O‘zbekiston - Vengriya: ko‘p qirrali hamkorlik sifat va mazmun jihatdan yangi bosqichga ko‘tariladi

Ayni paytda Prezidentimiz Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘lib turibdi. Ushbu tashrif mamlakatlarimiz o‘rtasidagi amaliy hamkorlik va strategik sheriklikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Boisi, O‘zbekiston va Vengriya ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish uchun yuqori imkoniyat va salohiyatga ega davlatlar hisoblanadi.

Vengriya mamlakatimiz mustaqilligini 1991-yil 26-dekabrda tan olgan, 1992-yil 3-martdan esa mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan.

O‘tgan davrda O‘zbekiston va Vengriya munosabatlari sifat jihatidan yangi rivojlanish bosqichiga ko‘tarilib, o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi istiqbollari ochilmoqda. O‘zaro ishonch asosidagi do‘stona munosabatlar bugun izchil mustahkamlangan holda, ikki tomonlama hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. Birgalikdagi intilish va amaliy ishlar natijasi o‘laroq bu sheriklik yildan-yilga mustahkamlanib bormoqda.

Ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmi samarali ishlamoqda, yuqori darajadagi tashrif almashuvlari faollashdi. Keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik izchil o‘sib boryapti. Buni so‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 3 barobarga ortganida ham ko‘rish mumkin.

Bugun ikki davlat o‘rtasida serqirra hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, u ko‘plab sohalarni qamrab olgan. Rasmiy Budapesht davlatimiz sa’y-harakatlari va faoliyatiga yuksak baho berayotganining o‘zi ham Yangi O‘zbekistonning ochiq tashqi siyosati qo‘llab-quvvatlanayotganidan dalolat beradi.

O‘zbekistonning Vengriyaga eksportining asosini to‘qimachilik mahsulotlari, xizmatlar, oziq-ovqat mahsulotlari, plastmassa va undan tayyorlangan mahsulotlar tashkil etadi. O‘z navbatida, O‘zbekiston Vengriyadan farmatsevtika, chorvachilik mahsulotlari, mexanik va elektr uskunalari hamda boshqa tovarlarni import qiladi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda Vengriya kapitali ishtirokida tashkil etilgan 16 korxona muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda. Ulardan 10 tasi qo‘shma korxonalardir.

Ay­tish joizki, O‘zbekiston va Vengriya BMT, EXHT, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro institutlar doirasida muvaffaqiyatli hamkorlik qilmoqda. Mamlakatlarimizning global kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha nuqtai nazarlari yaqin yoki bir-biriga mos keladi.

Davlatimiz rahbarining Vengriyaga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasida boshlangan hamkorlikni izchil davom ettirish, strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, umuman olganda, o‘zaro munosabatlarni sifat va mazmun jihatdan boyitgan holda, hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar eshiklarini ochadi.

 
 
Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish