Bugun, 2025 yil 17 mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, mahalliy Kengashlarning deputatlar Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashmoqda. Yalpi majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bormoqda.
Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi majlisida belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari oldida turgan vazifalar ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, Suv kodeksini tasdiqlash, qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish, kreditorlarning garov bilan taʼminlangan talablarini qanoatlantirish tizimini yana-da takomillashtirishga oid muhim qonunlar muhokama qilinadi.
Senatorlar tomonidan zargarlik sanoatini yanada rivojlantirish va yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlashga hamda jamoat transportidan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan qonunlar ham ko‘rib chiqiladi.
Bundan tashqari, yalpi majlisda sudlar faoliyatining hamda fuqarolar huquq va erkinliklarining kafolatlarini kuchaytirishga, qamoqqa olinganlarga nisbatan qiynoqqa solish hollarining oldini olishga qaratilgan qonunlarni ham muhokama qilish rejalashtirilmoqda.
Yalpi majlis kun tartibi doirasida Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakilning (ombudsmanning) va Bola huquqlari bo‘yicha vakilining (Bolalar ombudsmanining) 2024-yildagi faoliyati bo‘yicha maʼruzalari eshitiladi.
Shuningdek, bir qator xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilishga doir, o‘zini o‘zi band qilish tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirishning ayrim masalalari yuzasidan hukumatga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari bilan bog‘liq masalalar ham yalpi majlis kun tartibidan o‘rin olgan.
Yalpi majlisda ko‘riladigan masalalar mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning bosh mezoni – Inson qadri hamda huquq va erkinliklarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Majlis videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkaziladi.
Yalpi majlisda ko‘rib chiqiladigan masalalarni YouTube orqali onlayn kuzatish mumkin.