Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-dekabr kuni Yaponiyaga rasmiy tashrif doirasida Imperator Naruxito bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuvda Yaponiya Imperatori davlatimiz rahbarini samimiy qutlar ekan, tashrif Oʻzbekiston – Yaponiya doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi muhimligini ta’kidladi.
Prezident Mirziyoyev Imperator Naruxitoga hurmatini bildirib, Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlagani uchun minnatdorlik izhor etdi.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, oʻzbek va yapon xalqlari geografik jihatdan uzoqda boʻlsa-da, mentalitet, urf-odat va oilaviy qadriyatlar oʻxshashligi, shuningdek, Buyuk Ipak yoʻli davridan boshlangan tarixiy aloqalar ikki xalqni bogʻlab turadi.
Ikki tomonlama hamkorlik ayniqsa ta’lim, kadrlar tayyorlash va madaniy-gumanitar almashinuvlar sohasida kengayib borayotgani qayd etildi. Hozirga qadar 3 mingdan ortiq oʻzbekistonlik mutaxassis Yaponiyada amaliyot oʻtadi, 440 nafardan ziyodi stipendiya asosida oliy ma’lumot olgan. Shuningdek, Oʻzbekistondagi 7 ta universitetda yapon tili oʻqitilmoqda.
Joriy tashrif doirasida Tokioda Oʻzbekiston madaniyati kunlari oʻtkazildi. Kelgusi yili Yaponiyaning bir nechta shaharlarida Oʻzbekiston madaniyati va tarixiga bagʻishlangan arxeologik koʻrgazmalar tashkil qilinadi.
Uchrashuv yakunida Prezident Mirziyoyev Imperator Naruxitoga Oʻzbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishni taklif qildi.