Davlatimiz rahbarining “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” farmoni qabul qilindi.
Ushbu muhim farmon joriy yilning 5 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yangi tizimni joriy etib, ushbu masalaga jamoatchilik, parlament va fuqarolik jamiyati institutlarini keng safarbar etish maqsadida ishlab chiqilganini ta’kidlash joiz. Qolaversa, unda vazirlik va idoralar rahbarlariga mazkur farmon hamda uning doirasida belgilangan vazifalarni sifatli, o‘z vaqtida va so‘zsiz bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik ham yuklatilgan.
Endilikda Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi har yili hududlar kesimida korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish, jumladan, maishiy korrupsiyaga barham berish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini shakllantirish bo‘yicha yo‘l xaritasini tasdiqlaydi. Shu bilan birga, yo‘l xaritasi ustidan nazoratni ta’minlaydi.
Farmonning biz senatorlar uchun muhim jihatlaridan biri unda Oliy Majlis palatalari zimmasiga alohida vazifa yuklanganidadir. Ya’ni korrupsiyaga qarshi kurashish faqat ijro hokimiyatining emas, balki qonun chiqaruvchi organlar – parlament a’zolarining ham doimiy e’tiborida bo‘lishi kerakligi belgilanmoqda. Unga ko‘ra deputat va senatorlar tomonidan har yili byudjetdan eng ko‘p mablag‘ oladigan uchta vazirlik va idorada korrupsiyaviy omillarni aniqlab, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar kiritiladi.
Shuningdek, xalqaro tajribani o‘rganib, kibermakonda korrupsiyaga qarshi samarali kurashish bo‘yicha mustahkam huquqiy baza yaratish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish, ishchi guruh tuzib “jinoyatchilikka qarshi kurashish haftaligi”da har oyning 1–5 sanalarida “qizil” toifadagi mahallalarda jinoyatlarning kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilish, hududiy prokurorlar va ichki ishlar organlari boshliqlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berish hamda xalqchil tashabbuslar asosida qonunlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish kabi muhim vazifalar oldimizda turibdi. Bu jarayonlar orqali korrupsiya xavfining asosiy “o‘choqlari”ni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqiladi.
Masalaning yana bir muhim jihati shundaki, farmon bilan Oliy Majlis palatalariga korrupsiyani oldini olish bo‘yicha alohida mas’uliyat yuklanayotganligi, ular tomonidan aniq va manzilli ishlarning amalga oshirilishi davlat mablag‘laridan maqsadli foydalanish, investorlar ishonchini mustahkamlash, mahalliy byudjetlarda sarf-xarajatlarning samaradorligini oshirish, aholi turmush sifatini yaxshilashga xizmat qiladi. Shu bois, Oliy Majlis palatalari faoliyati nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy barqarorlik nuqtai nazaridan ham muhimdir.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu farmon korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat organlari va jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, korrupsiyaga oid jinoyatlarning oldini olish va ularga zamin yaratayotgan sabab va omillarni bartaraf etishga qaratilgan muhim qadamlardir.