Shu kunlarda navqiron Samarqand shahri yana bir yirik tadbir - Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishiga mezbonlik qilmoqda. Bu shundan dalolat beradiki, tobora taraqqiy etib borayotgan Yangi O‘zbekiston endilikda xalqaro miqyosdagi dolzarb masalalar muhokama etiladigan yirik maskanga aylanib bormoqda.
“Taraqqiyot chorrahalari: mintaqaning o‘zaro bog‘liq kelajagini ilgari surish” shiori ostida o‘tayotgan mazkur forum nafaqat muhim muloqot maydoni, balki global iqtisodiyotdagi tub o‘zgarishlar, geosiyosiy beqarorlik va texnologik inqilob sharoitida dunyo mamlakatlari oldida turgan ustuvor vazifalarni belgilab berishga xizmat qilayotgani bilan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tan olish kerak, hozirda dunyo miqyosida iqtisodiy o‘sishning an’anaviy modellari tobora o‘z ahamiyatini yo‘qotib bormoqda. Boshqacha aytganda, yer kurrasining ayrim nuqtalarida davom etayotgan siyosiy kelishmovchiliklar tufayli mahsulot yetkazib berishda uzilishlar kuzatilmoqda. Qolaversa, energetik xavfsizlik muammolari va raqamli texnologiyalar ta’siri jahon iqtisodiyotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ana shunday murakkab sharoitda Samarqand forumi kabi yirik platformalar nafaqat mavjud muammolarni atroflicha muhokama qilish, balki ularga amaliy yechim topishga ham xizmat qiladi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
E’tiborga molik jihati, forumda davlatimiz rahbari nutq so‘zlab, bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Xususan, Prezidentimiz yig‘ilganlar e’tiborini iqlim o‘zgarishi va cho‘llanish jarayonlariga qaratib, bu Markaziy Osiyo mamlakatlari taraqqiyotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Shularni inobatga olgan holda “Markaziy Osiyo yashil belbog‘i” mintaqaviy loyihasini amalga oshirish taklif etildi.
Haqiqatan ham iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bugungi kunda faqat ekologik muammo sifatida emas, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlik masalasi sifatida ham namoyon bo‘lmoqda. Chunki tabiiy muhitdagi o‘zgarishlar qishloq xo‘jaligi unumdorligiga, suv resurslarining taqsimotiga, aholi salomatligiga va hatto migratsiya jarayonlariga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu ma’noda, iqlim bilan bog‘liq siyosat barcha mamlakatlarning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasining ajralmas qismiga aylandi.
Buning yaqqol misoli sifatida Orol dengizi inqirozini keltirish mumkin. Yaqin o‘tmishda mintaqaning yirik suv havzasi bo‘lgan Orolning qurishi nafaqat ekologik falokat, balki iqtisodiy tanazzul va ijtimoiy muammolarni ham keltirib chiqargani rost. Yerlarning sho‘rlanishi, baliqchilik sohasining yo‘qolishi, aholi bandligi va turmush sharoitiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Bularning barchasi ekologik muammo ortida qanchalik keng qamrovli oqibatlar yotishini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Shu o‘rinda Orol bilan bog‘liq muammoning oldini olish bo‘yicha qilinayotgan amaliy ishlarga ham to‘xtalib o‘tish joiz. Jumladan, keyingi besh yildan buyon “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili 200 million tup ko‘chat ekib kelinmoqda. Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektar yashil qoplamali himoya o‘rmonzorlari yaratildi. Bu ishlarning barchasi shaxsan davlat rahbari tashabbusi bilan tizimli ravishda amalga oshirib kelinmoqda.
“Markaziy Osiyo yashil belbog‘i” tashabbusi mintaqaviy hamkorlikning eng muhim va strategik yo‘nalishlaridan biri sifatida amaliy samara berishi shubhasiz. Ushbu tashabbusning mohiyati - ekologik muammolarni faqat milliy darajada emas, balki mintaqaviy hamkorlik orqali hal qilishga qaratilgan. Ya’ni, ko‘kalamzorlashtirish, yer degradatsiyasiga qarshi kurashish va bioxilma-xillikni saqlash kabi vazifalar barcha davlatlarning umumiy harakatiga aylanishiga olib keladi.
Bu yondashuvning yana bir muhim jihati shundaki, “yashil belbog‘” nafaqat tabiatni tiklashga xizmat qiladi, balki iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochadi. Masalan, yangi o‘rmonzorlar va yashil zonalar qishloq xo‘jaligi uchun qulay iqlim sharoitini shakllantiradi, aholi bandligini oshiradi hamda ekologik turizm rivojiga turtki beradi. Shu bilan birga, mintaqadagi davlatlar o‘rtasida ekologik hamkorlikni kuchaytirish orqali umumiy barqarorlikni ta’minlash imkoniyati ham kengayadi.
Nufuzli forumda davlatimiz rahbari tomonidan o‘zaro bog‘liq transport tizimi va logistika yo‘laklari barqarorligini ta’minlash eng dolzarb masalaga aylanayotganini hisobga olib, Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi (CAREC) doirasida “Raqamli bojxona va logistika alyansi”ni tashkil etish taklif qilindi.
Bunday tashabbusning ilgari surilishining boisi shundaki, jahondagi ziddiyatlar oqibatida logistika koridorlarining o‘zgarishi hozirning o‘zida Markaziy Osiyo davlatlari uchun yuk tashish xarajatining 30 foizgacha oshishiga, yetkazib berish muddatlari esa bir necha hafta kechikishiga sabab bo‘lmoqda.
Mazkur tashabbus bojxona jarayonlarini raqamlashtirish orqali ortiqcha ma’muriy to‘siqlarni qisqartirish, savdo operatsiyalarini tezlashtirish va shaffoflikni oshirishga xizmat qilishi bilan nihoyatda ahamiyatlidir. Ya’ni logistika zanjiridagi inson omiliga bog‘liq kechikishlar kamayadi, tovar aylanmasi tezlashadi va mintaqaviy iqtisodiy integratsiya yanada chuqurlashadi. Bu esa Markaziy Osiyoning umumiy raqobatbardoshligini oshirib, uni global savdo tizimida yanada faol ishtirokchiga aylantiradi.
Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda ushbu tashabbuslarni amalga oshirish uchun moliyaviy va institutsional asoslar yetarli ekanligi forumda alohida e’tirof etildi. Agar mazkur g‘oyalar izchil amalga oshirilsa, O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo yaqin yillarda barqaror va jadal rivojlanayotgan mintaqalardan biriga aylanishi bor gap.
Forumda bugun hayotimizning, umuman barcha sohalarga kirib borayotgan raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt masalasiga ham alohida e’tibor qaratilganini aytish joiz. Zero Prezidentimiz tomonidan ta’kidlanganidek, “Ta’lim, tibbiyot, suv xo‘jaligi, ekologiya, oziq-ovqat xavfsizligi kabi aholining birlamchi ehtiyoji uchun eng zarur bo‘lgan yo‘nalishlarda ham ochiq sun’iy intellekt modellaridan foydalanish talab etilmoqda”. Mamlakatimizda ham bu borada qator amaliy ishlar allaqachon tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, sun’iy intellekt xabini yaratish, data markazlarni kengaytirish va superkompyuterlarni ishga tushirish kabi tashabbuslar shular jumlasidandir.
Haqiqatan ham, sun’iy intellekt faqat IT sohasi bilan cheklanib qolmasdan, aksincha, u jamiyatning eng muhim sohalariga joriy etilishi lozim. Masalan, tibbiyotda diagnostika sifatini oshirish, qishloq xo‘jaligida hosildorlikni ko‘paytirish, suv resurslarini samarali boshqarish kabi masalalar aynan raqamli texnologiyalar orqali hal etilishi sir emas.
Ta’kidlash joizki, energetika sohasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar hozirgi global iqtisodiy tizimda eng strategik yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalariga bosqichma-bosqich o‘tish nafaqat ekologik barqarorlikni ta’minlash, balki uzoq muddatli iqtisodiy xavfsizlikni mustahkamlash nuqtai nazaridan ham katta ahamiyatga ega. Chunki an’anaviy energiya manbalari hisoblangan neft, gaz va ko‘mir tabiiy jihatdan cheklangan resurslar bo‘lib, ularning narxi va yetkazib berish zanjiridagi o‘zgaruvchanlik davlatlar iqtisodiyotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli, ularga yuqori darajada bog‘liqlik kelajakda turli energetik va iqtisodiy xatarlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Aynan shu nuqtai nazardan qaraganda, Markaziy Osiyo - Yevropa “yashil energetika koridori” tashabbusi mintaqaviy hamkorlikning yangi bosqichini boshlab beradi. Bu loyiha nafaqat energiya yetkazib berishning yangi yo‘nalishlarini shakllantiradi, balki mintaqa davlatlarini global “yashil iqtisodiyot” zanjiriga to‘g‘ridan to‘g‘ri integratsiya qilish imkonini ham yaratadi. Ya’ni, Markaziy Osiyo mamlakatlari faqat ichki energiya ehtiyojlarini qondirish bilan cheklanib qolmay, balki qayta tiklanuvchi energiyani eksport qila oladigan strategik hududga aylanish sari qadam tashlaydi.
Shu ma’noda, ushbu tashabbusning ahamiyati ikki tomonlama xarakterga ega. Bir tomondan, u energetik xavfsizlikni mustahkamlasa, ikkinchi tomondan mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirib, yangi investitsiya oqimlarini jalb qilish uchun zamin yaratadi. Natijada energetika sohasidagi bu o‘zgarishlar nafaqat texnik modernizatsiya, balki mintaqaning geoiqtisodiy mavqeini yanada yuksalishiga olib keladi.
Muxtasar aytganda, Samarqandda o‘tayotgan nufuzli forum nafaqat global muammolarni muhokama qilish, balki ularga aniq va amaliy yechimlar ishlab chiqilayotgani bilan tarixga kirmoqda. Ilgari surilgan tashabbuslar faqat g‘oya sifatida qolib ketmay, amaliy loyihalarga aylanishi kutilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyoning xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlab, uni barqaror va jadal rivojlanayotgan hududlardan biriga aylantirishga xizmat qiladi.