“Andijon do‘ppisi” va “So‘qoq somsasi” geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatga olindi

Adliya vazirligi “Andijon do‘ppisi” va “So‘qoq somsasi”ni geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Qayd etilishicha, “Andijon do‘ppisi” bosh kiyimi o‘zining yuqori sifatli matolari, nozik naqshlari, o‘ziga xos shakli, shuningdek, ramziy va estetik mazmuni bilan ajralib turadi. U viloyatning hunarmandchilik an’analari, kashtachilik maktabi va madaniy ramzlariga asoslangan bo‘lib, xalq orasida o‘ziga xos hurmat va mavqega ega.

Geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi Andijon do‘ppisining kelib chiqish manbasini belgilaydi hamda uning sifati va madaniy qiymatini huquqiy jihatdan himoya qiladi.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati Parkent tumaniga qarashli So‘qoq qishlog‘iga xos bo‘lgan milliy taom — “So‘qoq somsasi” o‘zining o‘ziga xos tabiiy masalliqlari, xususan, faqat So‘qoq tog‘larida o‘sadigan xalq orasida “mador” nomi bilan tanilgan o‘simlik yoki ismaloqdan tayyorlanishi, shuningdek, betakror ta’mi va xamirining o‘ziga xos usulda tayyorlanishi bilan ajralib turadi.

Geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi “So‘qoq somsasi”ning aynan So‘qoq hududiga mansubligini belgilab, uning sifati, tarixiy ildizlari va madaniy qiymatini huquqiy jihatdan muhofaza qiladi.

Ushbu ro‘yxatga olish jarayoni Toshkent viloyati adliya boshqarmasining ko‘magida amalga oshirildi.

Ma’lumot uchun: geografik ko‘rsatkich — bu mahsulotning ma’lum hududga xosligi va aynan shu hudud tabiiy, insoniy, tarixiy omillari bilan bog‘liq alohida sifatlarga ega ekanini bildiruvchi intellektual mulk obyekti hisoblanadi.

Avvalroq Samarqand noni va tuxum barak taomi ham georgafik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatga olingandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish