Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar mamlakatimiz taraqqiyotini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqmoqda. Bugun yurtimizda barcha sohalarda kechayotgan bunyodkorlik jarayonlari xalqimizning ertangi kuniga boʻlgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda. Ana shunday tarixiy ahamiyatga ega voqealardan biri joriy yilning 4-iyun kuni Jizzax viloyatining Forish tumanida sodir boʻldi. Shu kuni mamlakatimizda barpo etilayotgan ilk integratsiyalashgan atom elektr stansiyasining birinchi energiya bloki poydevorini qoʻyish ishlariga rasman start berildi. Bu voqea Yangi Oʻzbekistonning sanoat, energetika va ilm-fan sohalarida yangi davrni boshlab beruvchi muhim qadam sifatida mamlakatimiz taraqqiyoti solnomasidan munosib oʻrin egallaydi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning videomuloqoti, shuningdek, Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) bosh direktori Rafael Grossining telekoʻprik orqali ishtirokida oʻtgan marosim albatta mintaqaviy miqyosda olib qaraganda tarixiy voqelikdir. Bu yangilik Oʻzbekistonning iqtisodiy va texnologik suverenitetini mustahkamlash, milliy sanoatni yangi bosqichga olib chiqish va eng muhimi — aholi farovonligini kafolatlashga qaratilgan uzoq muddatli siyosiy irodaning amaliy ifodasidir.
Dastlabki bosqichlarda loyiha faqat kichik quvvatli modulli reaktorlar bazasida qurilishi rejalashtirilgan edi. Biroq, mamlakat iqtisodiyotining shiddatli oʻsish surʼati, aholi sonining koʻpayishi va yirik sanoat hablarining shakllanishi energiyaga boʻlgan talabni yanada oshirishni taqozo etdi. Shu bois, 2026-yilning 24-mart kuni ikki davlat oʻrtasida imzolangan yangi konfiguratsiyani nazarda tutuvchi qoʻshimcha kelishuv va hamkorlik yoʻl xaritasi loyihani sifat va miqdor jihatdan mutlaqo yangi bosqichga koʻtardi.
Eʼtiborga molik jihati Jizzaxda qad rostlayotgan majmua dunyodagi ilk integratsiyalashgan, yaʼni gibrid AESlardan biri boʻladi. Shuningdek, kompleksning umumiy quvvati 2,1 gigavattdan oshishi kutilmoqda. Demakki, bunday masshtabdagi loyiha Oʻzbekistonni Markaziy Osiyoning yadroviy texnologiyalar va “yashil energetika” markaziga aylantiradi.
Aytish kerakki, atom energetikasining poydevori bir kunda yaratilgani yoʻq. Bu loyihalar davlatimiz rahbarining soʻnggi yillar davomida energetika sohasini transformatsiya qilish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va tizimni diversifikatsiya qilish yoʻlida olib borgan izchil siyosatining chinakam mahsulidir.
Qayd etish joizki, mamlakatimiz uran zaxiralari boʻyicha dunyodagi yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Biroq uzoq yillar davomida bu strategik xomashyo faqat eksport qilingan. Yangi strategiya doirasida ushbu xomashyoni mamlakat ichida yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotga — elektr energiyasiga aylantirish vazifasi qoʻyildi. Davlat rahbari taʼkidlaganidek:
“Biz uran zaxiralari boʻyicha dunyodagi yetakchi davlatlardan birimiz. Yangi gibrid stansiyaning butun faoliyati uchun 19,5 tonna uran yetarli boʻladi. Shuning uchun ham bu loyiha bizning kelajagimiz uchun juda muhim”.
Energetika sohasidagi islohotlarning eng muhim yutugʻi shundaki, Oʻzbekiston faqat anʼanaviy gaz yoki koʻmirga suyanib qolmasdan, quyosh, shamol va atom energetikasining mutanosibligini yarata oldi. Bu milliy iqtisodiyotning global inqirozlar va xomashyo narxlarining tebranishidan himoyalanganligini anglatadi.
Yadroviy energetika haqida soʻz ketganda, xavfsizlik masalasi hamisha birinchi oʻringa chiqadi. Oʻzbekiston rahbariyati bu masalaga siyosiy va huquqiy jihatdan eng ustuvor vazifa sifatida yondashmoqda. Stansiya qurilishi va keyingi ekspluatatsiya jarayonlari xalqaro xavfsizlik meʼyorlariga toʻliq mos ravishda va doimiy nazorat ostida amalga oshirilmoqda. Marosimda Rafael Grossining shaxsan ishtirok etgani ham xalqaro hamjamiyatning Oʻzbekiston tanlagan yoʻlga, uning ochiqlik va masʼuliyatlilik tamoyillariga boʻlgan yuksak ishonchidan dalolat beradi.
Shu bilan birga, mazkur loyiha Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining eng oliy koʻrinishi sifatida ikki davlat rahbarlarining energetika va yuqori texnologiyalar sohasidagi strategik aloqalari izchil davom etishiga yorqin ishoradir.
Ilk energoblokni ishga tushirish 2029-yilga rejalashtirilgan boʻlib, keyingi toʻqqiz yil (2026–2035-yillar) Oʻzbekiston uchun chinakam texnologik va sanoat renessansi davri boʻladi.
Ushbu megaloyiha istiqbolida iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy jihatdan quyidagi samaradorlikni koʻrish mumkin.
Stansiya toʻliq quvvat bilan ishga tushgach, yiliga 15–17 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu mamlakatning umumiy elektr energiyasi ehtiyojining 14–15 foizini qoplaydi. Natijada, yirik sanoat korxonalari va tadbirkorlik subyektlari uzluksiz, sifatli va arzon energiya bilan taʼminlanadi.
AES ishga tushishi hisobiga yiliga milliardlab kub metr tabiiy gaz tejalib qoladi. Tejalgan gaz kimyo sanoatida chuqur qayta ishlanib, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar sifatida eksport qilinadi yoki kelajak avlodlar uchun strategik zaxira sifatida saqlanadi.
Atom energetikasi atmosferaga karbonat angidrid (CO₂) gazlari chiqishini sezilarli darajada kamaytiradi. Bu Oʻzbekistonning Parij iqlim kelishuvi doirasidagi majburiyatlarini bajarishiga va xalqaro maydonda “yashil iqtisodiyot” yetakchilaridan biriga aylanishiga xizmat qiladi.
Bu loyiha Oʻzbekiston uchun kamida 60 yillik kelajak loyihasidir. Stansiya atrofida yangi ilmiy maktablar, yadro fizikasi va muhandisligi boʻyicha yuqori malakali milliy kadrlar avlodi shakllanadi. Minglab yoshlar uchun jahon standartlariga mos, yuqori maoshli va barqaror ish oʻrinlari yaratiladi.
Bir soʻz bilan aytganda, Jizzaxda AES qurilishi - bu Yangi Oʻzbekistonning qudrati, uzoqni koʻra bilish siyosati va porloq kelajagiga qoʻyilgan mustahkam tamal toshidir. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, bu strategik yoʻnalishda toʻxtab qolish niyatimiz yoʻq. Ushbu loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi yurtimizni dunyoning eng rivojlangan va texnologik jihatdan mustaqil davlatlari qatoriga olib chiqadi.