Oltintosh

Oltintosh (Abu Sa'id Oltintosh) (1017 - 1032) - turkiy g‘ulomlardan bo‘lib, G‘aznaviylar davlatining asoschisi Sabuktegin va uning ikki vorisi davrida lashkarboshi lavozimida xizmat qilgan.

Sabuktegin davridayoq u hukmdor gvardiyasidagi eng yuqori martaba - "ulug‘ hojib" unvoniga ega bo‘lgan; Mahmud G‘aznaviy davrida qoraxoniylar bilan bo‘lgan katta jangda (1008-yil 1-yanvar) Oltintosh qo‘shinning o‘ng qanotiga qo‘mondonlik qilgan; 1000-1011-yillar oralig‘ida u Hirot noibi sifatida manbalarda qayd etilgan.

1017-yilda G‘aznaviylar sultoni Mahmud Xorazmni zabt etgach, Oltintoshni xorazmshoh unvoni bilan ushbu viloyatga noib etib tayinladi. U bu lavozimni vafot etguniga qadar egallab turgan.

Oltintosh chegara viloyati bo‘lgan Xorazmni ehtiyotkorona idora etgan va o‘zini qo‘shni turkiy qabilalardan muvaffaqiyatli mudofaa qilgan, bu bilan u Xorazmdagi o‘z hokimiyatini yanada mustahkamlagan. Mahmud va uning o‘g‘li Mas‘ud G‘aznaviylar Oltintoshning bu harakatlariga shubha bilan qarashgan, ular hiyla bilan Oltintoshni daf etish yo‘liga o‘tishgan.

1032-yil bahorida Oltintosh sulton Mas‘ud topshirig‘iga ko‘ra, Ali Tegin (qoraxoniylar hukmdori)ga qarshi otlangan va Dabusiya yaqinidagi jangda og‘ir jarohatlanib vafot etgan. Noiblik uning o‘g‘li Horunga topshirilgan, xorazmshoh unvoni esa Mas‘udning o‘g‘li Sa’idga berilgan, Horun mamlakatni faqat shahzodaning vakili sifatida boshqara olishi mumkin bo‘lgan.

Biroq 1034-yil avgustda Horun o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan, ammo kelasi yili G‘aznaviylar ko‘rsatmasiga ko‘ra o‘ldirilgan; uning birodari va vorisi Ismoil Xandon Xorazmni 1041-yilgacha idora qilgan, so‘ngra G‘aznaviylar topshirig‘iga ko‘ra, Jand hokimi Shoh Malik tomonidan quvib yuborilgan. Shu bilan Oltintosh tomonidan asos solingan sulola barham topgan.


#Buyuk_hukmdorlar

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish