Yoshlar bandligini taʼminlash ustuvor vazifa

Oliy taʼlim muassasasini muvaffaqiyatli tamomlab, diplom bilan katta hayotga qadam qoʻyayotgan har bir yosh yigit-qizning oʻz orzu va maqsadi bor. Kimdir muhandis boʻlishni istaydi, kimdir shifokor, yana kimdir oʻz biznesini boshlashni rejalashtiradi. Ammo har qanday orzuning roʻyobga chiqishi uchun munosib ish va oʻz iqtidorini namoyon qilish imkoniyati boʻlishi lozim.

 

Bugun mamlakatimizda aynan shu masala davlat siyosatining eng muhim yoʻnalishlaridan biriga aylanmoqda. Davlatimiz rahbari mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining bandligini taʼminlash yuzasidan taqdimot bilan tanishib, raqamlar ortida ulkan ijtimoiy masʼuliyat, iqtisodiy taraqqiyot va millionlab insonlarning kelajagi turganini alohida taʼkidladi.

 

2026-yilda respublika oliygohlarini 320 ming nafar talaba bitirishi kutilmoqda. Bu mustaqil Oʻzbekiston tarixidagi eng katta koʻrsatkichdir. Biroq masalaning eng muhim jihati bitiruvchilar sonida emas. Asosiy savol shuki, bu yoshlar ertaga qayerda ishlaydi? Ular olgan bilimlari mamlakat iqtisodiyotiga hissa qoʻshadimi? Ular ish izlovchi boʻladimi yoki yangi ish oʻrinlari yaratuvchi kuchga aylanadimi?

 

Yigʻilishda shu va boshqa qator savollar yuzasidan davlat rahbariga batafsil hisobot berildi.

 

Soʻnggi yillarda mamlakatimiz oliy taʼlim sohasida haqiqiy oʻzgarishlar roʻy bermoqda. Ilgari oliygohga kirish koʻpchilik yoshlar uchun orzu boʻlgan boʻlsa, bugun nafaqat yoshlar, balki yoshidan qatʼi nazar har bir kishi uchun taʼlim olish imkoniyati mavjud. Yaʼni yangi universitetlar tashkil etildi, qabul kvotalari kengaytirildi, xususiy va xorijiy oliygohlar faoliyatiga keng yoʻl ochildi. Natijada oliy taʼlim bilan qamrov darajasi bir necha barobar oʻsdi.

 

Bu, albatta, katta yutuq. Chunki bilimli millat mamlakatning xalqaro maydonda raqobatbardosh boʻlishini taʼminlovchi muhim omillardan biridir.

 

Ammo har qanday islohot yangi vazifalarni kun tartibiga qoʻyadi. Bugungi kunda oliy taʼlim tizimining samaradorligi faqat qancha talaba qabul qilingani bilan emas, balki ularning qanchasi hayotda oʻz oʻrnini topa olgani bilan baholanadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, bitiruvchilarning bandligi endi nafaqat mehnat bozori, balki taʼlim tizimining ham asosiy mezoniga aylanmoqda. Yangi Oʻzbekistonda shakllanayotgan yondashuvning eng muhim jihati ham ana shunda.

 

Endilikda diplom berishning oʻzi yetarli emas. Oliygoh oʻz bitiruvchisining taqdiri uchun ham maʼlum darajada masʼul boʻlishi kerak. Prezident taqdimotda aynan shu masalaga alohida eʼtibor qaratdi.

 

Karyera markazlari faoliyatini kuchaytirish, bitiruvchilar bilan individual ishlash, ularni boʻsh ish oʻrinlariga yoʻnaltirish va natijani qatʼiy nazorat qilish boʻyicha berilgan vazifalarning mohiyati ham shu aslida. Chunki mehnat bozorida har bir insonning ehtiyoji va imkoniyati turlicha. Kimdir davlat tashkilotida ishlashni xohlaydi, kimdir xususiy sektorda oʻzini koʻradi, yana kimdir tadbirkorlik qilishni istaydi. Shu bois bitiruvchilar bilan ishlashda ommaviy yondashuv emas, manzilli yondashuv talab etiladi.

 

Taʼkidlash joizki, bugun dunyo iqtisodiyotida eng katta oʻzgarishlardan biri tadbirkorlik tafakkurining kengayib borayotganidir. Avvallari yaxshi ish topish muvaffaqiyat hisoblangan boʻlsa, hozir yaxshi gʻoya asosida biznes boshlash va boshqalar uchun ham ish oʻrni yaratish yanada yuqori baholanmoqda.

 

“Kelajakka qadam” dasturi bugun yoshlar bandligini taʼminlashda eng amaliy va samarali vositalardan biriga aylanib bormoqda. Eʼtiborlisi, bu yerda gap quruq raqamlar yoki hisobotlar haqida emas, balki hayotga yoʻl olgan yangi gʻoyalar, ish boshlagan kichik korxonalar va oʻz oʻrnini topayotgan yoshlar haqida ketmoqda.

 

2025-yilning oʻzida ushbu dastur doirasida 378 milliard soʻmlik mablagʻ yoʻnaltirilib, 6 mingdan ortiq loyiha amaliyotga tatbiq etildi. Ushbu tashabbuslar natijasida qariyb 8 ming nafar yigit-qizning bandligi taʼminlandi.

 

Muhimi shundaki, bu jarayon bir martalik yordam sifatida emas, balki uzluksiz harakat sifatida shakllanmoqda. 2026-yilga moʻljallangan rejalar ham bu yoʻlning davomiyligini koʻrsatadi: dastur doirasida 500 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirish va yana minglab yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish koʻzda tutilmoqda.

 

Aslida bu raqamlar ortida davlatning yoshlarga ishonchi mujassam desak toʻgʻri boʻladi. Boisi, jalb qilinayotgan sarmoyalar yoshlarning kelajagiga kiritilgan investitsiyadir.

 

Koʻp yillar davomida ayrim oliygohlarda karyera markazlari faoliyati rasmiy tadbirlar bilan cheklanib qolgani sir emas. Endilikda vaziyat oʻzgarmoqda. Prezidentimiz tomonidan karyera markazlari faoliyatini “Bitiruvchi sifati indeksi” orqali baholash taklif qilingani bejiz emas.

 

Bu yondashuv oliygohlar oldiga mutlaqo yangi talab, yaʼni siz qancha talabaga diplom berdingiz emas, balki qancha talabaga hayotda muvaffaqiyat qozonish imkonini yaratdingiz degan savolni qoʻyadi. Taʼbir joiz boʻlsa, bu har bir taʼlim muassasasining bosh mezoniga aylanishi kerak. Zero, haqiqiy oliygoh faqat bilim emas, balki kelajak ham taqdim etadi.

 

Yana bir muhim yangilik - mehnat yarmarkalari, vorkshoplar va ish beruvchilar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotlarning kengaytirilayotganidir.

 

Bu juda muhim. Chunki bugungi ish beruvchi nafaqat nazariy bilimga, balki amaliy koʻnikmaga ham eʼtibor qaratadi. Talaba esa mehnat bozoriga chiqqandan keyin emas, balki oʻqish davomidayoq kelajak ish beruvchisi bilan tanishishi kerak. Shunda taʼlim bilan amaliyot oʻrtasidagi masofa qisqaradi.

 

Shu maʼnoda 2026–2027 oʻquv yilidan boshlab barcha oliygohlarda “Tadbirkorlik asoslari” fani joriy etilishi ham davr talabi hisoblanadi. Chunki zamonaviy iqtisodiyot sharoitida har qanday sohada ishlaydigan mutaxassis bozor qonunlarini tushunishi lozim. Muhandis, shifokor, agronom va dasturchi ham biznes yuritish asoslarini bilishi kerak.

 

Bir soʻz bilan aytganda, taqdimotda ilgari surilgan tashabbuslarning barchasi bitiruvchi atrofida qurilgan. Karyera markazi ham, mehnat yarmarkasi ham, tadbirkorlik dasturi ham, dual taʼlim ham, raqamli monitoring tizimi ham bitta maqsadga xizmat qiladi. Yaʼni yosh avlodning hayotda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashish.

 

Takror boʻlsa-da, shuni alohida taʼkidlash lozimki, 320 ming nafar bitiruvchi shunchaki raqam emas. Bu 320 ming orzu, 320 ming imkoniyat, 320 ming kelajak deganidir. Ularning har biri munosib ish oʻrniga, munosib daromadga va munosib hayotga ega boʻlsa, bu nafaqat ularning shaxsiy muvaffaqiyati, balki Yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti uchun ham nihoyatda muhimdir. 

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish