Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati jihatidan davlat boshqaruvini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Bu jarayonda qonun qabul qilishning o‘zi yetarli emas. Zero, amaliyot ko‘rsatganidek, eng mukammal qonun ham agar ijrosi ta’minlanmasa, kutilgan natijani bermaydi. Aynan shu nuqtai nazardan qaraganda, parlament nazorati, xususan, Senatning nazorat faoliyati davlat boshqaruvida hal qiluvchi ahamiyatga egadir.
Darhaqiqat, har qanday qonun yoki dasturning haqiqiy samarasi uning ijrosi bilan o‘lchanadi. Agar ijro tizimida uzilishlar, mas’uliyatsizlik yoki sun’iy ko‘rsatkichlar ustuvor bo‘lsa, eng yaxshi tashabbus ham arosatda qolib ketaveradi. Shu bois so‘nggi yillarda Senat faoliyatida aynan ijro ustidan nazoratni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas.
Senat majlislarida turli vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlari muntazam ravishda eshitilib kelinmoqda. Rasmiy hisobotlarda, odatda, ijobiy dinamika, amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar qayd etiladi. Bir qarashda bu ma’lumotlar davlat siyosati joylarda izchil amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi. Biroq masalaga chuqurroq nazar tashlansa, ba’zi hollarda ushbu raqamlar ortida real vaziyat to‘liq aks etmayotgani ma’lum bo‘ladi.
Masalan, bandlik sohasidagi hisobotlarda minglab yangi ish o‘rinlari yaratilgani qayd etilgan bo‘lsa-da, ayrim hududlarda aholi orasida ishsizlik muammosi saqlanib qolayotgani bor gap. Bu holat shundan dalolat beradiki, yaratilgan ish o‘rinlari ko‘pincha mavsumiy, vaqtinchalik yoki kam daromadli bo‘lib, aholining real ehtiyojlarini to‘liq qondirmayapti. Shuningdek, ayrim hollarda ish o‘rinlari hisobotlarda bor, ammo amalda ular to‘liq faoliyat yuritmayotgani ham oydinlashadi.
Senatorlarning joylarga chiqib o‘tkazgan o‘rganishlari aynan shu kabi nomutanosibliklarni ochib berib, mutasaddilarga aniq va qat’iy talablar qo‘yilishiga asos bo‘lmoqda. Binobarin, faqat rasmiy hujjatlarga tayanilsa, asl holat to‘liq ochilmaydi.
Aslida haqiqiy holatni bilish uchun hududdagi real hayotni ko‘rish va solishtirish eng to‘g‘ri yo‘ldir. Shu yo‘sinda senatorlar foydali va dolzarb qarorlar qabul qilishlari mumkin. Masalan, ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha ayrim hududlarda yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilgan bo‘lsa-da, amalda aholi hali ham suvni uzoq masofadan tashib ichishga majbur bo‘layotgan holatlar yuzaga chiqadi. Bu esa infratuzilma loyihalari to‘liq yakunlanmagani yoki ularning sifat jihatdan talabga javob bermayotganini ko‘rsatadi.
Senatorlar tomonidan bunday holatlar aniqlangach, masala yuqori darajada ko‘rib chiqilib, qo‘shimcha mablag‘ ajratish, loyihalarni qayta ko‘rib chiqish va ijro muddatlarini belgilash kabi choralar amalga oshiriladi. Eng muhimi, bu jarayon bir martagina tekshiruv bilan cheklanib qolmaydi, balki keyingi nazorat bosqichlari orqali uning ijrosi ham kuzatib boriladi. Ana shu tizimli yondashuv nazoratning haqiqiy samaradorligini ta’minlaydi.
Sir emas, Senat nazoratining muhim yo‘nalishlaridan biri - parlament so‘rovlari orqali amalga oshiriladi. Bu mexanizm davlat organlari va mansabdorlarni hisobdorlikka tortishning eng samarali usuliga aylangan.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Senat tomonidan 90 ta parlament so‘rovi yuborildi. 1 700 dan ortiq masala bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Bu so‘rovlar orqali byudjet mablag‘lari va davlat dasturlari samaradorligi, aholiga xizmat ko‘rsatish sifati aniqlandi.
Masalan, ekologik muammolar yuzasidan yuborilgan so‘rovlar natijasida atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan ayrim loyihalar qayta ko‘rib chiqilgani, qurilish sohasidagi qonunbuzilishlar aniqlanib, noqonuniy obyektlar faoliyati to‘xtatilgani kabi holatlar parlament nazoratining real ta’sir kuchiga ega ekanini ko‘rsatadi.
Ayniqsa, aholi murojaatlari asosida ko‘tarilayotgan masalalarning Senat darajasiga olib chiqilishi va ular bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishi jamoatchilikning davlat boshqaruviga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashda xizmat qilmoqda. Chunki fuqarolar o‘z muammolari yuqori darajada eshitilayotganini va ular yechim topayotganini amalda guvohi bo‘lishmoqda.
Shu bilan birga, tahlillar ko‘rsatmoqdaki, muammolarning asosiy qismi qonunlarni ishlab chiqishda emas, balki ularni ijro etish bosqichida yuzaga kelmoqda. Ijtimoiy himoya, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va sog‘liqni saqlash kabi sohalarda qabul qilingan qonunlar mazmun jihatidan yetarlicha puxta bo‘lsa-da, ularning amalda to‘liq ishlamayotgani kuzatilmoqda. Bu esa, avvalo, quyi bo‘g‘indagi mas’uliyatning yetarli emasligi, byurokratik to‘siqlar va nazorat mexanizmlarining to‘liq ishlamayotganidan dalolatdir.
Masalan, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yaratilgan imtiyozlar amalda ba’zan ortiqcha hujjat talablari yoki mahalliy darajadagi sun’iy to‘siqlar sabab to‘liq ishlamayapti. Bu esa qonunning mazmuni emas, balki uning ijrosida muammo borligini anglatadi. Senat aynan shu nuqtaga - ijro tizimining eng “og‘riqli joyi”ga e’tibor qaratayotgani tahsinga sazovordir.
So‘nggi yillarda Senat faoliyatida ochiqlikni ta’minlash borasida ham sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Majlislar, muhokamalar va qabul qilinayotgan qarorlar ommaviy axborot vositalari orqali yoritilib, jamoatchilikka yetkazilmoqda. Bu, o‘z navbatida, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Biroq ochiqlikni ta’minlashda yana bir muhim jihat bor. Bu erishilgan natijalarni ko‘rsatishdir. Ya’ni, faqat qabul qilingan qarorlar yoki o‘tkazilgan yig‘ilishlar haqida ma’lumot berish emas, balki ular natijasida qanday o‘zgarishlar bo‘lganini ochiq va aniq ko‘rsatish zarur. Chunki jamoatchilik uchun jarayon emas, natija muhim.
Umuman olganda, Senatning nazorat faoliyati so‘nggi yillarda mazmun jihatidan boyib, tizimlashib bormoqda. Muammolar aniqlanmoqda, mas’ullar hisobdor bo‘lmoqda va ayrim sohalarda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Biroq bu jarayonni yanada samarali qilish uchun nazoratning ta’sirchanligini oshirish, qarorlar ijrosini izchil va qat’iy kuzatib borish, quyi bo‘g‘inda shaxsiy mas’uliyatni kuchaytirish kabi masalalar dolzarbligicha qolmoqda.
Chunki bir haqiqat bor. Kuchli nazorat tizimi mavjud bo‘lgan joyda davlat boshqaruvi samarali ishlaydi. Aks holda esa eng yaxshi qonunlar ham qog‘ozda qolib ketishi muqarrar.