Ta’lim va iqtisodiyot uzviyligi taraqqiyotga xizmat qiladi

Keyingi sakkiz yil mobaynida mamlakatimizda ta’lim va tarbiya sohasida amalga oshirilgan islohotlar butun jamiyat taraqqiyotiga o‘zining ijobiy samarasi­ni ko‘rsatdi. Aynan shu davrda joriy etilgan o‘zgarishlar va shakllantirilgan yangicha yondashuvlar nafaqat ta’lim tizimini, balki mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy va intellektual qiyofasini tubdan yangiladi. Aslida, ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan har qanday islohot uzoq muddatli taraqqiyotning asosiy poydevori ekani barcha rivojlangan mamlakatlar tajribasida o‘z isbotini topgan.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, iqtisodiyot qanchalik mustahkam bo‘lsa, ta’lim rivojlanadi. Ta’lim sifati yuqori bo‘lgan mamlakatda esa iqtisodiyot barqaror o‘sadi. Bu o‘zaro bog‘liq jarayon, hayot qonuni.

Bu mantiqiy bog‘lanishni O‘zbekiston misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Keyingi yillarda mamlakat iqtisodiyoti ikki barobar o‘sdi. Jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad 3,5 ming dollarga yetishi, yalpi ichki mahsulot hajmi 130 milliard dollarga yaqinlashishi kutilmoqda. Bu nafaqat makroiqtisodiy barqarorlikning belgisi, balki aholi turmush darajasi, ta’lim sifati, sog‘liqni saqlash imkoniyatlari va ijtimoiy himoyaning rivojlanishida o‘z aksini topayotgan jarayondir. Tahlil qilinsa, ushbu o‘sish faqat raqamlar orqali emas, balki xalqning kundalik hayotida sezilayotgan yangilanishlar orqali ham namoyon bo‘lmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, iqtisodiy o‘sishning tub omillaridan biri sifatida xorijiy sarmoyalarning faol jalb etilayotganini ko‘rsatish mumkin. So‘nggi sakkiz yilda mamlakatga 130 milliard dollar miqdorida xorijiy investitsiyalar kiritildi. Avvallari investitsiyalar asosan xomashyo va tabiiy resurslarga qaratilayotgan bo‘lsa, hozirgi kunda ularning yo‘nalishi mutlaqo o‘zgarib, yuqori texnologiyali sohalar, infratuzilmani yaxshilash, yangi ishlab chiqarish tarmoqlari tashkil etish hamda ta’lim va fanni rivojlantirish kabi sohalarni qamrab olmoqda. Bu esa investitsiya muhitining yaxshilanishi, davlat boshqaruvidagi ochiqlik va raqobatbardosh iqtisodiyot yaratishga qaratilgan siyosatning samarasi sifatida qaralmoqligi lozim.

Eksport hajmidagi o‘sish ham iqtisodiy islohotlar yaxshi samaralar berayotganidan darak beradi. Bu yil eksport 25 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Buning ortida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, yangi bozor­larga chiqish, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish kabi muhim jarayonlar turibdi. E’tiborli jihati shundaki, bunday iqtisodiy o‘sish faqat ichki resurslar evaziga emas, balki inson kapitaliga qaratilgan ustuvor siyosat natijasida amalga oshirilmoqda.

Yana ta’lim masalasi haqida gapiradigan bo‘lsak, haqiqatan ham keyingi yillarda yurtimiz ta’lim tizimida amalga oshirilgan o‘zgarishlar butun mamlakat miqyosida sezilarli o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’limgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda sifat va imkoniyatlar yaxshilandi. Yangi maktablar qurilishi, ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish va malakasini oshirish, o‘quv dasturlarini yangilash hamda zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish – bularning barchasi ta’limda sifatli o‘zgarishlarga olib kelmoqda.

Ayniqsa, ta’limning mazmun jihatdan boyitilishiga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, xalqaro standartlarga mos o‘quv dasturlari joriy etildi, ta’lim muassasalarida raqamlashtirish va elektron boshqaruv tizimlari keng joriy qilindi. Xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik kengaytirilib, ularning filiallari ochildi. Bu esa mahalliy yoshlarning yurtimizni tark etmasdan, jahon darajasidagi bilimlarga ega bo‘lishini ta’minlamoqda.

Bundan tashqari, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi aloqaning mustahkamlanishi ham muhim tendensiya sifatida namoyon bo‘lmoqda. Talabalarni bozor ehtiyojlariga mos ravishda tayyorlash, ularni amaliy ish jarayonlariga jalb etish, ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy qilish orqali ta’lim tizimi iqtisodiyotning muhim bo‘g‘iniga aylanib bormoqda. Bu jarayonda yangi avlod kadrlari shakllanmoqda. Ular nafaqat bilimga, balki innovatsiya, kreativ fikrlash va yangi yechimlarni topishga intilayotgan mutaxassislar bo‘lib yetishayotgani alohida e’tiborga molik.

Prezidentimiz tomonidan ta’lim va iqtisodiyot bir-biriga chambarchas bog‘liq bo‘lib, har ikkisi mamlakat taraqqiyotida hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani alohida qayd etildi. Ta’limgа investitsiya bugungi iqtisodiy o‘sishni ta’minlabgina qolmay, kelajakda uni yanada yuqori bosqichga olib chiqadi. Zotan, bugungi yoshlarga qaratilgan e’tibor – ertangi barqaror taraqqiyotning kafolatidir.

Bir so‘z bilan aytganda, keyingi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyot va ta’lim sohalarida amalga oshirilgan o‘zgarishlar o‘zaro uzviy holda rivojlanmoqda. Iqtisodiy o‘sish va sarmoyalar oqimi ta’lim sohasiga ko‘proq imkoniyat yaratmoqda, ta’limdagi sifat va innovatsiyalar esa mamlakatning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlamoqda. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, ta’lim va iqtisodiyot birgalikda taraqqiyotni ta’minlaydigan ikki asosiy yo‘nalishdir. Aynan shu bog‘liqlik Yangi O‘zbekistonni qurish jarayonida hal qiluvchi ahamiyatga ega, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish