2025-yil 17–18 aprel kunlari Sankt-Peterburg shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga (MDH) aʼzo davlatlar Parlamentlararo Assambleyasining bahorgi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi parlament delegatsiyasi faol ishtirok etdi.
Sessiya doirasida MDH Parlamentlararo Assambleyasi Kengashi majlisi o‘tkazildi. Majlisni ochgan Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federal Kengashi Raisi Valentina Matviyenko, Toshkentda o‘tkazilgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasining yuqori saviyada tashkil etilganini alohida ta’kidladi va bu borada O‘zbekiston tomonining mas’uliyati va mehmondo‘stligini e’tirof etdi.
Muhokama qilingan masalalar
Majlis davomida quyidagi masalalar ko‘rib chiqildi:
- MDH PA xalqaro kuzatuvchilarining Belarus Respublikasi prezidenti saylovi va Tojikiston parlament saylovi monitoringi natijalari. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Akmal Eshmuratov 2025-yil 2-mart kuni Tojikistonda o‘tkazilgan parlament saylovlarini kuzatish natijalari haqida ma’lumot berdi.
- MDH Parlamentlararo Assambleyasining 2024-yildagi faoliyati sarhisobi va kelgusidagi xalqaro sammitlarga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi .
Ikki tomonlama uchrashuvlar
Tadbir doirasida Tanzila Narbayeva bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi:
- Ozarbayjon Respublikasi Milliy Mejlisi Raisi Sahiba Gafarova bilan uchrashuvda O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarining rivojlanishi va birinchi O‘zbekiston-Ozarbayjon parlament ayol a’zolari forumiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi
- Tojikiston Respublikasi Majlisi milli Majlisi Oli Raisi Rustami Emomali bilan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari va parlamentlararo hamkorlikni faollashtirish rejalari muhokama qilindi.
- Belarus Respublikasi Milliy Majlisi Respublika Kengashi Raisi Natalya Kochanova bilan uchrashuvda parlamentlararo hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, O‘zbekiston parlament delegatsiyasining joriy yil avgust oyida Belarusning Vitebsk viloyatiga bo‘lajak rasmiy tashrifiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, 18-aprel kuni O‘zbekiston delegatsiyasi Piskarev memorial qabristoniga gulchambarlar qo‘yish marosimida ishtirok etdi. Marosim Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan bo‘lib, tinchlik va ozodlik yo‘lida jonini fido qilgan insonlarning jasoratiga hurmat ifodasi bo‘ldi.
Tanzila Narbayeva tantanali majlisda so‘zga chiqib, O‘zbekiston xalqining urush yillaridagi jasorati va mehnatini alohida e’tirof etdi. U, shuningdek, bunday tarixiy sanalar xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Ushbu sessiya O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikdagi faolligini namoyon etdi va parlamentlararo aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.