Sifatli ta’lim taraqqiyot drayveri

Bugungi kunda dunyoda kuchli ijtimoiy, ilmiy va texnologik raqobat kechmoqda. Bunday sharoitda faqatgina kuchli bilimga ega xalq barqaror rivojlanadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning siyosiy qat’iyati, tashabbusi, jonku­yar­ligi va doimiy talabchanligi bilan O‘zbekistonda keyingi sakkiz yil davomida ta’lim tizimi tubdan isloh qilindi. Eng quyi bo‘g‘indan boshlangan islohotlar bugun o‘zining ijobiy natijasini bermoqda.

Mamlakat yetakchisining ketma-ket qabul qilgan qarorlari ta’limning barcha bo‘g‘inlarida jiddiy islohotlar olib borilmoqda. Odamlarimiz bu borada adolat va ishonchni seza boshladi. O‘qituvchi va o‘quvchini majburiy mehnatga jalb qilishga nisbatan, umuman, barcha turdagi qonun buzilishlarga jamiyatda keskin murosasizlik kayfiyati shakllandi. Uzoq yillar kutilgan bu voqealar ham tarixiy, ham siyosiy nuqtai nazardan juda katta ahamiyatga ega edi. Jamiyatda yalpi uyg‘onish paydo bo‘ldi.

Keling, shu o‘rinda o‘tgan asr o‘rtalaridagi xalqaro tajribaga yuzlansak. Xususan, Germaniya Ikkinchi jahon urushidagi og‘ir talofotlardan so‘ng, iqtisodiyot va boshqa sohalardagi tiklanishni ta’lim tizimini isloh qilishdan boshladi.

Urushdan keyingi vayrona ahvolda bo‘lishiga qaramasdan, davlat butun e’tiborini inson kapitaliga, ya’ni bolalar va yoshlarning tarbiyasi, ta’limiga qaratdi. O‘qitish tizimi tubdan yangilandi, ta’limda tenglikka erishish, barcha bolalar uchun bir xil sifatli bilimni ta’minlash ustuvor maqsad sifatida belgilandi.

Shuningdek, qat’iy tartib-intizom, mas’uliyat va mehnatsevarlik kabi qadriyatlar ta’lim jarayoniga mustahkam singdirildi. Bu, o‘z navbatida, Germaniyaning jadal ravishda tiklanishi va global miqyosda o‘z o‘rniga ega bo‘lishini ta’minladi.

Singapur esa islohotlarda “til + malaka + o‘qituvchi” formulasiga tayandi. Ta’limni sanoat va ishlab chiqarish bilan mustahkam bog‘ladi. Mamlakatning bugungi qudrati 50 yil avval ko‘rilgan choralar natijasidir.

O‘zbekistonda ta’limdagi islohotlar 3 ta uzviy halqa asosida amalga oshirilmoqda: kun tartibida turgan muammolarni chuqur o‘rganish, tahlil qilish va ta’sirchan choralarni ko‘rish. Aynan mana shu uslub sa’y-harakatlarning natijadorligini ta’minlamoqda. O‘zgarishlar odamlarning hayotida sezilmoqda.

Davlat rahbari tashabbusi bilan ta’limning sifati, infratuzilmasi, zamonaviy uslublari, o‘qituvchilarning maoshi va moddiy rag‘batlantirish tizimi bir-biriga uyg‘un holda modernizatsiya qilinib bormoqda.

Prezidentimizning Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida o‘qituvchi va murabbiylar bilan muloqotida ta’kidlanganidek, 2017 yildagi holatga nazar tashlasak, mamlakat bo‘ylab 4 mingdan ortiq mahallada umuman bog‘cha mavjud emas edi, qamrov darajasi esa atigi 27 foizni tashkil etardi. Bu esa minglab bolalarni maktabgacha ta’lim imkoniyatlaridan mahrum qilib kelayotgan edi.

Bugungi kunda esa bu borada keskin ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Respublikamizda bog‘chalar soni 38 mingdan oshdi, qamrov darajasi esa 78 foizga yetdi. Bu ko‘rsatkich maktabgacha ta’limda sifat va imkoniyatlar kengayayotganini yaqqol namoyon etmoqda.

Yaqinda ta’lim sohasida e’lon qilingan yangi imtiyoz va imkoniyatlar hisobidan esa endilikda birorta ham mahallan­ing bog‘chasiz qolmasligi, qamrov darajasi esa 80 foizdan kam bo‘lmasligi belgilab qo‘yildi. Bu orqali har bir bolaga teng imkoniyat yaratish maqsad qilingan.

Bundan tashqari, soha xodimlarining moddiy rag‘batlantirilishi ham ustuvor masala sifatida ko‘rilmoqda. Bog‘cha tarbiyachilari maoshi maktab o‘qituvchilari darajasiga tenglashtirildi. Bir so‘z bilan aytganda, bog‘chalardagi rahbar va pedagog xodimlarning maoshi qariyb ikki barobar oshirildi.

Bunga qo‘shimcha ravishda, xususiy bog‘chalarda ham davlat ko‘magi kuchaytirildi. Yangi joriy etilayotgan tizimga ko‘ra, xususiy bog‘chalardagi tarbiyachilarning oylik maoshi hamda bola xarajatlarining ma’lum qismi davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi. Bu esa xususiy sektor faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bilan birga, ta’lim sifatining barqaror o‘sishiga olib kelishi kutilmoqda.

Qisqasi, maktabgacha ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar bolalarning barcha qatlamlarini qamrab olish, pedagoglarning moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanishi hamda ta’lim sifati yaxshilanishiga xizmat qilmoqda.

Bu islohotlar natijasida xalqimiz tafakkurida ta’lim berishga va ta’lim olishga nisbatan kuchli ishtiyoq hamda rag‘bat uyg‘onmoqda. Bu rag‘bat va ishonch “ta’lim maskani – oila – ustoz – shogird” o‘rtasida umumiy maqsadga erishishning mustahkam ko‘prigini yaratdi.

Bugungi kunda bilim va innovatsiyalar mamlakat iqtisodiyotining bosh omiliga aylandi. Ma’rifiy modernizatsiyaning izchilligi ta’minlanmoqda. Samarali bilim transferlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston global ta’lim integratsiyasiga shiddat bilan qo‘shilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, bugun mamlakatimizda ta’lim nafaqat strategik maqsadlardan biri, balki ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-madaniy kapitalning asosi bo‘lib, vatandoshlarimiz ongiga singib bormoqda. Bu, albatta, jamiyatning taraqqiyotga bo‘lgan kuchli intilishini ta’minlaydi.

Prezidentimizning joriy yil 15 sentyabr kuni ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhiga davlat mukofotlarini tantanali topshirgani hamda ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchi va murabbiylarni yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi imkoniyat va imtiyozlarni e’lon qilgani bu boradagi ezgu ishlar uzviy ekanligini yana bir bor ifoda etdi.

Dunyoda raqam­lashayotgan jamiyatlar tobora ko‘paymoqda. Barcha mamlakatlar ijtimoiy taraqqiyot drayveri sifatida aynan ta’limni belgilamoqda. Mana shunday global vaziyatda davlatimiz rahbarining qo‘llab-quvvatlashi bilan O‘zbekistonda barqaror intellektual taraqqiyot jarayonlarining samarasi ko‘ryapmiz. Ta’lim orqali milliy raqobatbardoshlik ko‘rsatkichlari ta’minlanmoqda. Bu — bugun va kelajak uchun juda muhim.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish