Sir emas, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan ezgu tamoyil mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning bosh mezoniga aylandi. Bugun yurtimizda qabul qilinayotgan har bir qaror, har bir dastur va har bir islohot markazida inson, uning huquq va manfaatlari, turmush sharoitini yanada yaxshilash kabi ezgu maqsadlar mujassam. Zotan, kuchli davlatning haqiqiy qiyofasi aholi, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga yaratilayotgan sharoit, ularning hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan sa’y-harakatlarda yaqqol namoyon bo‘ladi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish, aholiga davlat xizmatlarini yanada yaqinlashtirish, ko‘makka muhtoj insonlarni manzilli qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu islohotlarning amaliy ahamiyati shundaki, ular faqatgina moddiy yordam berishni ko‘zlamaydi. Asosiy e’tibor insonni mushkul vaziyatdan chiqarish, uning imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan.
Shu nuqtayi nazardan, davlatimiz rahbarining alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni ta’lim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan hamda odam savdosidan jabrlangan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, imtiyozli transport xizmatlarini raqamlashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgani bu borada boshlangan ishlarni yangi bosqichga olib chiqadi. E’tiborga molik jihati, taqdimotda taklif etilayotgan yangi mexanizmlar ijtimoiy himoya tizimini yanada manzilli, shaffof va samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
Yangi tizimning muhim jihati shundaki, endi fuqaro yordam izlab idorama-idora yurmaydi. Aksincha, davlat xizmatlari inson yashaydigan mahallaga, uning xonadoniga kirib boradi. Bu yondashuv muammoning oqibatini bartaraf etishdan ko‘ra, uni erta aniqlash va o‘z vaqtida manzilli ko‘mak ko‘rsatishga asoslangan. Natijada ijtimoiy himoya faqat murojaatga javob berish tizimi emas, balki inson hayotida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklarning salbiy ta’sirini kamaytirishga xizmat qiladigan samarali mexanizmga aylanmoqda.
Amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasi raqamlarda ham yaqqol aks etmoqda. Agar bir necha yil avval aholiga 23 turdagi ijtimoiy xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, bugun ularning soni 140 taga yetdi. Bu shunchaki statistik ko‘rsatkich emas, balki davlat tomonidan inson ehtiyojlariga nisbatan yondashuv tubdan o‘zgarayotganining amaliy ifodasidir. Har yili o‘rtacha 4,6 milliondan ortiq ijtimoiy xizmat ko‘rsatilayotgani tizimning qamrovi tobora kengayib, uning samaradorligi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Ijtimoiy xizmatlarning aynan mahalla tizimi orqali tashkil etilayotganida ham ma’no bor. Ya’ni mahalla har bir xonadonning holidan xabardor, qaysi oila qo‘llab-quvvatlashga muhtojligi, qaysi keksaning parvarishga ehtiyoji borligi yoki qaysi bolaga ta’lim va ijtimoiy xizmatlar zarurligini boshqalardan ko‘ra yaxshiroq biladi. Shu ma’noda mahalla nafaqat aholini birlashtiruvchi ijtimoiy institut, balki davlatning insonparvarlik siyosatini hayotga tatbiq etuvchi noyob institutga aylanmoqda.
Taqdimotda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar masalasiga urg‘u berilgani ham bejiz emas. Zero, har qanday davlatning taraqqiyoti yoki jamiyatning ma’naviy kamoloti, eng avvalo, uning ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga, ayniqsa, bolalarga bo‘lgan munosabati bilan o‘lchanadi. Chunki har bir bola, jismoniy yoki funksional imkoniyatlaridan qat’i nazar, bilim olish, o‘z iqtidorini ro‘yobga chiqarish va jamiyatda munosib o‘rin egallash huquqiga ega.
Bugun mamlakatimizda 168 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan bolalar istiqomat qiladi. Keyingi yillarda ularni ta’lim bilan qamrab olish borasida sezilarli ishlar amalga oshirildi, zamonaviy inklyuziv ta’lim muhitini shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar boshlandi. Shunga qaramay, hali ham qariyb 35 ming nafar bolaning ta’lim jarayonidan chetda qolayotgani bu sohada qilinishi lozim bo‘lgan ishlar hali ko‘pligini ko‘rsatadi. Bu raqamlar ortida orzu-umid bilan yashayotgan, bilim olishga intilayotgan, ammo turli to‘siqlar tufayli o‘z imkoniyatlarini to‘la namoyon eta olmayotgan minglab bolalar taqdiri yotibdi.
Shu bois mazkur masalaga faqat ta’lim sohasining vazifasi sifatida emas, balki butun jamiyatning umumiy mas’uliyati sifatida yondashish to‘g‘ri bo‘ladi. Binobarin, har bir bolaning ta’lim olish huquqini ta’minlash uning kelajagiga sarmoya kiritish, bilimli, mustaqil va faol fuqaroni tarbiyalash demakdir. Inklyuziv ta’limni rivojlantirish esa faqat imkoniyati cheklangan bolalar uchun emas, balki bag‘rikenglik, tenglik va ijtimoiy adolat tamoyillari qaror topgan jamiyatni barpo etish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
Har bir bola mamlakatimiz kelajagidir. Shu bois uning sifatli ta’lim olishi va o‘z qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi davlat siyosatidagi eng muhim vazifalardan biri bo‘lishi lozim. Ana shu hayotiy tamoyildan kelib chiqib, har bir bola bilan “oilabay” ishlash tizimining joriy etilishi ayni muddaodir. Negaki, shu orqali bolaning ehtiyojlari erta aniqlanib, sog‘lig‘i, funksional imkoniyatlari va rivojlanish darajasi kompleks baholanadi hamda unga mos ta’lim va ijtimoiy xizmatlar tashkil etiladi. Eng muhimi, mazkur yondashuv har bir bolaning imkoniyati va ehtiyojidan kelib chiqqan holda manzilli qo‘llab-quvvatlash tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.
Taqdimotda muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslar taqdiriga daxldor takliflar ham e’tiborga molikdir. Ilgari bunday muassasalar asosan vaqtinchalik boshpana vazifasini bajargan bo‘lsa, endi ular insonni hayotga qaytarishga xizmat qiladigan ijtimoiy tiklanish markazlariga aylanadi. Jumladan, ularga hujjatlarini tiklash, tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatish, kasb o‘rgatish hamda ishga joylashishida ko‘maklashish kabi xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, odam savdosidan jabrlangan shaxslarni erta aniqlash, ularga tibbiy, psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ham takliflar ishlab chiqilgan. Bunday insonlarga faqat moddiy yordam emas, balki jamiyatga qayta moslashish va munosib hayotni boshlash uchun kompleks ko‘mak zarur. Bu borada “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining vakolatlari kengayishi tizim samaradorligini yanada oshiradi.
Imtiyozli transport xizmatlarini raqamlashtirishga qaratilgan tashabbuslar esa ijtimoiy himoya sohasiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi. Bu orqali xizmatlardan foydalanishda inson omili qisqaradi, ortiqcha qog‘ozbozlik barham topadi, imtiyozlar haqiqiy ehtiyojmandlarga tez va shaffof yetkaziladi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur tizimli islohotlar zamirida imkoniyati cheklangan va yordamga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun keng imkoniyatlar yaratishdek ezgu maqsad mujassam.