatlar chorrahasida joylashgan mamlakat sifatida bag‘rikenglik va madaniy totuvlik anʼanalariga ega. Ushbu maʼnaviy ildizga ega bo‘lgan anʼanalar mamlakatning ichki va tashqi siyosatdagi barqarorligini taʼminlab kelmoqda. Shu nuqtayi nazardan, rezolyutsiya nafaqat xalqaro maydonda O‘zbekistonning bu sohadagi tajribasini eʼtirof etdi, qolaversa uning xalqaro diplomatiyadagi strategik o‘rnini ham mustahkamlamoqda.

Taʼkidlash joizki, dunyoning turli mintaqa va davlatlarida insonning yashashi, taʼlim olishi, mehnat qilishi hamda o‘z iqtidorini namoyish etish, o‘z diniy eʼtiqodiga amal qilish kabi hayotiy va tabiiy haq-huquqlari turli darajada poymol etilayotgan bir davrda O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta konfessiya vakillari bag‘rikenglik tamoyili asosida tinch-totuv yashab kelmoqda. Turli millat va din vakillarining bexavotir o‘z ibodatlarini emin-erkin ado etishlari esa jamiyat barqarorligida ustuvor jihat hisoblanadi.

Mazkur tashabbusning amaliy ahamiyati shundaki, u diniy bag‘rikenglik va maʼrifatni xavfsizlik siyosatining asosiy elementi sifatida ko‘rsatadi. Yaʼni ekstremizmga qarshi kurash faqat harbiy choralar, qonunchilik yoki keskin sanksiyalar bilan cheklanmaydi, balki taʼlim, maʼrifiy loyihalar va maʼnaviy tarbiya orqali ham samarali amalga oshirilishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Qisqasi, mazkur rezolyutsiya zamonaviy xavfsizlik tushunchasini kengaytirib, uning markaziga inson, taʼlim va maʼrifatni qo‘ydi.

Orolbo‘yi muammosi: ekologik diplomatiyaning yangi bosqichi

Zamonamizning o‘tkir muammolaridan yana biri global iqlim o‘zgarishlaridir. Bugungi kunda har bir mamlakat bu jarayonning salbiy taʼsirini his etmoqda. Ming afsuski, bunday o‘zgarishlar Markaziy Osiyo taraqqiyotiga ham katta xavf tug‘diryapti.

Shundan kelib chiqib, BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Prezidentimiz xalqaro hamjamiyat eʼtiborini yana bir bor Orol dengizi qurishining halokatli oqibatlariga qaratdi. Mavjud ahvolni yaxshilash uchun so‘nggi yillarda dengizning qurigan tubida 2 million gektar maydonda sho‘rga chidamli cho‘l o‘simliklari ekildi. 2030-yilgacha ushbu hududning 80 foiz qismida yashil qoplamalar hosil qilinadi. Bugun O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar, xususan, Orolbo‘yi hududini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar mintaqasiga aylantirish, “yashil iqtisodiyot”, qayta tiklanadigan energiya manbalarini keng joriy etish borasidagi islohotlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham eʼtirof etilmoqda.

Gabala sammitida ilgari surilgan amaliy tashabbuslar

Haqiqatan ham o‘tgan yili oktyabr oyida Turkiy davlatlar tashkilotining Ozarbayjonning Gabala shahrida bo‘lib o‘tgan sammiti tarixiy ahamiyatga ega voqea bo‘ldi. Nufuzli tadbirda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan amaliy tashabbuslar buni yaqqol tasdiqlaydi.

O‘zbekiston yetakchisining tashabbuslari keng jamoatchilikda doimgidek katta taassurot qoldirdi. Negaki ushbu g‘oya va tashabbuslar nafaqat mamlakatimiz, balki aʼzo davlatlar, Markaziy Osiyo xalqlari uchun ham har tomonlama manfaatlidir.

Xususan, mintaqaviy va global xavfsizlik masalalari bo‘yicha yondashuvlarni muvofiqlashtirish maqsadida Samarqandda Turkiy davlatlar tashkiloti tashqi ishlar vazirlari va maxsus xizmatlari rahbarlari birinchi qo‘shma uchrashuvini o‘tkazish taklif etildi. Bu aʼzo davlatlarning diplomatik munosabatlarini yanada mustahkamlash va mavjud muammolarni bamaslahat, har tomonlama manfaatli ravishda hal etish imkonini beradi.

Strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomani tez fursatda qabul qilish qo‘llab-quvvatlandi. Shu maqsadda Turkiy davlatlar tashkilotini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish zarurligi aytildi. Yangi O‘zbekistonning so‘nggi to‘qqiz yillik siyosatida yaxshi qo‘shnichilik va xalqlar o‘rtasida do‘stlik munosabatlari eng asosiy o‘rin va ahamiyat kasb etib kelmoqda. Bu esa qardosh xalqlar o‘rtasida o‘zaro tinchlikni barqarorlashtirish, totuvlik va bag‘rikenglikka asoslangan munosabatlarni o‘rnatish hamda mustahkamlashga zamin yaratyapti. Shu jihatdan olganda, mazkur tashabbus Yangi O‘zbekiston bundan keyin ham ushbu yo‘nalishda qatʼiy siyosat yuritishini anglatadi.

Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha doimiy kengashini tuzish va uning loyiha ofisini Toshkentda joylashtirish taklifi ham har tomonlama chuqur o‘ylangan, nazariy va amaliy asoslarga ega. Bu asoslar nimalarda namoyon bo‘ladi? Avvalo, aytish kerakki, ushbu tashkilot ishida O‘zbekiston eng ko‘p amaliy loyihalarni, tashabbuslarni ilgari suradi va uni amalga oshirishni taʼminlaydi. Bu har galgi sammit xulosalarida maʼlum bo‘lmoqda. Shuning uchun ham mamlakatimizda ushbu tashkilotning loyiha ofisi bo‘lishi mantiqan to‘g‘ri.

Turkiy davlatlar sanoat alyansi, “Turkiy yashil yo‘laklar” tizimi va “Yashil transformatsiya” konsorsiumini tashkil etish takliflarining ham o‘ziga xos mohiyati bor. Yangi O‘zbekistonda “yashil iqtisodiyot”ga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bu jarayon shiddatli tus olgan. Qardosh davlatlar manfaatlari birlashib, “Turkiy yashil yo‘laklar” tizimi va “Yashil transformatsiya” konsorsiumi tashkil etilishi bu boradagi ezgu maqsadlar ro‘yobini jadallashtirib, taraqqiyot sari birgalikdagi yirik harakat yuzaga keladi.

Shuningdek, O‘rta yo‘lakni rivojlantirish va uni “Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston” temir yo‘li hamda Transafg‘on yo‘lagi loyihalari bilan bog‘lash taklifi ham faol qo‘llab-quvvatlandi. Bilamiz, O‘zbekiston transport infratuzilmasi imkoniyati jihatidan mintaqada yetakchi va ilg‘or davlat. Mana shu imkoniyatni aʼzo davlatlar bilan, jumladan, eng kuchli iqtisodiyotlardan biri — Xitoy hamda SHHT hamkorligida amalga oshirish maqsad qilingan.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan yana bir muhim taklif — bu “Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun o‘zaro transport bog‘liqligini mustahkamlash” global mexanizmini joriy etish tashabbusidir.

Bugungi global dunyoda xalqaro savdo, tranzit va logistika zanjirlarining xavfsiz, samarali va barqaror faoliyati nafaqat iqtisodiy, balki geosiyosiy barqarorlik uchun ham juda muhimdir. Xususan, Markaziy Osiyo kabi quruqlik ichida joylashgan mamlakatlar uchun transport bog‘liqligi — tashqi bozorlarga chiqishning yagona yo‘lidir. Shu bois, transport infratuzilmasini rivojlantirish, o‘zaro integratsiyalashgan logistika mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish, bojxona, chegara va raqamli xizmatlarini soddalashtirish — bugungi kunning muhim vazifasiga aylandi.

Prezidentimiz tomonidan taklif etilgan “Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun o‘zaro transport bog‘liqligini mustahkamlash” global mexanizmi — barcha davlatlarni teng huquq va manfaatlar asosida bog‘laydigan, har bir mintaqaning transport salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladigan yangi platformadir.

Muxtasar aytganda, davlatimiz rahbarining xalqaro sammitlar, uchrashuvlar, muloqotlarda, umuman olganda nufuzli minbarlardan turib aytayotgan barcha taklif va tashabbuslari, fikrlari zamirida umuminsoniyat manfaatlariga xizmat qiluvchi daʼvat, tinchlik, barqarorlik, farovon hayot yo‘lidagi g‘oyalar mujassam desak to‘g‘ri bo‘ladi. Qolaversa, bu so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston yuritayotgan do‘stona tashqi siyosat samarasidir. Shu bois, dunyoning eng yirik OAVlarida, ijtimoiy tarmoqlarda Yangi O‘zbekiston shijoati xususida haqli fikrlar yangramoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish