Bugun, 2025-yil 6-aprel kuni Toshkent shahrida Parlamentlararo Ittifoqning (Pİ) 150-yubiley Assambleyasi o‘z ishini tantanali ravishda boshladi. Ushbu nufuzli xalqaro tadbirda dunyo mamlakatlari parlamentlarining vakillari ishtirok etmoqda.
Ta’kidlanishicha, Parlamentlararo Ittifoq — qonun chiqaruvchi organlar o‘rtasida global muloqot maydoni hisoblanadi. Bu platforma orqali muhokama etilgan dolzarb masalalar jahon hamjamiyati e’tiboriga havola etiladi. Tashkilotning asosiy maqsadi — parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, tinchlik, barqarorlik va o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishdir.
Bugungi Assambleya doirasida bo‘lib o‘tgan Boshqaruv Kengashi majlisida muhim qaror qabul qilindi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva 150-yubiley Assambleya Prezidenti lavozimiga bir ovozdan saylandi. Parlamentlararo Ittifoq Prezidenti Tuliya Ekson boshchiligidagi yig‘ilishda Narbayeva nomzodi keng qo‘llab-quvvatlandi.
Tanzila Narbayeva ushbu yuksak ishonch uchun minnatdorlik bildirar ekan, tarixiy ahamiyatga ega 150-Assambleya Prezidenti etib saylanish sharaf ekanini ta’kidladi.
"Xalqaro parlament hamjamiyatining yuksak ishonchi va eʼtiborini o‘zida mujassam etgan holda, Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasiga prezident etib saylanganim men uchun katta sharafdir. Shu munosabat bilan barcha aʼzo davlatlarga samimiy minnatdorchilik izhor etaman.
Maqsadimiz — ushbu tarixiy Assambleyani mazmunli va samarali muloqot maydoniga aylantirish.
Assambleya doirasidagi har bir fikr barqaror taraqqiyot va adolatli jamiyat sari qo‘yilgan muhim qadam bo‘ladi, deb ishonaman" - deb yozgan Senat raisi Telegramdagi o'z sahifasida.
Assambleyaning “Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” mavzusidagi birinchi yalpi majlisini PI Prezidenti Tuliya Ekson ochib berdi. U o‘z nutqida parlamentlarning ijtimoiy tenglik, adolat va barqarorlikni tiklashdagi o‘rni va mas’uliyatini alohida qayd etdi.
Yalpi majlis davomida Tanzila Narbayeva Prezident sifatida minbarga chiqib, O‘zbekistonda olib borilayotgan keng qamrovli ijtimoiy islohotlar, ijtimoiy himoya tizimining takomillashuvi va xalqaro hamkorlik bo‘yicha tashabbuslar haqida so‘z yuritdi. U barcha delegatsiyalarni ochiq va samimiy muloqotga chorlab, Assambleya ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Tadbir yakunida Senat Raisi barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildirib, ushbu Assambleya yangi amaliy taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishga, shuningdek, ular asosida parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.