Maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizda 1991-yilgacha qurilgan 17 mingga yaqin uy-joy fondini bosqichma-bosqich renovatsiya qilish imkoniyati mavjud. Bu esa eskirgan va bugungi kun talablariga toʻliq javob bermaydigan binolar oʻrnida zamonaviy, energiya tejamkor, seysmik barqaror hamda qulay muhandislik va ijtimoiy infratuzilma bilan taʼminlangan koʻp kvartirali turar-joy majmualarini barpo etish uchun mustahkam zamin yaratadi. Natijada nafaqat aholining yashash sharoiti yaxshilanadi, balki shaharsozlik muhiti sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtariladi.
Biroq shu vaqtga qadar renovatsiya jarayonlarini tizimli ravishda tartibga solish, mulkdorlar, investorlar va davlat organlari oʻrtasidagi munosabatlarni aniq belgilab berishga xizmat qiluvchi yagona huquqiy mexanizm mavjud emas edi. Davlatimiz rahbari tomonidan 2026-yil 10-iyun kuni imzolangan “Shaharsozlik renovatsiyasi toʻgʻrisida”gi qonun yer resurslaridan samarali foydalanish, aholini yangi, xavfsiz, zamonaviy, energiya samarador xonadonlar bilan taʼminlash, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani yaratishga xizmat qilishi shubhasiz.
Ushbu qonunda renovatsiya hududlarini belgilash, aholi roziligini olish, kompensatsiya va koʻchirish tartiblari, investorlar majburiyatlari hamda davlat organlari vakolatlarini aniq belgilash nazarda tutilmoqda. Bu esa renovatsiya jarayonlarini shaffof, adolatli va huquqiy jihatdan kafolatlangan tarzda amalga oshirishga imkon beradi.
Xususiy mulk daxlsiz va davlat himoyasida ekanligi, davlat xususiy mulkning saqlanishini taʼminlash uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishi, davlat organlari, ularning mansabdor shaxsi yoki xizmatchisi tomonidan huquq egalarining manfaatlarini buzishiga yoʻl qoʻyilmasligi qatʼiy kafolatlangani esa fuqarolar va tadbirkorlarning mulkiy huquqlarini ishonchli himoya qiladi.
Hujjatda shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirishda hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi ham belgilab qoʻyildi. Bu oʻz navbatida, fuqarolarning uy-joyga boʻlgan huquqini kafolatlab, renovatsiya jarayonlarida majburiy, asossiz yoki noqonuniy koʻchirish holatlarining oldini oladi.
Qonunda shaharsozlik renovatsiyasi doirasida huquq egasining davlat organlari bilan oʻzaro munosabatlarda xususiy mulk huquqini hamda yer egasining yerga boʻlgan huquqini amalga oshirish borasida yuzaga keladigan barcha ziddiyatlar va noaniqliklar huquq egasining foydasiga talqin etilishi aks etgan. Bu esa xususiy mulk yoki yerga boʻlgan huquqni amalga oshirishda davlat organlari bilan fuqaro oʻrtasida ziddiyat yoki noaniqlik yuzaga kelsa, masala mulk egasi foydasiga talqin etilishiga, aholi huquqlari buzilishining oldini olishga xizmat qiladi.
Unda renovatsiya loyihasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashiga kiritish bilan bir vaqtda “Shaharsozlik renovatsiyasi” elektron platformasi, OAV, rasmiy veb-saytlar va jamoatchilik fikrini aniqlashning boshqa vositalaridan foydalangan holda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilishi shartligi belgilab qoʻyildi. Bu orqali fuqarolar renovatsiya rejalari bilan oldindan tanishib, oʻz taklif va eʼtirozlarini bildirish imkoniga ega boʻladi.
Mazkur hujjatning muhim jihatlaridan yana biri — tenglik va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining huquqlarini himoya qilishning ustuvorligi shaharsozlik renovatsiyasining asosiy tamoyillaridan biri etib belgilanganidir. Bu norma renovatsiya jarayonida adolat va tenglikni taʼminlashga xizmat qiladi. Natijada kam taʼminlangan oilalar, nogironligi boʻlgan shaxslar, yolgʻiz keksalar va boshqa ehtiyojmand fuqarolarning huquqlari renovatsiya jarayonida chetda qolib ketmasligi taʼminlanadi.
Koʻchirish yoki vaqtincha ijaraga chiqish zarurati yuzaga kelganda fuqarolar tayyor hududga, nogironligi boʻlgan shaxslar esa qulay muhitga ega turar joylarga koʻchirilishi renovatsiya jarayonida inson qadrini ulugʻlash, ijtimoiy adolatni taʼminlash hamda ehtiyojmand fuqarolar manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Bir soʻz bilan aytganda, mazkur qonun shahar hududlarini kompleks yangilash, eskirgan uy-joy fondi va infratuzilmani zamonaviy talablar asosida qayta tashkil etish, aholi uchun xavfsiz, qulay va barqaror yashash muhitini yaratishga xizmat qiladi. Eng muhimi, u orqali shaharlarning meʼmoriy qiyofasini yaxshilash, yer resurslaridan samarali foydalanish va hududlarni zamonaviy shaharsozlik talablariga mos ravishda rivojlantirish imkoniyati kengayadi.