Vaqt shiddati, mahsulotlar turining ko‘payishi, raqobatning kuchayishi eng avvalo, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularni eksport faoliyatiga jalb etishni yanada rag‘batlantirishni taqozo etmoqda. Zotan, har qanday mamlakatning iqtisodiy barqarorligi va ijtimoiy taraqqiyoti mahalliy sanoat qanchalik rivojlanganiga bevosita bog‘liq. Aynan mahalliy sanoatning ravnaqi raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish, yangi ish o‘rinlari yaratish, importga bo‘lgan qaramlikni kamaytirishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari raisligida mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu boradagi tahlillar va qilinishi kerak bo‘lgan dolzarb ishlar belgilab berildi.
Xususan, tashqi bozordagi tebranishlar sharoitida 1 millionga yaqin aholi ishlayotgan to‘qimachilik, qurilish materiallari, mebelsozlik sohalarini qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyotimizning yana bir “drayveri” bo‘lishi kutilayotgan zargarlik sanoatiga yangi sur’at bag‘ishlash muhimligi qayd etildi.
Haqiqatan ham, keyingi yillarda mamlakatimizda zargarlik sohasiga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli soha mutlaqo yangi bosqichga chiqdi. Xususan, 2024 yil 23 iyulda qabul qilingan Prezident farmoni sohada tub islohotlarni boshlab berdi. Mazkur hujjatga asosan, zargarlik sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun soliq va bojxona sohalarida keng qamrovli imtiyozlar joriy etildi. Jumladan, qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilish, “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasiga a’zo korxonalarni yer va mulk solig‘idan ozod etish, imtiyozli kredit liniyalarini ochish, xomashyo – ya’ni oltin yetkazib berish bo‘yicha qulay shart-sharoitlar yaratish kabi chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Endi bu imtiyozlarning ko‘lami va qamrovi yanada kengaydi. Xususan, zargarlar ham yakka tadbirkor sifatida tilla buyumlari savdosi bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi. Chet eldan mutaxassis olib kelish xarajatining 2,5 ming dollargacha qismi, kamida 5 nafar shogird tayyorlash sharti bilan, qoplab beriladi. Bu sohada ham sanoat usuliga o‘tish va milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash chorasi ko‘riladi. Xususan, zargarlikda ishlatiladigan uskuna va ularning butlovchi qismlari import bojidan ozod qilinadi. Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlaridan oltinni bo‘lib to‘lash asosida sotib olish tartibi yana 3 yilga uzaytiriladi. Nufuzli brendlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ularning dizayni va qolipini olib kelish xarajatining 30 ming dollargacha qismi qoplab beriladi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, zargarlik sohasini sanoat darajasiga olib chiqish, ishlab chiqarishni zamonaviylashtirish va dunyo brendiga aylanish yo‘lida mamlakatimizda, shaxsan davlat rahbari tashabbusi bilan, jiddiy va qat’iy qadamlar tashlanmoqda. Kichik tadbirkorlik uchun yaratilgan sharoitlar, kadrlar tayyorlashga berilgan subsidiya, texnologiya olib kelishda berilgan imtiyozlar va xalqaro hamkorlik — bularning barchasi zargarlik sohasini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Eng muhimi, bu orqali nafaqat iqtisodiyotda yangi ish o‘rinlari yaratiladi, balki milliy madaniyat va hunarmandchiligimiz dunyo miqyosida yana-da ommalashadi.
Videoselektorda Prezidentimiz tomonidan O‘zbekistonda Milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash kompaniyasini tashkil qilish tashabbusi ham ilgari surildi. Unga xorijdan brend-menejer, dizayner, marketologlar jalb etilib, milliy brendlarimizni jahon bozoriga olib chiqishiga ko‘mak beriladi. Xalqaro sertifikati bor, raqobatbardosh mahsulotlarga sifat belgisi berilib, dunyoda keng targ‘ib qilinadi.
E’tiborga molik jihati, yangi tashkilot milliy mahsulotlarni xalqaro bozorga chiqarish uchun strategik rejalar ishlab chiqadi. Qolaversa, kompaniya xalqaro standartlarga mos ravishda mahsulotlarga sifat sertifikatlari berish tizimini yo‘lga qo‘yadi. Bu mahsulotlarning xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini oshiradi va xaridorlar ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga yangi tashkilot milliy brendlarning dunyo miqyosida tanilishi uchun samarali reklama kampaniyalari va targ‘ibot ishlarini olib boradi. Bu borada xorijiy brend-menejerlar, dizaynerlar va marketologlarni jalb etadi. Ular mahsulotning tashqi ko‘rinishi va mahsulot marketingini zamonaviy usullar asosida takomillashtirib boradi. Tashqi bozorlarga mo‘ljallangan reklama va brend strategiyalarini ishlab chiqadi.
Umuman olganda, Milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi — mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlangan milliy mahsulotlarni dunyo bozoriga chiqarishda jiddiy qadamdir.
Bir so‘z bilan aytganda, mahalliy sanoat har qanday mamlakat iqtisodiyotining yuragi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, sanoat rivojlansa, unga bog‘liq bo‘lgan qishloq xo‘jaligi, transport, logistika, ta’lim va xizmat ko‘rsatish sohalari ham yuksaladi. Qisqasi, Prezidentimiz tomonidan videoselektorda mahalliy sanoatni O‘zbekiston iqtisodiyotining bosh harakatlantiruvchi kuchi, ya’ni drayveriga aylantirish uchun muhim vazifalar belgilab berildi.