SHHT: tenglik va ishonchga asoslangan zamonaviy hamkorlik modeli

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti O‘zbekiston uchun amaliy diplomatiya va o‘zaro ishonch maktabiga aylangan muhim tuzilma hisoblanadi. Aynan shu yerda tenglik, ichki ishlariga aralashmaslik va milliy manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan noyob hamkorlik modeli shakllanmoqda. Biz tashkilot faoliyatining gumanitar va madaniy jihatlariga alohida e’tibor qaratamiz, uni mintaqa xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlash vositasi deb bilamiz.

Qayd etish joizki, bugungi kunda SHHTning roli ancha kengaydi. Ya’ni tashkilot faqatgina mintaqaviy masalalar bilan shug‘ullanib qolmayapti. Terrorizm va ekstremizm tahdidlaridan tortib, iqlim va energetika xavf-xatarlarigacha bo‘lgan global chaqiriqlar sharoitida tashkilot platformasi sa’y-harakatlarni birlashtirish uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda. SHHTda ishtirok etish faol va ochiq tashqi siyosat yuritayotgan Yangi O‘zbekistonning strategik maqsadlariga mos kelishini, uning xalqaro nufuzini mustahkamlashini va adolatli, barqaror jahon tartibini qurishga yordam berishini namoyish etish uchun muhim platforma bo‘lib bormoqda.

Xabaringiz bor, Xitoyning Tyantszin shahri SHHTning 25 yillik yubiley sammitiga mezbonlik qildi. Uni tashkilot tarixidagi eng yirik tadbirlardan biri deb atash mumkin. U shunchalik jadal rivojlanayotgan megapolisda — zamonaviy osmono‘par binolar qadimiy madaniy an’analar bilan yonma-yon joylashgan Bohay qo‘ltig‘i markazida o‘tgani ramziy ma’noga ega. Aynan shu yerda, “Meijiang” xalqaro kongress va ko‘rgazma markazida davlat rahbarlari mintaqa va dunyo kelajagini muhokama qilish uchun to‘plandilar.

Forum formati ham uning miqyosini yaqqol ko‘rsatdi — “SHHT plyus” shaklidagi haqiqiy siyosiy marafon bo‘ldi. Unda tashkilotga a’zo davlatlar, kuzatuvchi mamlakatlar hamda yetakchi xalqaro tashkilotlar vakillari bir stol atrofida jam bo‘ldilar. Ta’kidlash joizki, mehmonlar orasida yigirmadan ortiq jahon yetakchilari bo‘lib, ularga XXR rahbari Si Tszinpin raislik qildi. Kun tartibidan xavfsizlik, terrorizm, narkobiznesga qarshi kurash, transport yo‘laklarini mustahkamlash va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalalari o‘rin oldi.

Tyantszin sammiti Sharq o‘z siyosiy yetukligini va ko‘p qutbli dunyo kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyorligini namoyish etgan maydonga aylandi. Bu yerda nafaqat mintaqa strategiyasi, balki SHHT davlatlari dunyo tenglikka, madaniy xilma-xillikni hurmat qilishga va birgalikda rivojlanishga muhtoj ekanini e’lon qilayotgan yangi global muloqot shakllanmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida tashkilot ulkan iqtisodiy, intellektual, resurs va texnologik salohiyati bilan global noaniqlik sharoitida muhim o‘rin tutishini alohida qayd etdi. Bugungi kunda ishonch inqirozi, mojarolarning avj olishi, ko‘p tomonlama institutlarning zaiflashuvi va jahon savdo tizimining parchalanishi oqibatida xalqaro xavfsizlik me’morchiligi jiddiy sinovlarni boshdan kechirmoqda. Bu esa jahon barqarorligi asoslariga putur yetkazmoqda. Bunday sharoitda o‘zaro anglashuv va hamjihatlik poydevoriga qurilgan SHHT shunchaki hamkorlik maydoni emas, balki mintaqaviy miqyosda tinchlikni himoya qilishning haqiqiy mexanizmi hisoblanadi.

SHHT qadriyatlari orasida teng huquqlilik, o‘zaro hurmat va hamkorlik muhim o‘rin tutadi. Aynan shunday tamoyillar barcha ishtirokchilarning manfaatlarini hisobga olishga va zamonaviy muammolarga yechim topishga imkon beradi. Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, tashkilot ovozi tinchlik va barqaror taraqqiyot g‘oyalari bilan birlashgan ishtirokchi davlatlarning siyosiy irodasi ramzi sifatida yanada balandroq va ishonchliroq yangrashi lozim.

O‘zbekiston o‘z navbatida, institutsional o‘zgarishlar va tashkilotni kengaytirish orqali SHHTni mustahkamlashga faol hissa qo‘shmoqda. Samarqand sammitidan boshlangan, uning tuzilmasini isloh qilish, samaradorlikni oshirish va qarorlarni amalga oshirishga qaratilgan jarayon alohida ahamiyatga ega. Fikrimizcha, SHHTni kengaytirishni davom ettirish muhim, chunki tashkilot modelining muvaffaqiyati uning ochiqligi va keng ko‘lamli xalqaro hamkorlikka tayyorligi bilan belgilanadi. Bu yondashuv SHHTni nafaqat mintaqaviy, balki Global Janub mamlakatlari uchun ham o‘zaro hamkorlikning ko‘p tomonlama platformasiga aylantirishga yordam beradi.

Mazkur jarayonda xavfsizlik asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston SHHT doirasida yadroviy xavfsizlik bo‘yicha deklaratsiya qabul qilish g‘oyasini ilgari surmoqda. Bu deklaratsiya tarqatmaslik va favqulodda vaziyatlarga javob qaytarish asosini yaratish bilan birga, BMT shafeligida amalga oshirilayotgan global tizimga ham hissa qo‘shadi. Shuningdek, mamlakatimiz Ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlari kengashi ishini tiklash, jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha tegishli kelishuvni qayta ko‘rib chiqish hamda giyohvandlikka qarshi kurashish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan dastur ishlab chiqishni taklif qilmoqda. Konstruktiv muloqot va Afg‘onistondagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maydoni sifatida “SHHT – Afg‘oniston” Muloqot guruhi faoliyatini qayta tiklash tashabbusi ham alohida e’tiborga loyiq.

Iqtisodiy sohada O‘zbekiston SHHT makonida barqaror hamkorlik modellari shakllantirish vazifasini belgilamoqda. Bunda mintaqaviy tovar aylanmasini rag‘batlantirish uchun savdo jarayonlarini soddalashtirish bo‘yicha kelishuv imzolashga ustuvor e’tibor qaratilmoqda. Bundan tashqari, logistika zanjirlarini rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish borasidagi sa’y-harakatlar alohida ta’kidlandi. Taklif etilgan tashabbuslar orasida muhim materiallar bo‘yicha mintaqaviy markaz, “yashil” energetikani rivojlantirish uchun energetika konsortsiumi, venchur tuzilmalar tarmog‘i, shuningdek, biznes aloqalar va investitsiyalarni targ‘ib qilish uchun maxsus elektron portal yaratish alohida o‘rin tutadi. Fikrimizcha, vakolatli vazirlar darajasida sanoat-infratuzilma loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni jadallashtirish ham muhim vazifadir.

Transport sohasidagi hamkorlik strategik o‘sish yo‘nalishi sifatida belgilangan. Bular orasida Markaziy Osiyo orqali Fors ko‘rfazi va Hind okeaniga chiqish imkonini beruvchi “Shimol–Janub” va “Sharq–G‘arb” yo‘laklari ulkan salohiyatga ega. “Yagona SHHT transport makoni”ni shakllantirish va uni “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi bilan uyg‘unlashtirish multimodal tarmoqlar, raqamli platformalar va “yashil” yo‘laklarning rivojlanishini ta’minlaydi.

O‘zbekiston “yashil” transformatsiya muhimligini, jumladan, “yashil” sanoat sohasidagi hamkorlik, iqlimga moslashish, chiqindilarni kamaytirish, sun’iy intellekt yordamida ekologik xavf-xatarlarga qarshi kurashish masalalarini ta’kidlamoqda. Bularning barchasi mintaqaviy platformani talab qiladi.

Xulosa qilib aytganda, sammitda qabul qilingan Tyantszin deklaratsiyasi, SHHTning 2035 yilgacha bo‘lgan rivojlanish strategiyasi va yakuniy hujjatlar ko‘p qirrali hamkorlik hamda zamonaviy davr muammolariga samarali javob berish uchun ishonchli asos bo‘lib xizmat qiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish