1938-yil 15-yanvarda O‘zbekiston SSR tarkibida Toshkent, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari tashkil etildi.
Toshkent viloyati
Toshkent viloyati respublikaning shimoliy-sharqida joylashgan bo‘lib, maydoni 15,26 ming km²ni tashkil etadi. Aholisi asosan o‘zbeklar, shuningdek, rus, qozoq, tatar, tojik, koreys va boshqa millat vakillaridan iborat. Viloyat tarkibida 17 shahar, 15 tuman, 18 shaharcha va 146 qishloq fuqarolari yig‘ini mavjud. Markazi – Toshkent shahri.
Viloyatning shimoliy va shimoliy-sharqiy qismlari G‘arbiy Tyanshan tog‘lari va uning tarmoqlari bilan band. Chotqol va Qurama tog‘lari orasida Ohangaron platosi joylashgan. Hududning katta qismi Sirdaryo tomon qiyalanib boradigan tog‘oldi tekisligidan iborat. Foydali qazilmalardan mis, polimetall rudalar, oltin, kumush, qo‘rg‘oshin, alyuminiy xom ashyosi, qo‘ng‘ir ko‘mir, molibden konlari, plavikli shpat va dala shpati, turli xil qurilish materiallari mavjud. Termal va mineral suv zahiralari ham ko‘p. Viloyat kuchli seysmik zonada joylashgan bo‘lib, iqlimi keskin kontinental: qishi nam va nisbatan iliq, yozi uzoq, issiq va quruq.
Samarqand viloyati
Samarqand viloyati O‘zbekiston Respublikasining markaziy qismida joylashgan bo‘lib, 1938-yil 15-yanvarda tashkil etilgan. Maydoni 16,8 ming km²ni tashkil etadi. Viloyat shimol va g‘arbdan Navoiy viloyati, janubdan Qashqadaryo, janubiy-sharqdan Jizzax viloyati bilan chegaradosh. Markazi – Samarqand shahri.
Farg‘ona viloyati
Farg‘ona viloyati respublikaning sharqida, Farg‘ona vodiysining janubida joylashgan. 1938-yil 15-yanvarda tashkil etilgan. Maydoni 6,8 ming km² bo‘lib, aholisi asosan o‘zbeklar, shuningdek, rus, tojik, qirg‘iz, tatar va boshqa millat vakillaridan iborat. Viloyat tarkibida 15 tuman, 4 shahar, 5 tumanga bo‘ysunuvchi shahar, 25 dan ortiq shaharcha va 164 qishloq fuqarolari yig‘ini mavjud. Markazi – Farg‘ona shahri.
Viloyatning shimoliy qismini Qoraqalpoq va Yozyovon dashtlari egallagan. Janubdan Olay tizmasidan oqib tushadigan daryolarning yoyilmalari bilan o‘ralgan. Hudud yuqori seysmik zonada joylashgan. Iqlimi kontinental bo‘lib, qishi birmuncha yumshoq, ba’zan havo juda sovib ketadi. Vodiyning g‘arbida esadigan kuchli "Qo‘qon shamoli" iqlimga salbiy ta’sir etadi. Janubiy-sharqida yozda garmsel esadi. Yiliga g‘arbida 100 mm dan (Qo‘qon atrofi) sharqiy qismida 170 mm gacha, tog‘ yon bag‘irlarida 270 mm gacha yog‘in tushadi, asosan bahorda yog‘adi.
Farg‘ona viloyati O‘zbekistonning qadimiy madaniyat o‘choqlaridan biri hisoblanadi. Hududda topilgan tosh davri manzilgohlari va qoyatoshlariga solingan suratlar, tosh qurollar vodiyda odamlar eng qadimgi davrlardan beri yashab kelganliklaridan darak beradi. O‘troq dehqonchilik, chorvachilik bilan shug‘ullangan Chust madaniyatiga oid manzilgohlardan topilgan yodgorliklar Farg‘ona vodiysini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.
Farg‘ona viloyati respublikaning sanoati rivojlangan hududlaridan biri bo‘lib, viloyatda 90 ga yaqin yirik sanoat korxonasi mavjud. Sanoatining yetakchi tarmoqlari: yoqilg‘i-energetika, kimyo, mashinasozlik, qurilish materiallari, paxtani tozalash va qayta ishlash, yengil va oziq-ovqat sanoati va boshqalar.
Shuningdek:
15 yanvar — O‘zbekiston xalq artisti, o‘zbek raqqosasi, baletmeyster Ishoqova Malohat (1925) tavalludining 100 yilligi.
15 yanvar — Shoir Sulton Jo‘ra (Jo‘rayev Sulton, 1910) tavalludining 115 yilligi.
15 yanvar — Geolog olim, O‘zbekiston FA akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi G‘ani Orifxonovich Mavlonov (1910-1988) tavalludining 115 yilligi.