19 mart — Mahmud az-Zamaxshariy tavallud topgan

Abulqosim Mahmud ibn Umar az-Zamaxshariy (1075–1144) — oʻrta asrlar islom olamining yirik allomasi, tilshunos, mufassir va adibdir. U 1075-yil 18-martda Xorazmning Zamaxshar qishlogʻida (hozirgi Xorazm viloyati Qoʻshkoʻpir tumani) tavallud topgan.

Mahmud az-Zamaxshariy yoshligida oyogʻidan jarohat olib, yogʻoch oyoq bilan yurishga majbur boʻlgan. Bu holat uni jismoniy mehnatdan chetda qoldirib, ilm-fanga chuqur shoʻngʻishiga turtki boʻldi. U dastlabki taʼlimni otasidan olib, keyinchalik madrasada arab tili, adabiyoti va diniy ilmlarni oʻrgandi. Ilmga boʻlgan chanqoqligi uni Buxoro, Marv, Nishopur, Isfahon, Shom (Suriya), Bagʻdod, Hirot va Makkaga olib bordi. Bu shaharlarda u arab tili va adabiyoti, diniy ilmlar, xattotlik sanʼati, arab maqollari va urf-odatlarini chuqur oʻrgandi.

Az-Zamaxshariy turli sohalarga oid 50 dan ortiq asar yozib qoldirgan. Uning eng mashhur asarlaridan biri "Al-Kashshof" boʻlib, bu Qurʼoni Karimning tafsiridir. Bu asar musulmon olamida katta eʼtirofga sazovor boʻlib, hozirgacha oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Shuningdek, "Al-Mufassal" asari arab tili fonetikasi va morfologiyasiga bagʻishlangan boʻlib, tilshunoslar tomonidan yuqori baholangan.

Zamaxshariy "Jorulloh" ("Allohning qoʻshnisi"), "Arab va gʻayri arablar ustozi", "Xorazm faxri" kabi sharafli nomlar bilan ulugʻlangan. Qohiradagi mashhur Al-Azhar diniy dorilfununining talabalari hozir ham "Al-Kashshof" asosida Qurʼoni Karimni oʻrganadilar. Az-Zamaxshariy 1144-yilda Xorazmda vafot etgan.

Mahmud az-Zamaxshariyning boy ilmiy merosi nafaqat islom olamida, balki jahon ilm-fanida ham katta ahamiyatga ega. Uning asarlari tilshunoslik, adabiyotshunoslik va diniy ilmlar rivojiga ulkan hissa qoʻshgan.



#Bugungi_kun_tarixda

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish