Inson salomatligi va farovon hayotini ta’minlashda to‘yimli hamda sifatli oziq-ovqat mahsulotlarining o‘rni beqiyos. Ana shunday mahsulotlar qatorida baliq o‘zining yuqori oziqaviy qiymati, parhezbopligi va shifobaxsh xususiyatlari bilan alohida o‘rin egallaydi. Bugungi kunda aholining oqsilga boy mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyoji ortib borayotgan bir sharoitda baliqchilik nafaqat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, balki iqtisodiy taraqqiyot, aholi bandligi va eksport salohiyatini oshirishning muhim omillaridan biriga aylanmoqda. Shu bois mamlakatimizda mazkur tarmoqni zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlantirish, uning imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbariga baliqchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha taqdim etilgan takliflar ham sohada yangi bosqichni boshlab berishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun mamlakatimizda 173 ming kilometrdan ziyod daryo va kanal o‘zanlari mavjud. Mavjud suv resurslari cheklangan bo‘lishiga qaramay, yurtimiz Markaziy Osiyoda baliq yetishtirish bo‘yicha yetakchi o‘rinlardan birini egallab kelmoqda. Joriy yilda 206 ming tonnadan ortiq baliq yetishtirilgani ham sohada muayyan natijalarga erishilganini ko‘rsatadi. Biroq bu mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmoqda, degani emas.
Bugungi kunda dunyo amaliyoti suvni tejaydigan va yuqori samara beradigan intensiv texnologiyalarga tayanmoqda. Mamlakatimizda esa intensiv usulda yetishtirilayotgan baliq umumiy hajmning taxminan beshdan bir qismini tashkil etmoqda, xolos. Vaholanki, aynan shunday texnologiyalar oz maydon va kam suv sarflagan holda yuqori hosildorlikka erishish imkonini beradi. Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilsa, baliq yetishtirish hajmini bir necha barobar oshirish mumkin.
Shu bois sohada yangi yondashuv va zamonaviy mexanizmlarni joriy etish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tabiiy suv havzalari va suv omborlarini ijaraga berishning shaffof tizimini yaratish, intensiv xo‘jaliklarni suv bilan barqaror ta’minlash, tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash kabi choralar soha rivojiga kuchli turtki beradi. Ayniqsa, yopiq suv aylanma tizimlarini joriy etish, quyosh panellaridan foydalanish va imtiyozli kreditlar ajratilishi ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirib, mahsulot hajmini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Baliqchilikning kelajagi faqat texnologiyalarga emas, ilm-fan va naslchilik ishlariga ham bevosita bog‘liq. Sifatli chavoq, mustahkam genetik baza va yuqori mahsuldor zotlar har qanday baliqchilik xo‘jaligining asosiy boyligi hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, karp, laqqa, forel va osyotr kabi qimmatbaho turlarning naslini yaxshilash, ularni mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanishi sohaning istiqbolini belgilab beradi.
Ahamiyatlisi, ilmiy asoslangan yondashuvlar nafaqat mahsuldorlikni oshiradi, balki suv resurslaridan samarali foydalanish, xarajatlarni kamaytirish va yuqori sifatli mahsulot yetishtirish imkonini beradi. Bu esa o‘z navbatida ichki bozorni sifatli baliq mahsulotlari bilan ta’minlash, eksport hajmini ko‘paytirish va sohaning raqobatbardoshligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Taqdimotda kadrlar masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgani diqqatga sazovor. Chunki zamonaviy texnologiyalar va ilmiy yutuqlarni amaliyotga joriy eta oladigan kadrlarsiz erishilgan har qanday islohot to‘liq samara bermaydi. Shu bois, baliqchilik sohasi uchun mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish, o‘quv dasturlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish hamda amaliyot bilan uzviy bog‘liq ta’lim muhitini shakllantirish dolzarb ahamiyatga ega.
Shundan kelib chiqqan holda, tegishli oliygohlarda xalqaro hamkorlik asosida qo‘shma fakultetlar tashkil etish, zamonaviy bilim va tajribani mamlakatimizga olib kirish hamda baliqchilik sohasida yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.
Yana bir muhim jihat bu sohani raqamlashtirishdir. Bugun raqamli texnologiyalar barcha tarmoqlarda samaradorlikni oshirayotgan bir paytda baliqchilik ham bu jarayondan chetda qolmasligi lozim. Suv resurslari, yer maydonlari, mahsulot hajmi va soliq to‘lovlarini yagona elektron platforma orqali boshqarish shaffoflikni ta’minlash bilan birga, noqonuniy faoliyatlarning oldini olish imkonini ham yaratadi.
Taqdimotda Prezidentimiz tomonidan bildirilgan fikr va topshiriqlardan yaqqol ko‘rinib turibdiki, baliqchilik tarmog‘i mamlakat iqtisodiyotining eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida alohida e’tibor markazida turibdi. Mazkur sohada zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, ilmiy yondashuv va samarali boshqaruv mexanizmlarini kuchaytirish orqali nafaqat ishlab chiqarish hajmini sezilarli oshirish, balki aholini arzon, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, sohaning rivoji yangi ish o‘rinlari yaratish, qishloq aholisi daromadlarini oshirish hamda mamlakatning eksport salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu esa baliqchilik tarmog‘ini iqtisodiyotning strategik va raqobatbardosh yo‘nalishlaridan biriga aylantirishda muhim omildir.