Yoshlar nafaqat millat genofondining oltin zaxirasi, balki jamiyatning eng faol qatlamidir. Yangi O‘zbekistonda ularga bo‘lgan e’tibor, g‘amxo‘rlik yil sayin ko‘payib, imkoniyatlar ko‘lami kengaymoqda. Yoshlarning manfaatlarini ta’minlash, ularning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlarni yaratish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Bugungi kunda bilim olish, zamonaviy kasb-hunar egallash, turli yo‘nalishlarda iqtidorini namoyon etish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun yaratilgan sharoitlar natijasida yoshlar ko‘plab sohalarda yangi marralarni zabt etmoqdalar.
Shu yilning 30 iyun kuni Prezidentimizning yoshlar bilan muloqotida yoshlar sohasidagi ishlar sarhisob qilinib, yangi vazifa va takliflar muhokama etildi. Xususan, ilm-fan, ta’lim, sanoat, raqamli iqtisodiyot, sport, madaniyat va boshqa sohalardagi yutuqlar misolida yoshlar mamlakatning strategik taraqqiyotida muhim o‘rin tutayotganini alohida ta’kidlandi.
Mamlakatimiz yoshlar ilmiy salohiyat borasida ham xalqaro miqyosda o‘z salohiyatini namoyon qilmoqda. “TOP-500” universitetlarga kirishda Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rinni egallagan O‘zbekiston yoshlari bugungi kunda 30 nafari “TOP-10”, 500 nafari “TOP-100” va 1500 nafari “TOP-300” dagi universitetlarda tahsil olmoqda. Bu esa mamlakat ta’lim tizimidagi islohotlarning amaliy samarasi hisoblanadi.
Shu bilan birga, “Beruniy” xalqaro maktabi tashkil etilib, eng salohiyatli o‘quvchilarga maxsus yo‘nalishlarda chuqurlashtirilgan ta’lim berish tizimi yo‘lga qo‘yildi. “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali nufuzli oliygohlarga kirgan yoshlarning moliyaviy qiyinchiliklarini yengillashtirish maqsadida yangi qoidalar joriy etilmoqda. Endi “TOP-300” ga kirgan yoshlar o‘qish va yashash xarajatlarini qoplash uchun grant va imtiyozli kreditlar olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va startap sohalarida ham keng ko‘lamda ishlar olib borilmoqda. “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” dasturi, 100 ta texnologik loyiha, 145 million dollarlik venchur sarmoya va “Yoshlar venchur” jamg‘armasi orqali prototip yaratish imkoniyatlari – bular yoshlarning innovatsion g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish uchun yaratilgan muhim mexanizmlardir. Maxsus tanlovlar, grantlar va ta’lim dasturlari orqali bilimli va tashabbuskor yoshlar moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Yoshlar bandligini ta’minlash va ularning iqtisodiy faolligini oshirish maqsadida yil oxiriga qadar 292 mingta ish o‘rni yaratiladi. “Yoshlar biznesi” va “Kelajakka qadam” dasturlari orqali 240 ming yoshni daromadli ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Shuningdek, yozgi ta’tilda bo‘lgan 3 million yoshni vaqtincha ishga jalb qilish uchun “Harakatda daromad” elektron tizimi joriy etiladi.
Yosh kadrlarni davlat boshqaruviga jalb qilish ham ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. “Kelajak liderlari” dasturi orqali har yili 100 nafar yosh maxsus tayyorgarlikdan o‘tib, vazir va hokimlarga biriktiriladi va xorijda tajriba orttiradi. Bu kabi tashabbuslar davlat boshqaruvida bilimli, zamonaviy qarashlarga ega va mas’uliyatli kadrlar yetishib chiqishiga zamin yaratadi.
Davlatimiz rahbari nutqida yoshlarga ishonch, e’tibor va yuksak mas’uliyat ifodalangan. Tarixiy nutqda yoshlarni faqatgina kelajak emas, balki bugungi kunning ham faol ijodkorlari sifatida qo‘llab-quvvatlash mujassam desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Ushbu uchrashuv va unda ilgari surilgan tashabbuslar davlat siyosatining markazida inson kapitali, xususan yoshlar turishini yana bir bor tasdiqladi. Zero, yoshlar bilan ishlash, ularni qo‘llab-quvvatlash va iqtidorini ro‘yobga chiqarish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevoridir.