Navro‘z – inson qadri va milliy uyg‘onish timsoli

Navro‘z bayrami sharq xalqlari, jumladan o‘zbek xalqining ming yillik tarixga ega bo‘lgan eng qadimiy va ulug‘ bayramlaridan biridir. Yangilanish va ezgulik ramzi bo‘lgan Navro‘z asrlar davomida xalqimizning turmush tarzi, urf-odatlari va ma’naviy qadriyatlari bilan chambarchas bog‘lanib kelmoqda. Bu bayram nafaqat tabiatning uyg‘onishi, balki inson qalbida ham yaxshilik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik kabi fazilatlarning uyg‘onishini ifodalaydi.

Ushbu bayramning jamiyat hayotidagi ahamiyati bir necha jihatda ko‘zga tashlanadi.

Birinchidan, an’ana va qadriyatlarni saqlash: bayram asrlar davomida shakllangan an’ana va qadriyatlarni kelajak avlodga yetkazishga hissa qo‘shadi. Qolaversa, mazkur bayramning dunyo miqyosida targ‘ib qilinishi insoniyat nomoddiy madaniy merosini boyitadi.

Ikkinchidan, insoniy fazilatlarni tarbiyalash: umumxalq bayrami birdamlik, mehr-oqibat kabi fazilatlarni kuchaytirib, vatanparvarlik, mehnatsevarlik va tinchliksevarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

Uchinchidan, madaniy hamkorlikni rivojlantirish: yangi yil fasli turli xalqlar o‘rtasida madaniy hamkorlik va do‘stlikni mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi.

Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga ko‘ra, bu yil ham Navro‘z bayramini munosib nishonlash maqsadida “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan keng qamrovli tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy hamda targ‘ibot tadbirlari dasturi tasdiqlanib, uning izchil amalga oshirilishi belgilandi. Ushbu dastur orqali Navro‘zning tarixiy va ma’naviy mohiyatini keng targ‘ib etish, xalqimizni ezgu qadriyatlar atrofida birlashtirish ko‘zda tutilgan.

Qarorda Navro‘z tadbirlarini mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar mazmuni bilan uyg‘un holda o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilgani tahsinga sazovordir. Bu orqali jamiyatda yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni, aholining ongi va dunyoqarashidagi yangilanishlarni keng targ‘ib etish maqsad qilingan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Binobarin, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda bunday madaniy tadbirlarning ahamiyati beqiyosdir.

Ta’kidlash joizki, bu yil Navro‘z bayramining Ramazon hayiti bilan uyg‘un holda nishonlanishi uning ma’naviy mazmunini yanada boyitmoqda. Bu ikki bayramni birlashtiruvchi asosiy jihat — insonparvarlik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik kabi umuminsoniy qadriyatlardir.

Shu nuqtai nazardan, qarorda keksa avlod vakillarini, ayniqsa Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini e’zozlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga ko‘mak ko‘rsatish kabi vazifalarning belgilanishi jamiyatda ijtimoiy adolat va insonparvarlik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Masalaning muhim jihati shundaki, keksa avlodga e’tibor qaratish orqali tarixiy xotira va milliy qadriyatlar izchilligi ta’minlanadi. Kattalar hayoti va tajribasini ko‘rgan yoshlarda mas’uliyat, vatanparvarlik va insoniylik fazilatlari shakllanadi. Shu tariqa, bayram nafaqat hozirgi yosh avlodni birlashtiradi, balki avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy bog‘liqlikni ham mustahkamlaydi.

Qarorda nazarda tutilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshiriladigan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari Navro‘z bayramining amaliy ahamiyatini yanada oshirmoqda. Hasharlar, ko‘chat ekish aksiyalari orqali aholida nafaqat tabiatga nisbatan ehtiyotkorlik, balki jamoaviylik va faollik fazilatlari ham rivojlanadi. Qolaversa, bu orqali ekologik madaniyatni shakllantirishga erishiladi.

Umuman olganda, “Yashil makon” doirasida amalga oshirilayotgan ishlar Navro‘z bayramining nafaqat ma’naviy, balki amaliy mazmunini ham boyitib, uni xalqimizni bir maqsad yo‘lida birlashtiruvchi muhim ijtimoiy harakatga aylantiradi.

E’tiborga molik jihati Navro‘z tadbirlari doirasida hunarmandchilik ko‘rgazmalari, milliy sport musobaqalari, kitob yarmarkalari va savdo tadbirlarining tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Bu tadbirlar avvalo hunarmand va tadbirkorlar uchun o‘z mahsulotlarini keng jamoatchilikka namoyish etish, yangi mijozlar topish va bozorini kengaytirish imkonini beradi. Ayniqsa, milliy hunarmandchilik namunalarining taqdim etilishi nafaqat iqtisodiy faollikni oshiradi, balki asrlar davomida shakllangan an’analarni saqlash va ularni kelajak avlodga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Millatlararo totuvlikni mustahkamlash masalasi ham mazkur qarorda ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Bu bejiz emas. Zero, O‘zbekiston ko‘p millatli davlat sifatida turli etnik va madaniy guruhlar o‘rtasidagi hamjihatlikni saqlashga doimiy e’tibor qaratib kelmoqda. Bayram tadbirlarida turli millat va elat vakillarining urf-odatlari, milliy kiyimlari, qo‘shiq va raqslari, hunarmandlik mahsulotlari keng namoyish etilishi an’anaga aylangan desak to‘g‘ri bo‘ladi. Bu orqali fuqarolarda turli madaniy va etnik guruhlar qadriyatlariga hurmat tuyg‘usi yanada ortadi, ular o‘rtasidagi madaniy va ijtimoiy aloqalar mustahkamlanadi.

Masalan, mahallalarda tashkil etiladigan milliy taomlar va hunarmandchilik ko‘rgazmalari orqali fuqarolar o‘zlari tanish bo‘lmagan madaniy an’analar bilan tanishadilar. Bu jarayon jamiyatda o‘zaro ishonch va hamjihatlik muhitini kuchaytiradi, turli tushunmovchiliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

Navro‘z bayramining tarixi va an’analarini keng yoritish, yosh avlodni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda ommaviy axborot vositalari alohida o‘rin tutadi. Zero, aynan matbuot, radio, televizor va ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlar Navro‘zning tarixiy mohiyati, uning turli hududlardagi an’analari va ma’naviy mazmuni bilan tanishadi.

Masalan, bayram kunlari tashkil etiladigan ko‘rgazmalar, hunarmandchilik va kitob yarmarkalari, milliy sport va qo‘shiqlar haqidagi reportajlar yosh avlodda o‘z milliy qadriyatlariga bo‘lgan qiziqish va iftixor hissini kuchaytiradi.

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur qaror Navro‘z bayramini shunchaki an’anaviy tadbir sifatida emas, balki xalqimizni Yangi O‘zbekiston ravnaqi yo‘lida birlashtiruvchi, inson qadrini ulug‘lovchi, ekologik va ma’naviy madaniyatni yuksaltiruvchi keng qamrovli harakat sifatida tashkil etishga qaratilgan muhim hujjatdir.

“Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” degan g‘oya esa bu jarayonning markazida inson manfaati, uning qadri va baxtli hayoti turishini ko‘rsatmoqda.

 
 
Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish