Bugun Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi hamda Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tashabbusi bilan kiber korrupsiyaga qarshi kurash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Muhokamalar davomida 5-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalar tahlil qilindi.
Yig‘ilish ishtirokchilari kiber korrupsiya tushunchasini huquqiy tartibga solish, bu yo‘nalishda milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirish masalalariga eʼtibor qaratdilar. Shu bilan birga, sohadagi ilmiy tadqiqotlarni umumlashtirish, xalqaro hujjatlarga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi masalasini o‘rganish, shuningdek, kiber korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishga qaratilgan qonun loyihasini ishlab chiqish muhimligi taʼkidlandi.
Yig‘ilish yakunida muhokama qilingan masalalar asosida Senat va Qonunchilik palatasining “yo‘l xaritasi”da tegishli chora-tadbirlarni nazarda tutish belgilandi.