27-mart kuni butun dunyoda Xalqaro teatr kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu sana 1961-yilda YUNESKO huzuridagi Xalqaro teatr instituti tomonidan Avstriyaning Vena shahrida bo‘lib o‘tgan IX kongressida ta'sis etilgan bo‘lib, hozirgi kunda jahonning 100 dan ziyod mamlakatida teatr san’ati xodimlarining kasb bayrami sifatida keng nishonlanadi.
Teatr inson ma'naviyatini yuksaltirishda, uning estetik didini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. San'at insonni ma'naviy jihatdan boyitadi, ijodiy qobiliyatini rivojlantiradi va ezgulik sari yetaklaydi.
O‘zbekistonda teatr san’ati rivojiga katta e'tibor qaratilib, yangi san'at maskanlari qurilib, mavjudlari zamon talablari darajasida ta'mirlanmoqda. Bugungi kunda yurtimizda 40 ga yaqin professional teatr hamda ko‘plab xalq teatrlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Xalqaro teatr kuni munosabati bilan O‘zbekistonda har yili 21–27-mart kunlari “Teatr tomoshalari haftaligi” o‘tkazilib, “Ochiq eshiklar kuni” e’lon qilinadi va davlat teatrlarida tashkil etilayotgan barcha tadbirlarga tashrif buyurish mutlaqo bepul amalga oshiriladi.
Teatr san'ati xodimlari va barcha san'at ixlosmandlarini ushbu bayram bilan muborakbod etamiz. Teatrga bo‘lgan mehrimiz yanada ortib, san'atimiz yuksak cho‘qqilarga erishishiga tilakdoshmiz!