Agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas.

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining majlisida “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlar faoliyatining hamda fuqarolar huquq va erkinliklarining kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Mazkur Qonun ham sud-huquq sohasidagi islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, unda amaldagi qonunlarni yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirish nazarda tutilmoqda.

Jumladan, Jinoyat-protsessual kodeksi hamda “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi nazarda tutilmoqda. Sud jarayonida ishtirok etayotgan guvoh o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi ko‘rsatuv bermaslik huquqi joriy etilmoqda.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish