Har qanday jamiyatning kuchi, avvalo, uning eng quyi bo‘g‘inidagi barqarorlik, hamjihatlik va odamlarga yaratilgan sharoit bilan o‘lchanadi. Shu ma’noda mahalla nafaqat tarix, balki bugungi va ertangi kunimizni ham bog‘lab turuvchi maskan ekanligini yaxshi bilamiz. Shu bilan birga, mahalla milliyligimiz timsoli hamda qadriyatlar va urf-odatlarni avloddan avlodga yetkazuvchi ijtimoiy makon sifatida o‘zligimizni anglashga, milliy g‘urur va vatanparvarlikni yuksaltirishga xizmat qilib kelmoqda. Umuman olganda, dunyoda analogi yo‘q, juda qadim tarixiy ildizga ega bo‘lgan mahallalar ijtimoiy hamkorlik maskani sifatida sharqona demokratiyaning yadrosiga aylangan desak, mubolag‘a emas.
Mustaqillik yillarida davlatimiz tomonidan mahallaga bo‘lgan e’tibor kuchaytirildi, mahalla hamjihatlik maskani sifatida yanada faollashdi. Mahallaning jamiyatdagi ijtimoiy mavqei qayta tiklandi, uni faol jamoaviy tuzilma sifatida shakllantirish bo‘yicha aniq choralar ishlab chiqildi. Tizimni yanada rivojlantirish, mahallaning fuqarolarga chinakam ko‘makchi tuzilma sifatida shakllantirilishida mustaqil O‘zbekistonning mavjud qonunchilik bazasi ham takomillashtirildi. Jumladan, o‘zini o‘zi boshqarish organi sifatida mahallaning vakolatlari kengaytirilib, jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va maqomi mustahkamlandi.
Aytish lozimki, O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans davri”ning boshlanishi mahalla institutlarining ijtimoiy-siyosiy jihatdan sayqal topa boshlagan davri bilan baholanadi. Eslasak, dunyo pandemiya tufayli “begonalashuv”, ya’ni insonlarning bir-biridan uzoqlashuvi, egotsentrizm xavfi ostida turgan bir vaqtda, mahallada istiqomat qiluvchi insonlarda hamfikrlilik, birdamlik, bag‘rikenglik kabi jamiyatning eng oliy qadriyatlari saqlanib qoldi. Mahalla boshqaruv tizimida yangi lavozimlar, jumladan, fuqarolar yig‘ini raisining huquq-tartibot masalalari, oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar, obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosar lavozimlari joriy etildi. Bu o‘ziga xos yo‘l bo‘lib, mahalla tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolar yig‘inlariga yaqindan ko‘maklashish, ularga davlat yordamini ko‘rsatish bo‘yicha sohadagi yangi davrni boshlab berdi.
Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda mahallaning yangicha qiyofasi shakllandi. “Mahalla raisi – islohotchi” tamoyili asosida aholining ijtimoiy masalalarini hal qilish yuzasidan yangi tizimni samarali joriy etish bosh mezon sifatida belgilab olindi. Bu “Yangi O‘zbekiston”ning davlat va jamiyat boshqaruvi sohasiga oid xalqchil, zaruriy va yangicha yondashuvi bo‘ldi. Endilikda mahalla raislari hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi muammolarini bartaraf etish, yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida davlat organlari va mutasaddi tashkilotlar oldiga aniq vazifalarni qo‘yish, ularning ijrosini qat’iy talab qilish vakolatiga ega bo‘ldi.
Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonning yangi qiyofadagi mahallasi muhim ijtimoiy institut sifatida shakllanib bormoqda. Ya’ni mahalla xalq bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ish olib boruvchi, oila, xotin-qizlar va keksalarni qo‘llab-quvvatlovchi tashkilotga aylandi. Bundan tashqari, bugungi kun mahallalari ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda muhim tashkilot sifatida faoliyat yuritmoqda.
2025-yilning 26-dekabr kuni davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida ta’kidlaganidek: “Bugungi murakkab zamonda yoshlarimizni turli sinovlarga chidamli, vatanparvar insonlar etib tarbiyalash, xalqimizni yanada birlashtirish va jipslashtirishda, hech shubhasiz, o‘zini o‘zi boshqarishning noyob tizimi bo‘lgan mahallaning o‘rni va ahamiyati katta. Barchamiz uchun ham ota, ham ona bo‘lgan mahallaga, shu asosda Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usining yuqoriligi ushbu institut avvalo ijtimoiy birdamlik manbai ekanini ko‘rsatadi. Tarix davomida qanday og‘ir sinovlarga duch kelmaylik, mashaqqatli kunlarda odamlarimiz, mahalla ahli yelkadosh bo‘lib qiyinchiliklarni yenggan. Oila – oilaga, qo‘shni – qo‘shniga ko‘mak berib yashagan. Biz mana shunday o‘ta noyob qadriyatimizga doimo sodiq qolishimiz, yosh avlodimizni ayni shu ruhda tarbiyalashimiz kerak. Mana shunday buyuk maqsadga erishishda mahalla tizimining o‘rni va ta’siri beqiyos. Chunki, mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat bo‘ladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi.”
Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, davlatimiz rahbari tomonidan 2026-yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilindi. Yangi yilning bunday nomlanishi, yil nomiga mos ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun alohida davlat dasturi qabul qilindi. Bu esa xalqimiz, ayniqsa, mahalla instituti tizimi zimmasiga katta mas’uliyat yukladi. Ushbu dasturda yurtimizdagi mahallalarni mehr-oqibat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish kabi dolzarb masalalar o‘z ifodasini topishini yurtboshimiz alohida ta’kidlagan edi. Shuningdek, barcha chora-tadbirlar katta hayotiy tajribaga ega mahalla raislari va faollari, hurmatli nuroniylar, serg‘ayrat yoshlar, ziyolilar, ishbilarmon tadbirkorlar, Vatan posbonlari, umuman, butun xalqimiz bilan birgalikda amalga oshirilishi lozimligi qayd etilgan.
Davlatimiz rahbari tomonidan shu yilning 10-iyul kuni qabul qilingan “Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon tizim rivojida yana bir katta amaliy qadam bo‘ldi desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Aytish kerakki, mazkur hujjat mohiyatida faqat tashkiliy o‘zgarishlar yoki yangi vazifalarni belgilash emas, balki inson taqdiriga befarq bo‘lmagan, har bir xonadon dardini o‘z dardi deb bilgan, aholi bilan birga yashaydigan va har qanday masalaga yakdil yechim izlaydigan mahalla tizimini shakllantirish g‘oyasi mujassamdir.
Farmon mahallaga yangi mas’uliyat, yangi ishonch va yangi imkoniyatlar beradi. Endi mahalla faqat muammolar qayd etiladigan joy emas, balki ularning oldi olinadigan, insonlar orzu-umidlari ro‘yobga chiqishiga xizmat qiladigan hayotiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilmoqda. Har bir oilaning farovonligi, yoshlarning bandligi, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, keksalar holidan xabar olish, jinoyatchilik va kambag‘allikning oldini olish kabi masalalar mahalla faoliyatining bosh mezoniga aylanmoqda.
E’tiborli jihati shundaki, mazkur farmon mahallani davlat bilan xalqni bog‘lab turuvchi eng yaqin va ishonchli ko‘prik sifatida ko‘radi. Muammolar endi yuqori idoralarga yetib borguncha vaqt yo‘qotmaydi, aksincha, ular mahallaning o‘zidayoq aniqlanib, tegishli idoralar bilan hamkorlikda tezkor hal etiladi. Shu tariqa mahallada mas’uliyat ham, tashabbus ham, javobgarlik ham kuchayadi.
Aslida, bu farmon mahalla haqida emas, inson haqida, desak to‘g‘ri bo‘ladi. U har bir fuqaro o‘zini e’tibor markazida his qiladigan, adolat va hamjihatlik ustuvor bo‘lgan hayot muhitini barpo etishga xizmat qiladi. Zero, mahalla obod bo‘lsa, jamiyat ham, davlat ham obod bo‘ladi.
Muxtasar aytganda, Yangi O‘zbekiston mahallalarida mehr-oqibat, ahillik, hamjihatlik, ogohlik va sog‘lom muhit tobora yuksalib bormoqda. Binobarin, ezgulik insonlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, o‘zaro ishonchni mustahkamlaydi, qo‘ni-qo‘shnichilik rishtalarini yanada kuchaytiradi. Bir-birining dardiga sherik, quvonchiga hamnafas bo‘lgan jamiyatdagina tinchlik va farovonlik barqaror bo‘ladi. Ana shunday muhitda yoshlar yuksak ma’naviyat va vatanparvarlik ruhida kamol topadi, keksalarga hurmat, ayollarga e’tibor, ehtiyojmandlarga mehr-muruvvat hayot tarziga aylanadi.