Markaziy Osiyo – Yaponiya strategik muloqoti: barqaror taraqqiyot va o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi modeli

Jahonda geosiyosiy va geoiqtisodiy jarayonlar keskin o‘zgarib borayotgan bugungi davrda mintaqaviy hamkorlik formatlarining ahamiyati tobora oshib bormoqda. Ayniqsa, iqtisodiy o‘sish, texnologik taraqqiyot, ekologik barqarorlik va xavfsizlik masalalarida o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlik muvaffaqiyat kalitiga aylanmoqda. Shu nuqtai nazardan, Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammiti nafaqat mintaqa davlatlari, balki butun Osiyo-Tinch okeani hududi uchun muhim siyosiy voqea sifatida e’tirof etildi. Ushbu sammit Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yaponiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan strategik platforma bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, aynan Yaponiya bundan 20 yil muqaddam “Markaziy Osiyo plyus” formatiga asos solgan ilk davlat bo‘lgan. Bu tashabbus tasodifiy emas, balki Buyuk Ipak yo‘li davridan shakllangan tarixiy savdo, madaniy va ma’naviy aloqalarga tayangan holda ilgari surilgan. O‘xshash an’analar, oilaviy qadriyatlar va mehnat madaniyati Markaziy Osiyo xalqlari bilan yapon jamiyatini yaqinlashtirib turadi.

Bugungi kunda Yaponiya Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ishonchli siyosiy hamkor, yirik investor va ilg‘or texnologiyalar manbai hisoblanadi. Sammitda ishtirok etgan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston yetakchilari mazkur formatning amaliy ahamiyatini yuqori baholab, uni tizimli ravishda rivojlantirishga tayyor ekanini namoyon etdilar.

Sammit kun tartibidan o‘rin olgan asosiy masalalardan biri savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish bo‘ldi. Markaziy Osiyo mintaqasi tabiiy resurslarga boyligi, jahon transport va energetika yo‘laklari chorrahasida joylashgani, shuningdek, iqtisodiyotlarning jadal o‘sishi bilan Yaponiya uchun jozibador hamkor sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Markaziy Osiyoning infratuzilmasi va sanoatini rivojlantirish investitsiya jamg‘armasini ta’sis etish taklifi ilgari surildi. Bu jamg‘arma “Sifatli infratuzilma” dasturi, sanoat kooperatsiyasi, mahalliylashtirish va texnologiyalar transferiga xizmat qilishi mumkin. Ayniqsa, Yaponiya texnoparklarining Markaziy Osiyo tarmog‘ini shakllantirish g‘oyasi mintaqada yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘l ochadi.

Sammit doirasida bo‘lib o‘tgan ko‘p tomonlama biznes forumi ham amaliy jihatdan katta ahamiyat kasb etdi. “Sumitomo”, “Chubu Electric Power”, “Shikoku Electric Power”, “Toyota Susho”, “Sojitz”, “JOGMEC” kabi yirik yapon kompaniyalarining O‘zbekistonda quyosh elektr stansiyalari qurish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, tibbiyot markazlari tashkil etish va strategik mineral resurslarni o‘zlashtirishga qaratilgan loyihalari iqtisodiy hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.

Sammitda kelajak iqtisodiyotini belgilab beruvchi asosiy omillardan biri sifatida raqamli transformatsiyaga alohida e’tibor qaratildi. “Markaziy Osiyo – Yaponiya” raqamli xabini tashkil etish tashabbusi sun’iy intellekt, “buyumlar interneti”, kiberxavfsizlik va innovatsion iqtisodiyot sohalarida ko‘p tomonlama hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratadi.

Shuningdek, “yashil” energetika va iqlim o‘zgarishi masalalari ham sammit kun tartibining muhim qismi bo‘ldi. Kogeneratsiya texnologiyalarini joriy etish, energiya yo‘qotishlarini qisqartirish, zararli gazlarni ushlab qolish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, Toshkentda qayta tiklanadigan energetika sohasida mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha mintaqaviy markaz tashkil etish takliflari strategik ahamiyatga ega.

Ekologiya sohasida havo sifatini yaxshilash, iqlim o‘zgarishiga qarshi qo‘shma harakatlar dasturini qabul qilish va atrof-muhitni muhofaza qilish idoralari rahbarlarining muntazam uchrashuvlarini yo‘lga qo‘yish mintaqaning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.

Yaponiya­ning seysmik xavfsizlik sohasidagi boy tajribasi Markaziy Osiyo uchun alohida ahamiyatga ega. Shu bois, mintaqada seysmik barqarorlikni baholash va oshirish bo‘yicha qo‘shma dasturini ishga tushirish, Toshkentda yapon standartlari asosida muhandislar va qutqaruv xizmatlari uchun mintaqaviy malaka oshirish markazini ochish taklifi dolzarb tashabbus sifatida qabul qilindi.

Madaniy-gumanitar sohada esa ta’lim vazirlarining birinchi yig‘ilishi, universitetlar rektorlari forumi va yoshlar o‘rtasida uzoq muddatli aloqalarni shakllantirishga qaratilgan mintaqaviy dasturlarni amalga oshirish rejalashtirildi. Bu tashabbuslar inson kapitalini rivojlantirish va xalqlar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, xalqaro xavfsizlik masalalari doirasida Afg‘onistonni tinch va barqaror rivojlanish yo‘liga qaytarish borasida Markaziy Osiyo davlatlari va Yaponiya pozitsiyalarining uyg‘un ekani alohida ta’kidlandi.

Umuman olganda, Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” birinchi sammiti mintaqaviy hamkorlikning yangi, kompleks va strategik modelini shakllantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Sammitda ilgari surilgan tashabbuslar iqtisodiy o‘sish, texnologik taraqqiyot, ekologik barqarorlik va inson kapitalini rivojlantirishni qamrab olgan keng ko‘lamli kun tartibini aks ettiradi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning faol va tashabbuskor pozitsiyasi Markaziy Osiyoni Yaponiya bilan o‘zaro manfaatli, uzoq muddatli strategik hamkorlikka olib chiqishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Tokio deklaratsiyasining qabul qilinishi esa mazkur formatning institutsional asoslarini mustahkamlab, uni amaliy natijalarga yo‘naltirilgan barqaror muloqot maydoniga aylantirish uchun mustahkam poydevor yaratdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish