O'ZBECHKA

O‘zbekiston mehmonxonasi – Toshkent shahrining markazida joylashgan, 1974-yilda ochilgan. 

❗️Qiziqarli faktlar:

Mehmonxona loyihasi Toshkentdagi zilzilaga chidamli qurilish talablari hisobga olingan holda ishlab chiqilgan.

Toshkentliklar mehmonxonani mehr bilan "O'zbechka" deb atashadi va ko'pincha mehmonxonani mo'ljal sifatida ko'rsatishadi.

Ushbu mehmonxona Sovet davrida Toshkentning me'moriy qiyofasini belgilagan binolardan biri bo‘lib, nafaqat mahalliy, balki xalqaro sayyohlarni qabul qilish uchun mo‘ljallangan edi. O'sha vaqtda bu hududda hozirgi Toshkent davlat yuridik universiteti binosi va kurant singari inshootlar bo'lgan. Keyinchalik esa xiyobon atrofida Temuriylar tarixi davlat muzeyi, “O'zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyi bunyod etildi. Shunday bo'lsada mehmonxona binosi ular ichida o'z chiroy, viqori ila ajralib turadi.

 

Me'moriy yechim

 

Binoning asosiy tuzilishi 17 qavatli bo‘lib, u Toshkentning bir qancha nuqtalaridan bemalol ko‘rinadi. Mehmonxonaning o‘ziga xos tom qoplamasi va yoritilgan fasadi kechki payt shahar ko‘rinishiga alohida joziba bag‘ishlaydi. Mehmonxonada 223 ta yashash xonasi, ikkita restoran, bar, ikkita konferentsiya zali va ishbilarmonlar uchun uchrashuvlar o'tkazish xonasi mavjud.

 

Mehmonxonaning yuqori qavatlaridan Toshkentning go‘zal manzarasini kuzatish mumkin edi, bu esa ko‘pchilik sayyohlar uchun unutilmas taassurot qoldirgan.

 

Ahamiyati

 

O‘zbekiston mehmonxonasi ochilgan davrda Sovet Ittifoqi hududidagi eng katta va nufuzli mehmonxonalardan biri hisoblangan. U Toshkentda o‘tkazilgan yirik xalqaro konferensiyalar, kongresslar va boshqa muhim tadbirlarning mezboni bo‘lgan. Bu yerda ko‘plab xorijiy diplomatlar, madaniyat va san’at namoyandalari mehmon bo‘lgan.

 

Hozirgi kunda O‘zbekiston mehmonxonasi mamlakatning tarixiy va me'moriy merosi sifatida e'tirof etiladi. Binoning asl holatini saqlab qolish uchun restavratsiya ishlari olib borilgan. Mehmonxona hali ham o‘zining ko‘rkamligi va tarixiy ahamiyati bilan Toshkent mehmonlari e’tiborini tortishda davom etmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish