Global muammolarni hamjihatlik, birdamlik, o‘zaro ishonch va konstruktiv muloqot orqali hal etish mumkin

Bugun davlatimiz rahbari 29-Yevroosiyo iqtisodiy sammiti ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi. Mazkur tarixiy murojaat nafaqat xalqaro anjuman ishtirokchilariga qaratilgani bilan, balki Yangi O‘zbekistonning global jarayonlardagi o‘rni va strategik qarashlarini ifoda etgani bilan ham ahamiyatlidir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, unda bugun insoniyat oldida turgan eng dolzarb masalalar, xususan, global hamkorlik, ekologik barqarorlik, suv resurslaridan oqilona foydalanish va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish kabi muhim yo‘nalishlar qamrab olingan.

Murojaat avvalida Yevroosiyo iqtisodiy sammitining xalqaro muloqot maydoni sifatidagi o‘rni va roli yuksak baholandi. Haqiqatan ham, o‘tgan yillar davomida mazkur sammit yetakchi siyosatchilar, ishbilarmonlar va ekspertlarni bir nuqtada birlashtirib, dolzarb masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashish uchun muhim platformalardan biriga aylandi.

Sammitning ko‘hna Istanbul shahrida o‘tkazilayotgani esa alohida ramziy ma’noga ega. Asrlar davomida Yevropa va Osiyoni bog‘lab kelgan ushbu shahar sivilizatsiyalar chorrahasi sifatida jahon tarixida muhim o‘rin tutadi. Bugun ham Turkiya ana shu tarixiy missiyani zamonaviy shaklda davom ettirmoqda.

Yurtboshimiz murojaatida zamonaviy Turkiyada Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an tomonidan ilgari surilayotgan “Turkiya asri” strategik g‘oyasiga yuqori baho berildi. Bu, avvalo, Turkiyaning xalqaro munosabatlardagi ta’siri tobora ortib borayotgani, global muammolarni hal etishda faol ishtirok etayotganining samimiy e’tirofidir.

Shu bilan birga, O‘zbekiston va Turkiya munosabatlari keyingi yillarda mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilgani, bugun ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga chiqqani qayd etildi. Xususan, savdo, investitsiya, sanoat, transport, turizm va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar izchil rivojlanmoqda. Bu ikki mamlakat rahbarlarining o‘zaro ishonchi, do‘stligi va qat’iy siyosiy irodasi natijasidir.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, murojaatda ekologik xavfsizlik masalasi alohida tilga olindi. Bu bejiz emas, albatta. Zotan, ayni paytda iqlim o‘zgarishi insoniyat oldida turgan eng dolzarb global muammolardan biriga aylanmoqda. Dunyoda cho‘llanish, suv tanqisligi, tuproq degradatsiyasi va havo ifloslanishi kabi ekologik xavflar tobora kuchayib borayotgani ayni haqiqat. Bu esa nafaqat atrof-muhit, balki iqtisodiyot, oziq-ovqat xavfsizligi va aholi salomatligiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bilamiz, so‘nggi paytlarda aynan Markaziy Osiyo mamlakatlari iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini eng kuchli his etayotgan mintaqalardan biri hisoblanadi. Tan olish kerak, havo haroratining oshib borishi, muzliklarning qisqarishi va suv resurslarining kamayishi mintaqa uchun katta xavf tug‘dirmoqda. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi haqida gap ketganda, suv tanqisligi muammosi yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Orol dengizi fojiasi esa ekologik inqirozning eng og‘ir namunasi sifatida butun dunyo jamoatchiligini tashvishga solmoqda. Qurib qolgan dengiz tubidan ko‘tarilayotgan tuz va chang nafaqat tabiatga, balki inson salomatligiga ham salbiy ta’sirini o‘tkazmoqda. Bu esa ekologik muammolarni hal etishda xalqaro hamkorlik qanchalik muhim ekanini ko‘rsatmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bu borada mamlakatimizda keyingi yillarda ko‘plab amaliy tashabbuslar hayotga tatbiq etildi. Ya’ni ekologiya va Orol bilan bog‘liq masalalar davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilandi. Xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili 200 million tup daraxt ekilayotgani ekologik muvozanatni saqlash, havo sifatini yaxshilash va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatishga sezilarli ravishda hissa qo‘shmoqda.

Murojaatda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish masalasi ko‘tarilib, mamlakatimiz rivojlanishning yashil modeliga izchillik bilan o‘tayotgani haqli ravishda e’tirof etildi. Xususan, keyingi 10 yilda zararli chiqindilar hajmini qisqartirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish va energiya tejovchi texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha maqsadli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Yana bir misol, 2035-yilga qadar zararli chiqindilarni 50 foizgacha kamaytirish rejasi mamlakatning ekologik modernizatsiya yo‘lidan qat’iy borayotganini ko‘rsatadi. Bu esa kelgusida iqtisodiy taraqqiyot va ekologik barqarorlik o‘rtasida muvozanatni ta’minlashga xizmat qiladi.

Suv hayot manbai, tiriklikning asosidir. Bugungi kunda uning har bir tomchisi haqiqatan ham oltinga teng, desak xato bo‘lmaydi. Chunki iqlim o‘zgarishi, aholi sonining ortishi va tabiiy resurslarga bo‘lgan ehtiyojning kuchayishi suv tanqisligi muammosini tobora dolzarb masalaga aylantirmoqda. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi sohasi yetakchi o‘rin tutadigan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun suv resurslarini asrash va ulardan oqilona foydalanish nihoyatda zarur. Davlatimiz rahbarining sohani rivojlantirishga qaratilgan qator farmon va qarorlari bu borada muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Suv kodeksining qabul qilinishi esa mamlakatda suv munosabatlarini huquqiy jihatdan mustahkamlash uchun muhim qadam bo‘ldi. Ushbu hujjat bilan suv boshqaruvini takomillashtirish yo‘nalishida bir qator muhim normalar belgilandi. Mazkur kodeks mamlakatda suv resurslarini boshqarishning samarali tizimini shakllantirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va aholining farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Umuman olganda, davlatimiz rahbari tomonidan sammit ishtirokchilariga yo‘llangan murojaatdan bir narsani anglash mumkin. Ya’ni mavjud global muammolarni faqat va faqat hamjihatlik, birdamlikdagi sa’y-harakatlar, shuningdek, o‘zaro ishonch va konstruktiv muloqot orqali hal etish mumkin. Tobora taraqqiy etib, xalqaro miqyosda o‘z o‘rni va so‘ziga ega bo‘lib borayotgan Yangi O‘zbekiston esa bu yo‘lda xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanini yana bir bor namoyon etmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish