Davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida byurokratiya yanada qisqaradi

Yaqin-yaqinlargacha biror hujjat olish yoki rasmiylashtirish uchun odamlar turli idoralar eshigini qoqib, soatlab navbat kutishga majbur edi. Oddiy ma’lumotnoma yoki ruxsatnoma uchun bir nechta tashkilotga borish, ortiqcha hujjat to‘plash, qog‘ozbozlik aholini ancha ovora qilardi. Ayniqsa, vaqtning behuda sarflanishi, uzoq kuttirish va byurokratik to‘siqlar odamlarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lar edi.

Keyingi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda davlat xizmatlari tizimini isloh qilishga qaratilgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar natijasida bu sohada mutlaqo yangi tizim shakllandi. Bugun Davlat xizmatlari markazlari aholi uchun qulay va zamonaviy xizmat ko‘rsatish maskaniga aylandi. Endi aksariyat xizmatlar bir joyning o‘zida tez, shaffof va ortiqcha ovoragarchiliksiz ko‘rsatilmoqda. Eng muhimi, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan bunday islohotlar odamlarning vaqti, mablag‘ini tejab, ularning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlamoqda.

Prezidentimizning davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida byurokratiyani qisqartirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishgani mazkur jarayon yanaда rivojlanib, yangi bosqichga kirayotganidan dalolatdir.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi, davlat xizmatlari tizimida ham katta o‘zgarishlar amalga oshirildi. Xususan, davlat xizmatlari ko‘lamining 10 barobarga oshib, 61 milliondan ortiqqa yetgani bu sohada qilingan ishlar besamar ketmaganini ko‘rsatib turibdi. Asosiysi, xizmatlarning 80 foizi onlayn shaklga o‘tkazilgan.

Biroq amalga oshirilgan ishlarga qaramay, sohada hali ham ortiqcha tartib-taomillar, qog‘ozbozlik va takrorlanuvchi talablar saqlanib qolmoqda. Bugun davlat organlarida 5 ming 650 ta funksiya, biznesni tartibga soluvchi 42 mingdan ziyod majburiy talab va 1 ming 41 ta davlat xizmati mavjud ekani tizim hali ham murakkabligicha qolayotganini ko‘rsatmoqda.

Yig‘ilishda “Bunday ko‘p funksiya va talablar tizimni samarasiz, qimmat va ba’zan adolatsiz qilib qo‘yishi mumkin. Shu bois, faqat deregulyatsiya, raqamlashtirish va soddalashtirish - eng to‘g‘ri yo‘l”, - dedi davlatimiz rahbari. Haqiqatan ham ortiqcha byurokratiya nafaqat iqtisodiy samaradorlikni pasaytiradi, balki korrupsiya xavfini ham kuchaytiradi.

Sir emas, O‘zbekistonni 2030-yilga qadar “ortiqcha byurokratiyadan xoli hudud”ga aylantirish maqsadida Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda maxsus dastur boshlangan. Zotan, ayni paytda BAA davlat xizmatlarini raqamlashtirish va byurokratiyani qisqartirish bo‘yicha dunyodagi eng ilg‘or mamlakatlardan biri hisoblanadi. Shu jihatdan ushbu hamkorlik biz uchun muhim institutsional tajriba maktabi vazifasini o‘tamoqda.

Dastur doirasida davlat organlari funksiyalarini 30 foizga qisqartirish, biznesga qo‘yiladigan talablarni 20 foizgacha maqbullashtirish va elektron davlat xizmatlari ulushini 90 foizdan oshirish rejalashtirilgani islohotlarning qanchalik keng ko‘lamli ekanidan darak berib turibdi.

Bu yerda eng muhim jihat shuki, endilikda davlat nazorat qiluvchi funksiyadan servis modeliga o‘tmoqda. Bu nima degani? Ya’ni endilikda davlat idoralari fuqaro va tadbirkor uchun to‘siq emas, balki xizmat ko‘rsatuvchi tizim sifatida faoliyat yuritadi.

Taqdimotda 783 ta davlat xizmatiga “nol byurokratiya” tamoyilini joriy etish taklif qilingani islohotlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. “Nol byurokratiya” deganda, fuqaro davlat xizmatini olish uchun ortiqcha hujjat taqdim etmasligi, bir idoradan ikkinchisiga yugurmasligi va davlat tizimi ichidagi ma’lumot almashinuvi avtomatik tarzda amalga oshishi nazarda tutiladi.

Bu orqali 550 turdagi davlat xizmati elektron shaklga o‘tkaziladi. Eng ahamiyatlisi, xizmat ko‘rsatish bosqichlari ikki barobar qisqaradi. Bu esa aholi uchun vaqt tejalishi, ortiqcha ovoragarchilikning bartaraf bo‘lishi va inson omilining qisqarishi demakdir.

Yana 80 turdagi xizmatni proaktiv va kompozit shaklga o‘tkazish rejalashtirilgani ham muhim yangilik. Proaktiv xizmat deganda davlat ma’lumotlar bazasi asosida fuqaroga avtomatik tarzda xizmat taklif qilishi tushuniladi. Masalan, farzand tug‘ilganda bolani avtomatik ro‘yxatga olish yoki pensiya yoshiga yetganda murojaatsiz pensiya tayinlash kabi tizimlar shular jumlasidandir.

Kompozit xizmat esa bir nechta xizmatlarni yagona tizim orqali ko‘rsatishni anglatadi. Bu fuqaroning turli idoralarga murojaat qilish ehtiyojini kamaytiradi.

Ay­tish kerakki, byurokratiyani qisqartirish nafaqat aholi uchun qulaylik yaratadi, balki iqtisodiyotga ham katta ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, ma’muriy yukni qisqartirish iqtisodiyotga yiliga 1,5 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri samara beradi. Bu juda katta raqam. Chunki tadbirkor ortiqcha ruxsatnoma yoki hujjat uchun vaqt sarflamasa, o‘z e’tiborini ishlab chiqarish va biznesni kengaytirishga qaratadi.

Tartibga solish sifatining yaxshilanishi qo‘shimcha 800 million dollar xorijiy investitsiya jalb etish imkonini yaratishi ham bejiz emas. Chunki investor uchun eng muhim omillardan biri - shaffof va sodda boshqaruv tizimidir.

Mehnat unumdorligining yiliga 750 million dollarga oshishi esa davlat va biznes o‘rtasidagi munosabatlar qanchalik samarali tashkil etilsa, iqtisodiyot shunchalik tez rivojlanishini ko‘rsatadi.

Umumiy hisobda 2026–2030-yillarda byurokratiyani qisqartirish choralari iqtisodiyotning qo‘shimcha 13 milliard dollarga o‘sishiga xizmat qilishi mumkinligi mazkur islohotlarning strategik ahamiyatini yanada yaqqol namoyon etadi.

Taqdimotda reestr.gov.uz platformasi orqali davlat funksiyalari va xizmatlari reyestrlarini yuritish taklifi ham katta ahamiyatga ega. Negaki, yagona raqamli reyestr tizimi davlat boshqaruvida shaffoflikni ta’minlaydi, funksiyalar takrorlanishining oldini oladi va qaror qabul qilish jarayonini tezlashtiradi.

“Bureaucracy radar” tizimi orqali idoralar faoliyatini baholash taklifi esa davlat xizmatlarini zamonaviy menejment asosida tashkil etishga qaratilgan. Bu orqali qaysi sohada ortiqcha byurokratiya saqlanib qolayotgani aniqlanadi va tezkor choralar ko‘rish imkoniyati vujudga keladi.

Sun’iy intellekt orqali tahlil qilish mexanizmining joriy etilishi esa davlat boshqaruvini yangi texnologik bosqichga olib chiqadi. AI tizimlari orqali hujjat aylanishi, ortiqcha jarayonlar va samarasiz funksiyalar avtomatik tahlil qilinishi mumkin.

Bir so‘z bilan aytganda, kelgusida mazkur islohotlarning izchil amalga oshirilishi Yangi O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda eng zamonaviy va raqamlashgan davlat boshqaruvi tizimiga ega mamlakatga aylantiradi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish