Islohotlarning hal qiluvchi bo‘g‘ini

16.06.2025 17:22
16

Joriy yilning 15 iyun kuni davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning natijadorligi, hududlardagi ishlar holati va aholining o‘ylantirayotgan muammolarga yechim topish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Yig‘ilishda quyi bo‘g‘in — tuman darajasidagi boshqaruv tizimi va uning muammolariga alohida e’tibor qaratildi. Zero, tuman — xalqka eng yaqin ma’muriy bo‘g‘in bo‘lib, fuqarolarning kundalik muammosi, ehtiyojlari va intilishlari aynan shu yerda namoyon bo‘ladi. Agar aynan shu bo‘g‘inda tizimli, shaffof va samarali ish tashkil etilsa, markazda qabul qilinayotgan har qanday islohot xalq hayotida sezilarli o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi.

Davlat rahbari ta’kidlaganidek:

“Bir narsani to‘g‘ri tushunib olish zarur: tuman bo‘g‘ini samarali ishlamasa, yuqoridan qanday topshiriq tushirilmasin, ko‘zlangan maqsadlarga erishib bo‘lmaydi.”


Bu so‘zlar islohotlarning poydevori aynan tumanlar, ya’ni quyi bo‘g‘in ekani yana bir bor ko‘rsatib berdi. Yig‘ilishda qayd etilganidek, tuman darajasida kadrlar qo‘nimsizligi yuqori darajada. Buning asosiy sababi — tumanlardagi xodimlar maoshi respublika tashkilotlari bilan solishtirganda 3–4 barobar kam. Natijada yuqori malakali kadrlar tumanlarda uzoq muddat faoliyat yuritishga qiziqish bildirmaydi. Bunday holatda kadrlar malakasining yetishmasligi nafaqat boshqaruv sifatini pasaytiradi, balki islohotlarning mahalliy darajadagi samarali ijrosiga ham to‘siq bo‘lmoqda.

Ayni paytda har bir tuman hokimiga 500 ga yaqin vazifa yuklatilgan. Lekin ko‘pgina rahbarlar bu vazifalarning yarmidan ko‘pini yetarlicha bilmaydi. Nega? Sabab — ish vaqtining 40 foizigacha turli yig‘ilish va majlislarga sarflanayotgani. Bu esa ularning asosiy vazifasi — joylardagi muammolarni aniqlash va yechim topish, iqtisodiy imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qilmoqda.

Tuman rahbarlarining “qo‘li bog‘liq” holda ishlayotgani ham alohida qayd etildi. Ular na mahalliy tashkilotlar shtatini erkin shakllantira oladi, na faol rahbarni rag‘batlantirish, na samarasiz rahbarni almashtirish huquqiga ega. Bu kabi cheklovlar quyi bo‘g‘inda samaradorlikni ta’minlashga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Yig‘ilishda tuman miqyosida kompleks rivojlanish rejalari yo‘qligi masalasi ham alohida tilga olindi. Ayni paytda hech bir idora 3–5 yillik aniq maqsad va loyihalar dasturini tayyorlamagan. Hokimlar kundalik vazifalar ichida qolib ketgan. Uzoq muddatli strategiya esa aynan hududlar rivoji uchun asosiy yo‘nalish bo‘lishi lozim.

Ajablanarlisi, ayrim tumanlarda tayyor resurslar — yer, infratuzilma, tabiiy boyliklar bor, ammo ular asosida amalga oshiriladigan loyihalar mavjud emas. Bu esa hudud iqtisodiy salohiyatining to‘liq ishga tushmasligiga sabab bo‘lmoqda.

Xulosa qilib aytganda, videoselektorda davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan teran tahlil va asosli mulohazalardan aniq ko‘rinib turibdiki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hayotda o‘z samarasini berishini istasak, bu jarayon, avvalo, tuman darajasida samarali boshqaruv tizimini shakllantirish orqali amalga oshishi shart.

Buning uchun tuman rahbarlariga aniq, amaliyotga yo‘naltirilgan vakolatlar berish, moddiy rag‘bat va motivatsiya tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish, har bir tuman uchun uzoq muddatli, manzilli va aniq natijaga qaratilgan dasturlar asosida ish yuritish zarur.

Davlat rahbarining bu masaladagi tanqidiy, bir vaqtning o‘zida yechimga yo‘naltirilgan so‘zlari tuman rahbarlari uchun amaliy yo‘l xaritasi bo‘lishi lozim. Chunki quyi bo‘g‘inga e’tibor — islohotlarning poydevorini mustahkamlash, xalq ishonchiga asoslangan boshqaruvni yo‘lga qo‘yish demakdir.



Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish