Jadidchilikda qizlar ta’limi

14.08.2026 10:09
4396

XX asr boshlarida Turkistonda jadidlar maktab, darslik va matbuot orqali jamiyatni yangilash haqida gapira boshlaganida, muhim bir savol ham kun tartibiga chiqdi: agar yangi avlodni tarbiyalaydigan onaning o‘zi ta’lim olish imkoniga ega bo‘lmasa, jamiyat qanday taraqqiy etadi?

Ayollar masalasi jadidchilikning dastlabki davridayoq bir zumda markaziy mavzuga aylangan, deyish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Biroq XX asr boshlariga kelib qizlarning savodxonligi, ayollarning jamiyatdagi mavqei, oila, nikoh va tarbiya masalalari jadid matbuoti va adabiyotida tobora ko‘proq muhokama qilina boshladi.

Turkistonda qizlar ta’limi jadidlardan boshlanmagan.

Jadidlardan oldin qizlar qayerda o‘qigan?

XIX asr Turkistonda qizlarning an’anaviy ta’lim shakllari mavjud bo‘lgan. Ular ko‘pincha otinoyi, otin yoki xalfa deb atalgan savodli ayollar huzurida ta’lim olgan. Bunday maktablar ko‘pincha ayol muallimaning uyida faoliyat yuritgan.

Qizlarga Qur’on o‘qish, diniy-axloqiy bilimlar, ayrim hollarda yozuv va adabiy matnlar o‘rgatilgan. Shuning uchun “jadidlar kelguniga qadar musulmon qizlari umuman ta’lim olmagan” degan tasavvur tarixiy jihatdan noto‘g‘ri.

Buni Sadriddin Ayniyning hayotidan ham ko‘rish mumkin. Uning “Esdaliklar”ida maktabxonlik davri batafsil tasvirlangan. Keyingi biografik manbalarda yosh Sadriddin bir muddat qishloq mullasining rafiqasi - Bibi Xalifa boshqargan maktabda ham o‘qigani qayd etiladi. Bu ayollar boshqaradigan an’anaviy maktablarning o‘sha davr ta’lim muhitidagi o‘rnini ko‘rsatadigan qiziqarli misollardan biridir. Demak, jadidlar qizlar ta’limini noldan yaratmaganlar. Ular mavjud an’anani yangi o‘quv dasturi va yangi pedagogik usullar bilan kengaytirishga intilganlar.

Bolaning tarbiyasi faqat maktabda kechmaydi. U hayotining dastlabki yillarini oilada, ko‘p hollarda ona tarbiyasida o‘tkazadi. Shuning uchun jadid adabiyoti va publitsistikasida savodli ona - savodli avlod g‘oyasi tobora kuchaydi.

Bu yerda jadidlarning ayollar ta’limiga munosabatini bugungi gender tengligi tushunchalari bilan aynan bir xil deb talqin qilishdan ehtiyot bo‘lish kerak. Ularning qarashlari o‘z davrining diniy, ijtimoiy va oilaviy tasavvurlari doirasida shakllangan.

Ko‘plab jadidlar ayolning ta’lim olishini, avvalo, uning farzand tarbiyachisi va oilaning ma’naviy tayanchi sifatidagi o‘rni bilan asoslaganlar. Boshqa jadid matnlarida esa masala kengroq - ayolning huquqlari, nikoh, meros va jamiyatdagi mavqei bilan bog‘liq holda qo‘yila boshladi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy meros va boshqa huquqiy masalalarda ayollarning haq-huquqlari buzilishini ham tanqid qilgan. Bu ayollar masalasi jadid tafakkurida faqat “qizlarni maktabga yuborish” bilan cheklanmaganini ko‘rsatadi. 

Samarqanddagi muhim tajriba

Qizlar uchun yangi usul ta’limini yo‘lga qo‘yishga doir eng qiziqarli hujjatlardan biri Samarqand bilan bog‘liq. Abduqodir Shakuriy Turkistondagi mashhur jadid muallimlaridan edi. Uning maktabida boshlang‘ich va yuqori sinflar mavjud bo‘lib, bir necha muallim va yordamchilar faoliyat yuritgan.

1913-yil 2-aprelda “Tarjimon” gazetasida e’lon qilingan “Samarqanddan maktub”da Shakuriy o‘z maktabi haqida ma’lumot berib, qizlar uchun ham maktab ochganini bildirgan. Bu ma’lumot zamonaviy tadqiqotlarda o‘sha davr matbuotiga tayangan holda qayd etilgan. Yangi usul maktabi endi faqat o‘g‘il bolalarni yangicha o‘qitish tajribasi bo‘lib qolmay, qizlar ta’limiga ham tatbiq etila boshlaganini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, 1913-yilda Shakuriy qizlar uchun maktab ochgan ekan, demak butun Turkistonda qizlar uchun jadid maktablari keng tarqalgan edi, degan xulosaga kelish noto‘g‘ri bo‘ladi. Bunday maktablar hali kam edi va ularning imkoniyatlari hududga qarab keskin farqlangan.

Jadidlarning oldida o‘g‘il bolalar maktablarida mavjud bo‘lgan muammolardan tashqari yana bir murakkab vazifa turardi.

Qizlarni kim o‘qitadi?

Yangi usulni biladigan ayol muallimalar yetarli emas edi. Erkak muallimning katta yoshdagi qizlarga dars berishi esa o‘sha davrning ijtimoiy me’yorlari sabab hamma joyda ham maqbul hisoblanmagan. Bundan tashqari, ota-onalarni qizlarini yangi maktabga yuborishga ishontirish kerak edi. Maktab uchun bino, darslik va mablag‘ topish zarur bo‘lgan.


Shuning uchun qizlar ta’limini kengaytirish faqat yangi pedagogik metod yaratish emas, balki yangi ayol muallimalar avlodini tayyorlash masalasini ham yuzaga chiqardi.

Bu jarayon ayniqsa 1917-yildan keyingi siyosiy o‘zgarishlar davrida tezlashdi. Keyingi yillarda Toshkent, Andijon, Qo‘qon va boshqa shaharlarda qizlar maktablari paydo bo‘lib, ayol muallimalar ta’lim jarayoniga faolroq kirib kela boshladilar. Biroq bu bosqichni XX asr boshidagi klassik jadidchilik bilan aralashtirmaslik kerak - yangi siyosiy sharoit ta’lim tizimini tubdan o‘zgartirgan edi.

 

XX asr boshidagi yangi matbuot va adabiyotda nikoh, oiladagi munosabatlar, ayolning huquqlari, farzand tarbiyasi va jamiyatdagi mavqei muhokama qilina boshladi. Bu o‘zgarishning o‘zi muhim edi. Ilgari ko‘proq oilaning ichki masalasi hisoblangan mavzular endi gazeta va jurnallarda jamoatchilik muhokamasiga olib chiqildi.


Jadidlar o‘rtasida ham bu masalada yagona qarash bo‘lmagan. Ularning ayrimlari ancha ehtiyotkor islohotlarni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, boshqalari jamiyatdagi o‘zgarishlarni kengroq tasavvur qilgan. Shuning uchun “jadidlar ayollar ozodligi tarafdori bo‘lgan” kabi umumiy jumla tarixiy jarayonning murakkabligini to‘liq bermaydi. To‘g‘rirog‘i, jadidlar ayolning ta’limi va oiladagi mavqeini jamiyat taraqqiyoti haqidagi katta munozaraning bir qismiga aylantirdilar.

Jadidchilik tarixini ko‘pincha “eski” va “yangi”ning keskin to‘qnashuvi sifatida tasvirlaymiz. Amalda esa ular o‘rtasidagi chegara bundan murakkabroq edi. Masalan, Shakuriyning oilasi ham an’anaviy ta’lim muhiti bilan bog‘liq edi. Turkistonning ko‘plab ziyolilari dastlab eski maktab va madrasalarda tahsil olib, keyinchalik aynan shu tizimni isloh qilishga kirishganlar.

Ayollar ta’limida ham shunga o‘xshash jarayon kuzatiladi: otinoyilar orqali shakllangan ayollar savodxonligi an’anasi mavjud edi, jadidlar esa uni yangi usuldagi savod, bosma darsliklar va kengroq fanlar bilan boyitishga harakat qildilar. Shu sababli qizlar uchun jadid maktabini “Turkistondagi ayollar ta’limining boshlanishi” deb emas, ayollar ta’limi tarixidagi yangi bosqich deb baholash aniqroq.

 

Jadidlar oldida juda oddiy, ammo o‘z davri uchun katta oqibatlarga ega savol turardi: Maktabni o‘zgartirib, jamiyatning yarmini ta’limdan chetda qoldirish mumkinmi?

 

Qizlar maktablari Turkiston bo‘ylab bir vaqtda paydo bo‘lmadi. Yangi ta’lim hamma oilalar tomonidan bir xil qabul qilinmadi. Malakali ayol muallimalar yetishmasdi. Moddiy imkoniyatlar ham cheklangan edi. Ammo XX asr boshlariga kelib muhim o‘zgarish yuz berdi: qizning ta’lim olishi faqat alohida oilaning shaxsiy masalasi emas, jamiyatning kelajagi bilan bog‘liq masala sifatida muhokama qilina boshladi. Jadidlarning bu boradagi qarashlari bugungi tushunchalar bilan bir xil emas. Lekin ular Turkistonda ayollar ta’limi haqidagi munozarani yangi bosqichga olib chiqganlari shubxasiz.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish