Giyohvandlikka qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib qoladi

 

Giyohvandlik bir inson taqdiri bilan cheklanib qolmaydigan, balki jamiyatning maʼnaviy ustunlarini yemiruvchi, xavfsizlikka tahdid soluvchi jiddiy illatdir. U oilalarni parokanda qiladi, yoshlar kelajagini xavf ostiga qoʻyadi va jinoyatchilikning ortishiga zamin yaratadi.

 

Shu bois Oʻzbekistonda giyohvandlikka qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangan. Soʻnggi yillarda qabul qilinayotgan farmon va qarorlar bu yoʻnalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Ayniqsa, profilaktika, davolash va reabilitatsiya tizimini rivojlantirish, internet orqali tarqalayotgan noqonuniy taʼsirlarga qarshi kurashni kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish esa ustuvor vazifaga aylanmoqda.

 

Davlatimiz rahbari tomonidan 2026-yil 11-iyunda imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarining va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun ana shu ehtiyoj va zamon talabidan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan.

 

Mazkur hujjat giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish boʻyicha huquqiy mexanizmlarni tubdan takomillashtirib, davlatning bu sohadagi qatʼiy pozitsiyasini yana bir bor namoyon qildi.

 

Qonunning eng muhim yangiliklaridan biri Jinoyat kodeksida “Aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar” deb nomlangan alohida bobning tashkil etilganidir. Bu huquqiy yondashuv giyohvandlik bilan bogʻliq jinoyatlarga mutlaqo yangi baho berilayotganini koʻrsatadi. Endi mazkur qilmishlar faqat jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyat sifatida emas, balki millat salomatligi va kelajak avlod taqdiriga qarshi tahdid sifatida baholanmoqda.

 

Mazkur bobga avvaldan mavjud boʻlgan 16 ta modda bilan bir qatorda, aholi salomatligiga oʻta xavfli boʻlgan yangi jinoyat tarkiblari ham kiritildi. Bu esa giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq jinoyatlarga qarshi kurashish davlat siyosatida alohida ustuvor ahamiyat kasb etayotganini anglatadi.

 

Soʻnggi yillarda sintetik narkotiklar bilan bogʻliq jinoyatlar soni ortib borayotgani kuzatilmoqda. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bugungi kunda tarqalayotgan koʻplab sintetik narkotiklar aynan yashirin narkolaboratoriyalarda tayyorlanmoqda.

 

Maʼlumotlarga koʻra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan faqat soʻnggi toʻrt oyning oʻzida mamlakat hududida 14 ta narkolaboratoriya faoliyati fosh etilgan. Bu raqamning oʻziyoq xavfning koʻlamini koʻrsatib turibdi.

 

Shu munosabat bilan qonunchilikka gʻayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish va uning faoliyatini taʼminlash uchun alohida jinoiy javobgarlik kiritildi. Bunday qilmishlar uchun 5 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi. Bu norma narkotiklarni tarqatuvchilarga emas, balki ularni ishlab chiqaruvchi va jinoiy zanjirning asosiy boʻgʻinini tashkil etuvchi shaxslarga qarshi kurashish imkonini beradi.

 

Tajriba shuni koʻrsatadiki, yirik narkojinoyatlar ayrim hollarda korrupsion omillar bilan bogʻliq boʻladi. Ayrim mansabdor shaxslarning xizmat vakolatlaridan foydalanib jinoyatchilarga koʻmaklashishi yoki ular haqidagi maʼlumotlarni yashirishi jamiyat uchun ikki karra xavf tugʻdiradi.

 

Shu sababli qonun bilan mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilish orqali narkotik vositalarning noqonuniy muomalasiga homiylik qilish, rahnamolik qilish yoki bunday jinoyatlar fosh boʻlishining oldini olish maqsadida oldindan xabar berish uchun ham 5 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi. Bu davlatning narkotik biznesi bilan bogʻliq har qanday korrupsion munosabatlarga nisbatan murosasiz siyosat yuritayotganini anglatadi.

 

Giyohvandlikning tarqalishida bangixonalar alohida oʻrin tutadi. Bunday joylar nafaqat narkotik vositalar isteʼmol qilinadigan muhit, balki yangi isteʼmolchilar jalb qilinadigan va boshqa jinoyatlar sodir etiladigan xavfli nuqtalar hisoblanadi.

 

Hujjat bilan giyohvandlik vositalari yoki kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni isteʼmol qilish va tarqatish uchun bangixona tashkil qilish yoki saqlash uchun 3 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ham nazarda tutildi. Bu orqali narkotiklar tarqalishi uchun sharoit yaratayotgan shaxslarga qarshi taʼsirchan huquqiy toʻsiq yaratilmoqda.

 

Giyohvandlikning eng ogʻir oqibatlari, avvalo, yoshlar hayotida namoyon boʻladi. Narkotik moddalar taʼsiriga tushib qolgan yosh koʻpincha taʼlimdan uzoqlashadi, mehnat bozorida raqobatbardoshligini yoʻqotadi va jinoyatchilik muhitiga kirib qoladi. Shuning uchun ham yangi qonunda yoshlar va voyaga yetmaganlarni himoya qilishga alohida eʼtibor qaratildi.

 

Endilikda voyaga yetmagan shaxsni kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni isteʼmol qilishga jalb etganlik uchun toʻgʻridan-toʻgʻri jinoiy javobgarlik belgilandi. Bundan tashqari, taʼlim muassasalari, talabalar yotoqxonalari, bolalar oromgohlari yoki ularga tutash hududlarda narkotik yoki kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni isteʼmol qilishga jalb qilish uchun 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etildi.

 

Mazkur qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga ham muhim oʻzgartirish kiritildi. Endilikda giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni jamoat joylarida isteʼmol qilganlik uchun 15 sutkagacha maʼmuriy qamoq jazosi belgilandi. Chunki aholi koʻz oʻngida narkotik moddalar isteʼmol qilinishi boshqalarga, ayniqsa, yoshlarga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Bu esa gʻayriijtimoiy xulq-atvorning ommalashishiga sabab boʻladi.

 

Tahlillar soʻnggi yillarda narkojinoyatlar boʻyicha takroriy huquqbuzarliklar koʻpayganini koʻrsatmoqda. Ayrim hollarda mahkumlar jazo muddatining yarmidan ham kam qismini oʻtab, ozodlikka chiqqan va qisqa vaqt ichida yana jinoyat sodir etgan.

 

Maʼlumotlarga koʻra, soʻnggi toʻrt yil davomida narkojinoyatlarni takroran sodir etgan shaxslar soni 125 foizga oshgan. Shu bois ayrim oʻta ogʻir narkojinoyatlar uchun muddatidan ilgari shartli ozod qilish tartibi qoʻllanilmasligi belgilandi. Shuningdek, narkotiklarni koʻp miqdorda oʻtkazish bilan bogʻliq jinoyatlar uchun jazo choralari yanada kuchaytirildi.

 

Xulosa oʻrnida aytganda, qonun mamlakatimizda narkojinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi huquqiy siyosatni yangi bosqichga olib chiqmoqda. U nafaqat jazolarni ogʻirlashtirish, balki jinoyatlarning oldini olish, aholi salomatligini muhofaza qilish, millat genofondini asrash va yoshlarni xavfli taʼsirlardan himoya qilishga qaratilgan kompleks yondashuvni oʻzida mujassam etgan. Eng muhimi, ushbu hujjat jamiyatga muhim signal bermoqda: giyohvandlik va narkojinoyatchilikka nisbatan murosasiz munosabat davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib qoladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish