Bugun Ostona shahrida “Markaziy Osiyo – Xitoy” ikkinchi sammiti doirasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Unda ikki tomonlama strategik sheriklikni yanada rivojlantirish, mintaqaviy va global ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi. Davlat rahbarlari so‘nggi yillarda ikki mamlakat munosabatlari yuqori darajada mustahkamlanganini alohida qayd etdilar.
So‘nggi yillarda, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida o‘zaro savdo-iqtisodiy, investitsion va moliyaviy sohalardagi hamkorlik kengayib bormoqda. Xususan, 2024 yilda tovar ayirboshlash 14 milliard dollarga yetdi. Qo‘shma industrial zonalar va “BYD” elektromobillari ishlab chiqarish loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. “Yashil” energetika, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda istiqbolli loyihalar rejalashtirilmoqda.
Ikki mamlakat rahbarlari tomonidan muzokaralar davomida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li va mintaqaviy hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu loyiha Markaziy Osiyo va Xitoyning transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirishda yana bir ustuvor yo‘nalish ekani ta’kidlandi.
Mazkur temir yo‘li qurilishi boshlanganini Yevroosiyo makonida yangi transport va tranzit kommunikatsiyalari tizimining muhim elementi ekani e’tirof etildi.
Tahlillar Markaziy Osiyo davlatlarining Xitoy bilan umumiy savdo aylanmasi o‘sib borayotganini ko‘rsatmoqda. Joriy yilda bu ko‘rsatkich 100 milliard dollarga yetadi. Qo‘shma korxonalar va loyihalar soni esa 10 mingdan oshadi.
Bir tomondan, ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik makoniga aylangan Markaziy Osiyoning o‘zidagi chuqur transformatsiya jarayonlari, boshqa tomondan esa Xitoy rahbariyatining qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirish va “Belbog‘ va yo‘l” global kontsepsiyasini ilgari surishga qat’iy sadoqatliligi ushbu formatdagi hamkorlikning rivojlanishiga imkon bermoqda.
Uchrashuvda bugun mamlakatlarimiz o‘rtasidagi abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaning qabul 8qilinishi tarixiy voqea bo‘ldi. Shu bilan birga, shartnomani amaliy jihatdan mustahkamlashda aniq mexanizm va loyihalarni qamrab olgan uzoq muddatli sheriklik kontsepsiyasini qabul qilish muhim ahamiyatga ega.
Ta’kidlash joizki, Xitoyning ilg‘or tajribasi asosida mamlakatimizning sanoat salohiyati va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish, hududlarimizda yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan o‘nlab yirik loyihalar amalga oshirildi.
Bir so‘z bilan aytganda, Markaziy Osiyoning o‘sib borayotgan iqtisodiy salohiyati va Xitoyning sanoat hamda texnologiyalar borasidagi yetakchiligi o‘zaro uyg‘unlashib, mintaqada innovatsion rivojlanish, sanoat kooperatsiyasi va strategik hamkorlik uchun keng imkoniyatlar ochuvchi yangi geo-iqtisodiy makon shakllanmoqda.