Korporativ boshqaruv va savdo erkinligiga yangi yondashuvlar

11.06.2025 11:53
26

Bugun Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi dastlabki tarzda muhokama qilindi. Qo‘mitaning majlisi mamlakatda biznes muhitini yanada yaxshilash, xalqaro normalarga uyg‘un qonunchilik bazasini shakllantirish va tashqi savdoni erkinlashtirishga qaratilgan muhim islohotlar yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi.

Majlisda so‘zga chiqqan senatorlar keyingi yillarda O‘zbekistonda korporativ munosabatlarni rivojlantirish va zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy etish borasidagi keng ko‘lamli ishlarga alohida to‘xtalib o‘tishdi. Shu munosabat bilan, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishlar aksiyadorlarning umumiy majburiyatlari va ularning javobgarligini huquqiy jihatdan aniq belgilab berishga qaratilgani qayd etildi.

Qonun loyihasida aksiyadorlik jamiyatlari ijro organlari va kuzatuv kengashlari a’zolarining fidutsiar majburiyatlari hamda majoritar aksiyadorlarning jamiyat oldidagi mas’uliyatiga doir normalar alohida o‘rin olgan. Senatorlar bu o‘zgarishlar orqali korporativ boshqaruvda shaffoflik va mas’uliyatni oshirishga, aksiyadorlar huquqlarini samarali himoya qilishga erishish mumkinligini ta’kidlashdi.

Qonun bilan Bojxona kodeksiga ham muhim o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Xususan, eng ko‘p qulaylik berish rejimiga ega bo‘lmagan mamlakatlardan O‘zbekistonga keltirilayotgan tovarlar uchun kelib chiqish sertifikati mavjud bo‘lmagan taqdirda import bojini ikki karra qo‘llash amaliyoti bekor qilinishi ko‘zda tutilgan. Bu, o‘z navbatida, xalqaro savdodagi notenglikni bartaraf etish va mamlakatning JST qoidalariga moslashuvini ta’minlashga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida Qo‘mita a’zolari qonun loyihasini ma’qullab, uni Senat ko‘rib chiqishi uchun tavsiya etdi. Mazkur hujjat milliy qonunchiligimizni xalqaro standartlarga moslashtirish, adolatli va barqaror bozor muhitini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish