9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan davlatimiz rahbari G‘alaba bog‘iga tashrif buyurib, xotira marosimida ishtirok etdi. “Bunday murakkab va shonli g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan matonatli xalqimiz bilan har qancha faxrlansak, arziydi. Bu qahramonliklarni hech qachon unutmasligimiz, yoshlarimizga yetkazishimiz kerak. Ayniqsa, hozirgi tahlikali zamonda buning ahamiyati nihoyatda katta. Hammamiz Vatan himoyasiga har kuni tayyor bo‘lishimiz kerak,” – dedi Prezidentimiz.
Ikkinchi jahon urushi haqiqatan ham insoniyat tarixidagi eng dahshatli, eng qonli qirg‘in bo‘lgan. Bu urush insoniyat, shu jumladan, xalqimiz boshiga qanday og‘ir azob-uqubat va talafotlar, behisob qurbonlar keltirganini el-yurtimiz hech qachon unutmaydi. Xususan, 6 million 800 ming nafarni tashkil etgan aholimizning qariyb 2 million nafari urushda ishtirok etgan. Shundan 540 mingga yaqini halok bo‘lgan, 158 ming nafari bedarak yo‘qolgan, 50 mingdan ortig‘i kontslagerlarda mislsiz qiynoq va azoblar tufayli halok bo‘lgan, 60 mingdan ziyodi nogiron bo‘lib qaytgan.
O‘zbekistonlik askar va ofitserlardan 214 mingga yaqini jangovar orden va medallar bilan mukofotlangani ularning jasoratidan dalolat beradi.
Mamlakatimiz urush yillarida frontning mustahkam ta’minot bazasiga aylangan, jang maydonlariga juda katta miqdorda harbiy texnika, qurol-yarog‘, kiyim va oziq-ovqatlar yetkazib turilgan. G‘oyat og‘ir sharoitga qaramay, xalqimiz urush hududlaridan ko‘chirib kelingan 1 million 500 mingga yaqin insonni, jumladan, ota-onasidan judo bo‘lgan 250 ming nafar yetim bolani o‘z bag‘riga olib, mehr ko‘rsatgan.
Aytish kerakki, keyingi yillarda Prezidentimiz boshchiligida Ikkinchi jahon urushi yillaridagi tariximizni o‘rganishda tom ma’noda yangi davr boshlandi. Xususan, urush qatnashchilarining qahramonliklarini abadiyatga muhrlash maqsadida poytaxtimizda “G‘alaba bog‘i” barpo etildi. Uning tarkibida “Matonat madhiyasi”, “Mangu jasorat” va “Ko‘z yoshi” monumentlari, “Shon-sharaf” muzeyi tashkil etildi. Davlat rahbarining tavsiyalari asosida qisqa fursatda keng qamrovli ilmiy tadqiqot ishlari va jiddiy tahliliy izlanishlar amalga oshirildi. O‘zbekiston xalqining g‘alabaga qo‘shgan hissasini o‘rganish bo‘yicha ham muhim natijalarga erishildi.
Har yili oramizdagi urush qahramonlari moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 fevraldagi farmoniga muvofiq, 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlari, ularga tenglashtirilgan shaxslar hamda 1941–1945 yillardagi urush davridagi mehnat fronti qatnashchilarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida bir martalik pul mukofoti belgilandi.
Farmonga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 10 000 AQSh dollari, urush qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslarning har biriga 25 000 000 so‘m, 1941–1945 yillardagi urush davridagi mehnat fronti qatnashchilarining har biriga 3 000 000 so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti berilishi belgilandi.
E’tiborga molik jihati, ushbu farmon ijrosi doirasidagi ishlar yosh avlod ko‘z o‘ngida amalga oshirilayotgan ekan, ular bu yurtda inson xotirasi azizligi, mardlik va jasorat abadiy unutilmasligi, qahramonlik va vatanparvarlik munosib qadrlanishini guvohi bo‘lib ulg‘ayadi, o‘rganadi. Bugungi kunda safimizda yurgan, o‘sha og‘ir davrni boshdan kechirgan, mardlik, fidoyilik timsoliga aylangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari bor ekan, jasorat maktabi tarbiyada davom etadi.
Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbarining ushbu ehtiromi mohiyatida biz – Vatanni sevish, uni ardoqlash, tinch-osoyishta kunlar hikmatini yanada chuqurroq anglab boramiz. Zero, keksalarimiz, faxriylarimiz, qolaversa, shu Vatan tinchligi uchun jon fido qilgan qahramonlarimizni yod etish, e’zozlash nafaqat insoniy burch, balki jamiyat rivojining muhim shartidir.