So‘z erkinligi - taraqqiyot tayanchi

Bugungi kunda mamlakatimizda media sohasini rivojlantirish, ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistlarning erkin faoliyat yuritishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni kuzatar ekanman, bu o‘zgarishlardan chin dildan quvonaman. Chunki Yangi O‘zbekistonda barcha sohalar qatori jamiyatning muhim instituti hisoblangan jurnalistikaga bo‘lgan munosabat ham mutlaqo o‘zgardi. Ilgari ko‘p hollarda faqat axborot tarqatuvchi sifatida qaralgan jurnalist bugun jamiyat fikrini shakllantiruvchi, davlat va xalq o‘rtasidagi muloqotni ta’minlovchi ta’sirchan kuch sifatida e’tirof etilmoqda.

Bejizga ommaviy axborot vositalari “to‘rtinchi hokimiyat” deb atalmaydi. Zero, xalqning dardi, muammosi va takliflarini davlat idoralari e’tiboriga yetkazishda, jamiyatda ochiqlik va oshkoralik muhitini qaror toptirishda matbuotning o‘rni beqiyosdir. Keyingi yillarda mamlakatimizda aynan shu yo‘nalishda amalga oshirilgan islohotlar jurnalistikaning nufuzini yanada oshirdi.

Buning yorqin tasdig‘ini yangilangan Konstitutsiyamizda ham ko‘rish mumkin. Unda ommaviy axborot vositalari erkinligi kafolatlangani, jurnalistik faoliyatga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi alohida belgilab qo‘yildi. Bu nafaqat huquqiy norma, balki davlatning so‘z erkinligi va ochiqlik siyosatiga bo‘lgan qat’iy munosabatining amaliy ifodasi bo‘ldi. Shu ma’noda, mazkur qoidalarning Asosiy qomusimizda mustahkamlab qo‘yilishi milliy jurnalistika tarixida muhim voqeadir.

Davlatimiz rahbari ham turli yig‘ilish va muloqotlarda ommaviy axborot vositalari faoliyatiga alohida to‘xtalib, xalq ovozi va fikrini keng jamoatchilikka yetkazishda aynan jurnalistlar hal qiluvchi o‘rin tutishini ta’kidlab kelmoqda. Eng muhimi, haqiqat va adolatni o‘zining hayotiy mezoni deb bilgan jurnalistlarni davlat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi doimiy e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda.

Bugun bu borada so‘z bilan amal o‘rtasidagi uyg‘unlikni ko‘rish mumkin. Jurnalistlar uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda, sohada ochiqlik kengaymoqda, tanqidiy fikr bildirish va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish mexanizmlari tobora takomillashib bormoqda. Bu esa soha vakillari zimmasiga yanada kattaroq mas’uliyat yuklaydi. Chunki berilgan imkoniyatlardan xalq manfaatlari yo‘lida samarali foydalanish, amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini aholiga sodda va tushunarli tilda yetkazish jurnalistning asosiy vazifasi hisoblanadi.

E’tiborli jihati shundaki, keyingi yillarda milliy jurnalistikamiz nafaqat miqdor jihatidan, balki sifat jihatidan ham sezilarli darajada o‘sdi. Axborot tarqatishning yangi shakllari paydo bo‘ldi, internet jurnalistikasi jadal rivojlandi, ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilik bilan muloqot qilish imkoniyatlari kengaydi. Bugun mamlakatimizda jurnalist kadrlar tayyorlash tizimi ham mutlaqo yangi bosqichga chiqmoqda. Alohida ixtisoslashgan universitetlar, hududlardagi fakultetlar, zamonaviy bilim va xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirgan mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan dasturlar buning yaqqol dalilidir.

Bosma nashrlar, radio va televideniye, internet platformalari hamda ijtimoiy tarmoqlardagi faollikning ortishi, fikrlar xilma-xilligi va munozaralar maydonining kengayishi mamlakatimizda sog‘lom media muhiti shakllanayotganini ko‘rsatmoqda. Eng muhimi, jamiyatda axborotga bo‘lgan talab ortib borayotgan bir paytda milliy jurnalistika ham bu ehtiyojga munosib javob berishga intilmoqda.

Albatta, bugungi globallashuv sharoitida ommaviy axborot vositalari oldida turgan vazifalar ham tobora murakkablashmoqda. Axborot oqimi chegara bilmaydigan, turli g‘oyalar va manfaatlar keskin to‘qnashadigan bugungi dunyoda milliy axborot makonini mustahkamlash har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan, davlatimiz rahbari tomonidan 2024-yil yanvar oyida Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida bildirilgan fikrlar barcha jurnalistlar uchun dasturilamal ahamiyatga ega bo‘ldi. Unda milliy kontent yaratish, voqea-hodisalarga milliy manfaatlar nuqtai nazaridan baho berish, jamoatchilikning axborotga bo‘lgan ehtiyojini o‘zimiz qondirish zarurligi qat’iy ta’kidlandi.

Bu chaqiriqlar har bir jurnalist uchun katta mas’uliyatdir. Chunki bugun axborot sohasidagi kurash qurol bilan emas, g‘oya, tahlil va haqqoniy so‘z bilan kechmoqda. Agar milliy axborot makonimizda bo‘shliq yuzaga kelsa, uni boshqalar to‘ldirishi tabiiy. Shu sababli haqiqatni izlash, xolis axborot tarqatish, yolg‘on va manipulyatsiyalarga qarshi kurashish har bir jurnalistning fuqarolik burchiga aylanishi lozim.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish