Sud binosiga kelgan har bir inson Oʻzbekistonda adolat borligiga ishonib chiqib ketishi kerak

 

Sud tizimi har qanday mamlakatning faqat huquqiy organi emas, balki jamiyatda adolatni taʼminlovchi eng yuqori institutidir. Shu bois undagi har bir boʻshliq, har bir subyektivlik yoki shaffoflik yetishmasligi odamlarning bevosita davlatga boʻlgan ishonchiga taʼsir qiladi. Shu bois sud adolat idorasiga aylanishi, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “Sud binosiga kelgan har bir inson Oʻzbekistonda adolat borligiga ishonib chiqib ketishi kerak”.

 

Davlatimiz rahbarining “Sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni sud tizimini tashqi nazorat bilan emas, balki ichki immunitetini kuchaytirish, profilaktika va raqamlashtirish orqali shaffof va ishonchli bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

 

Farmonga muvofiq sud tizimida komplayens nazorat xizmati joriy etilmoqda. Aytish kerakki, bu tuzilma oddiy nazorat organi emas, balki tizim ichida korrupsiyaga qarshi “ichki immunitet” vazifasini bajaradigan mexanizm sifatida yuzaga chiqadi. Mazkur tuzilma muammo yuzaga kelgandan keyin harakat qilmaydi. Aksincha, korrupsiyaga olib kelishi mumkin boʻlgan sabab va sharoitlarni oldindan aniqlab, ularni yoʻq qilishga qaratilgan. Yaʼni kasalni davolagandan koʻra uning oldini olgan afzal boʻlganidek, muammo yuzaga chiqmasdan oldin unga barham beriladi.

 

Aynan shu jihat sud tizimida yangi qarashni shakllantiradi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Ilgari asosiy eʼtibor korrupsiyani aniqlash va jazolashga qaratilgan boʻlsa, endi esa eng muhim vazifa unga umuman yoʻl qoʻymaslikka eʼtibor kuchaytiriladi.

 

Shu bilan birga, sud xodimlari va ularning yaqin qarindoshlari daromadlari hamda mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimining joriy etilishi sud tizimida ochiqlikni kuchaytirishga qaratilgan muhim qadamdir. Bu amaliyot jahon tajribasida ham korrupsiyani cheklashning eng samarali vositalaridan biri sifatida eʼtirof etilgan.

 

Xususan, koʻplab davlatlarda davlat xizmatchilari oʻz moliyaviy holatini muntazam ravishda ochiq eʼlon qilib boradi. Bu esa ularning qarorlari shaxsiy manfaat bilan emas, balki qonun va xizmat burchi asosida qabul qilinishiga olib keladi. Yaʼni ochiqlik davlat xizmatchisi va jamiyat oʻrtasida ishonch koʻprigi vazifasini bajaradi.

 

Shuningdek, bunday tizim korrupsiyaga yoʻl ochib beruvchi “yashirin manfaatlar zanjiri”ni zaiflashtiradi. Yaʼni daromad va mulk manbalari ochiq boʻlgan sharoitda korrupsiya imkoniyati keskin kamayadi.

 

Eng muhimi, bu yondashuv faqat nazorat emas, balki profilaktika vazifasini ham bajaradi. Davlat xizmatchisi oʻz faoliyati shaffof ekanini bilsa, qaror qabul qilishda masʼuliyat bilan yondashadi.

 

Bilamiz, qaysi soha boʻlmasin, uning taraqqiyotini malakali, bilimli kadrlar belgilaydi. Bu inkor etib boʻlmas haqiqat. Farmonda masalaning ushbu jihatiga alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, endilikda sud apparatiga ishga qabul qilish va tizim ichidagi oʻsish uchta asosiy tamoyil - ochiq tanlov, shaffof baholash va kasbiy salohiyatga tayaniladi.

 

Bu amalda nimani anglatadi? Sud tizimiga kirish yoki unda lavozimda koʻtarilish “tanishing bormi” yoki “kim orqali kirding” kabi oʻzini mutlaqo oqlamaydigan omillar bilan emas, balki kadrning bilim darajasi, ish tajribasi va qobiliyati bilan belgilanadi. Yaʼni qaror kadrning nomiga emas, uning salohiyatiga qarab qabul qilinadi.

 

Farmonning yana bir eʼtiborga molik jihati unda nomzodlar faqat huquqiy bilimlar boʻyicha emas, balki ularning maʼnaviy dunyoqarashi va halollik darajasi ham baholanadi. Bu esa sud tizimi tarixida muhim burilish hisoblanadi, chunki ilk bor axloqiy mezonlar kadrlar tanlovining rasmiy qismiga aylanmoqda. Boshqacha aytganda, bu yerda faqat malakali emas, balki ishonchli inson tanlanishi tamoyili ilgari surilmoqda.

 

Shu bilan birga, kadrlar tanlovida raqamli texnologiyalardan keng foydalanish koʻzda tutilgan. Elektron vakansiya portallari, avtomatlashtirilgan saralash tizimlari va sunʼiy intellekt yordamida baholash jarayonlari inson omilini minimal darajaga tushiradi. Bu esa qaror qabul qilish jarayonida shaxsiy munosabatlar yoki subyektiv yondashuvlar taʼsirini keskin kamaytiradi.

 

Eng muhim jihat shundaki, bu orqali tizim insondan koʻra maʼlumot va dalillarga tayanadigan boshqaruv modeliga oʻtmoqda. Yaʼni qarorlar hissiyot yoki shaxsiy qarashlar asosida emas, balki aniq koʻrsatkichlar va mezonlar asosida shakllanadi.

 

Farmonning uchinchi yoʻnalishi sud tizimida shaffoflikni texnik yangilik sifatida emas, balki butun boshqaruv madaniyatini oʻzgartiradigan institutsional tamoyil sifatida shakllantirishga qaratilgan. Bu yerda asosiy maqsad jarayonlarni avtomatlashtirish emas, balki qaror qabul qilishda inson omilining taʼsirini minimal darajaga tushirishdir.

 

Bu yoʻnalishda uchta asosiy mexanizm bir-birini toʻldirgan holda amalga oshiriladi.

 

Avvalo, ishlarni taqsimlash va qayta taqsimlash toʻliq avtomatik tizimga oʻtkaziladi. Bu juda muhim qadam, chunki aynan shu bosqichda adolat va shaffoflikka taʼsir qiluvchi subyektiv yondashuvlar paydo boʻlishi mumkin. Endilikda esa har bir ish oldindan belgilangan algoritm asosida taqsimlanadi. Bu esa “tanlov” va “aralashuv” ehtimolini keskin kamaytiradi.

 

Ikkinchi mexanizm — sud tizimida korrupsiya xavfi yuqori boʻlgan lavozimlarni alohida ajratib, ularni tizimli nazorat ostiga olishdir. Bu yerda nazorat umumiy emas, balki aniq yoʻnaltirilgan boʻladi. Yaʼni eng sezgir nuqtalar doimiy eʼtibor markazida turadi. Bu esa tizimni ortiqcha byurokratiyadan emas, balki samarali boshqaruvdan kelib chiqib tashkil etish imkonini beradi.

 

Uchinchi yoʻnalish esa raqamli monitoring tizimini keng joriy etish bilan bogʻliq. 2027-yilgacha sud apparati faoliyati bosqichma-bosqich raqamlashtirilib, inson omili taʼsiri yanada qisqartiriladi. Bu orqali faqat nazorat emas, balki doimiy tahlil va baholash imkoniyati ham yaratiladi.

 

Bu uch yoʻnalishning umumiy mohiyati shundaki, sud tizimida qarorlar shaxsiy qarashlarga emas, balki tizimli qoida va raqamli mexanizmlarga tayanadi.

 

Xulosa qilib aytganda, yangi Farmonning mohiyati faqat korrupsiyaga qarshi kurashishda emas, balki butun tizimning ishlash madaniyatini yangilashda namoyon boʻladi. Agar belgilangan mexanizmlar toʻliq amalga oshsa, shaffoflik oddiy qoidaga, halollik tabiiy standartga, javobgarlik esa tizimning ajralmas qismiga aylanadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish