Bugungi kunda jamiyatdagi islohotlar faqat qonun va qarorlar bilan emas, balki ularning hayotga qanday tatbiq etilayotgani, xalq ehtiyojiga qay darajada javob berayotganiga qarab baholanadi. Shu ma’noda, Xalq qabulxonalari — xalq bilan davlat o‘rtasidagi eng yaqin muloqot maydoni sifatida muhim o‘rin tutadi. Ammo so‘nggi vaqtlarda bu tizimning samaradorligi borasida jamiyatda turli mulohazalar paydo bo‘lgani rost. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aynan shu masalaga jiddiy e’tibor qaratildi.
Ochig‘ini aytish kerak, keyingi paytlarda Xalq qabulxonalari ko‘p hollarda faqat murojaatlarni qabul qilib, ularni tegishli tashkilotlarga yuborish bilan cheklanib qoldi. Bu holat ularning funksiyasini pasaytirib, fuqarolarning ushbu tizimga bo‘lgan ishonchini susaytirdi. Joylardagi ko‘plab muammolar o‘z vaqtida hal etilmayotgani sababli, odamlar ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqish qilishga, ommaviy e’tiborni jalb etishga majbur bo‘lmoqda. Mavjud holat ushbu tizim faoliyatini qayta ko‘rib chiqish va uni takomillashtirishni kun tartibiga qo‘ydi.
Yig‘ilishda Prezidentimiz bu borada so‘z yuritib:
“Har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning dardi va umidi turganini unutmasligimiz kerak. Xalqning dardi bilan yashash — biz uchun majburiyat”, ekanligini ta’kidladi.
Bu hayotiy iqtibos nafaqat xalq qabulxonalarida ishlaydigan mutaxassislar, balki butun davlat idoralari, rahbar va mas’ullar uchun muhim dasturilamal bo‘lishi lozim. Chunki murojaat bu shunchaki ariza yoki da’vo emas, balki inson hayoti, kelajagi, taqdiri bilan bog‘liq muhim masaladir.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Xalq qabulxonalari faoliyatiga jiddiy islohotlar amalga oshirilishi belgilandi. Xususan, endilikda har bir viloyat va tuman Xalq qabulxonasiga hokimning o‘zi rahbarlik qiladi. Har kuni ishni fuqarolarning murojaatlarini eshitishdan boshlaydi. Murojaatlar boshqa idoralarga yo‘naltirilmaydi, balki o‘sha joyning o‘zida hal etiladi. Qabulxonalarda ishlash uchun fidoyi, malakali va aholi dardini tinglay oladigan insonlar tanlab olinadi.
Tuman hokimlarining vakolatlari kengaytiriladi, muammolarni joyida hal etish imkoniyati kuchaytiriladi. Bu o‘zgarishlar davlat boshqaruvini insonparvarlik va manzilli yechimga asoslangan mukammal tizimga aylantirishga xizmat qiladi.
Xalq qabulxonasiga kelgan fuqaro yuragida umid bilan keladi. U davlatga, islohotlarga ishongani uchun keladi. Agar u ishonch oqlanmasa, endi davlat emas, internet yordamida muammoga yechim izlaydi. Bu esa davlat tuzilmalar uchun signal, mas’ullar uchun esa xulosa chiqarish vaqti kelganidan dalolatdir. Shu bois, har bir rahbarning birinchi vazifasi eshitish, ikkinchi vazifasi masalani tahlil qilish, uchinchi va eng muhim vazifasi muammoni yechish bo‘lishi shart.
Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalar xalq dardini eshitish va uni hal etish madaniyatini qayta shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamdir. Endi Xalq qabulxonalari haqiqiy ma’noda “davlatning yuzi” bo‘lishi lozim. Chunki bu tizim davlatning xalqga qanchalik yaqin ekanini ko‘rsatadi, fuqarolarning ishonchini mustahkamlaydi, davlat boshqaruvida inson va uning qadri birlamchi ekanini isbotlaydi.