Beruniy nomidagi YUNESKO-O‘zbekiston xalqaro mukofotiga arizalar qabuli boshlandi

2025-yil 16-aprel kuni Beruniy nomidagi YUNESKO–O‘zbekiston xalqaro mukofoti uchun arizalar qabuli boshlandi. Ushbu mukofot sun’iy intellekt (SI) sohasida axloqiy tadqiqotlar va inklyuzivlikni rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni e’tirof etish maqsadida ta’sis etilgan.

Beruniy mukofoti 2024-yil 22-oktabrda Parijda bo‘lib o‘tgan YUNESKO Ijroiya kengashining 220-sessiyasida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbus asosida ta’sis etilgan. Mukofot har ikki yilda bir marotaba sun’iy intellekt sohasida axloqiy me’yorlarni targ‘ib qiluvchi va xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlovchi loyihalarga beriladi.

Arizalar 2025-yil 30-iyun, Parij vaqti bilan soat 23:59 gacha qabul qilinadi. Nomzodlar ariza shaklini to‘ldirib, quyidagi elektron manzilga yuborishlari lozim: beruniy.prize@unesco.org.

Mukofot har ikki yilda bir marotaba uch nafar g‘olibga topshiriladi. Har bir g‘olib 30 000 AQSh dollari miqdoridagi pul mukofoti, “Beruniy” medali va sertifikat bilan taqdirlanadi.

Ilk taqdirlash marosimi 2025-yil noyabr oyida Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tadi.

Mukofot g‘oliblari YUNESKO Bosh direktori tomonidan ikki yillik muddatga tayinlangan, sun’iy intellekt etikasi sohasida tan olingan uch nafar xalqaro ekspertlardan iborat mustaqil hakamlar hay’ati tomonidan aniqlanadi. Ushbu hay’at faqat ilmiy mukammallik mezonlariga asoslanib, mustaqil ravishda qaror qabul qiladi.

Beruniy nomidagi YUNESKO–O‘zbekiston xalqaro mukofoti sun’iy intellekt sohasida axloqiy me’yorlarni targ‘ib qilish va xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim tashabbusdir. Ilmiy jamoatchilik vakillari ushbu imkoniyatdan foydalanib, o‘z loyihalarini taqdim etishlari mumkin.

Qo‘shimcha ma’lumot va ariza shaklini olish uchun YUNESKOning rasmiy veb-saytiga murojaat qilishingiz mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish