13-oktabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Birlashgan kurash dunyosi (United World Wrestling) rahbari Nenad Lalovichni qabul qildi. Uchrashuvda O‘zbekiston va xalqaro tashkilot o‘rtasida yakkakurash turlarini rivojlantirish hamda ommalashtirish yo‘nalishidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Davlat rahbari ta’kidlaganidek, mamlakatimizda so‘nggi yillarda yunon-rum kurashi, erkin va ayollar kurashi, shuningdek, aralash jang san’atlari jadal sur’atlarda rivojlanmoqda. O‘zbek sportchilari xalqaro musobaqalarda 45 ta yuksak sovrinni, jumladan, Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatidagi oltin medallarni qo‘lga kiritgani qayd etildi.
Muzokaralar chog‘ida Nenad Lalovich Yangi O‘zbekistonda sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. U mamlakatda zamonaviy infratuzilmaning yaratilayotgani, nufuzli turnirlar o‘tkazilayotgani va yoshlarni sportga keng jalb etish bo‘yicha amaliy ishlar natija berayotganini ta’kidladi.
Suhbat davomida O‘zbekistonda qit’a va jahon chempionatlarini tashkil etish, Birlashgan kurash dunyosi shafeligida Mintaqaviy kurash akademiyasini ta’sis etish, sport tibbiyoti, diyetologiyasi va psixologiyasi sohalarida hamkorlik qilish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bolalar va yoshlar o‘rtasida yakkakurash turlarini ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni saralash hamda tayyorlash tizimini takomillashtirish zarurligini ta’kidladi. Davlat rahbariga ko‘ra, mahallalardagi to‘garaklardan tortib, sport mahorati maktablari va ixtisoslashgan markazlargacha bo‘lgan infratuzilmani rivojlantirish kelgusida Olimpiya va jahon chempionatlarida yangi muvaffaqiyatlarga zamin yaratadi.
Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Nenad Lalovichni O‘zbekistonda ommaviy sport va yakkakurash turlarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun "Do‘stlik" ordeni bilan taqdirladi.